Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi davomida oilaviy bolalar uyi tashkil etgan ota-onalar bilan ham uchrashdi.
 
Xususan, viloyatimizda ham birinchilardan bo‘lib, Kitob tumanidagi 5-son va Qamashidagi 4-son Mehribonlik uylari yopilib, u yerda tarbiyalanganlarning bir qismi yaqinlari bag‘riga qaytgan bo‘lsa, yana bir qismi oilaviy bolalar uylariga qabul qilingan.
 
Prezidentning Qashqadaryoga safari chog‘ida shunday mehribon insonlar - Husan Xolliyev va Gulbahor Xonimova, Shokir Suyunov va Gulbahor Hamidova, Baxtiyor To‘rayev hamda Gulbahor Allanazarova oilalari bilan uchrashdi.
 
- Davlatimiz siyosatini amalga oshirib, bolalarning boshini silab, oilangiz bag‘riga olganingiz uchun sizlarga ta’zim qilib, rahmat aytaman, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Siz o‘zligimizni, xalqimiz ma’naviyatini namoyon etib, namuna bo‘layapsiz. Bu qiyin, buni hamma ham tushunmasligi mumkin. Lekin bu savob ishning ajru mukofoti juda ulkan. Siz tarix yaratayapsiz, o‘zingizga ma’naviy haykal qo‘yayapsiz. Xalqimiz bunday olijanob fazilatlarni yuksak qadrlaydi.
 
Shuningdek, davlat rahbari bolajonlarga ham murojaat qilib, dalda berdi.
 
- Hayot o‘nqir-cho‘nqir, sinovlardan iborat. Hozir sizlar uchun sinov. Lekin, men ishonaman, kelajakda tengdoshlaringga o‘rnak bo‘lasizlar. Mehnat, mashaqqatsiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Men ham bolaligimda qiyinchilik ko‘rib, katta bo‘lganman. Sizlar har doim davlatimizning e’tiborida bo‘lasiz: ta’lim-tarbiyangiz, o‘qishlarga kirishingizni nazoratga olamiz. Xudo xohlasa, kamolingizni ko‘rish hammamizga nasib etsin, - dedi davlat rahbari.
 
Viloyatimizda tashkil etilgan jami 16 ta oilaviy bolalar uylarida 98 nafar o‘g‘il-qiz oilaviy muhit tarbiyasiga olingan bo‘lib, Prezidentimiz ushbu oilalarga ham o‘z minnatdorligini bildirdi.
23-04-2022 |
Foto galereya