Qarshi shahrini obod va namunali hududlardan biriga aylantirish, shuningdek yaqinlashib kelayotgan 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda muborak Ramazon hayiti bayramlarini munosib kutib olishga qizg‘in taraddud ko‘rish maqsadida shaharda obodonlashtirish va tozalik oyligi o‘tkazilmoqda.

- Qarshi shahri viloyatning madaniy markazi sanaladi. Shahar boshqa joylarga o‘rnak va namuna bo‘lishi kerak, - dedi davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov obodonlashtirish ishlarini tashkil etish masalasida shahar faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Qarshi shahrini obod maskanga aylantirish maqsadida kechadan boshlab shahardagi 62 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hudida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari boshlandi.

Obodonlashtirish ishlarida 4 800 nafardan ziyod hasharchilar faol ishtirok etishdi. Hasharchilar ko‘magi bilan mahallalar, ko‘p qavatli uylar atroflari, ariqlar, ko‘cha va yo‘laklar, qabristonlar tartibga keltirilib, begona o‘tlardan tozalandi. Daraxtlarga shakl berilib oqlandi. Fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashilib, devorlarni taʼmirlashga alohida eʼtibor qaratildi. Ajratilgan maxsus texnikalar yordamida yig‘ilgan 82 mashina chiqindi belgilangan joylarga olib chiqildi.

Obodonlashtirish ishlari jarayonida mahallalar, ko‘p qavatli uylar, hovlilar, ko‘chalarni tartibga keltirish va qurigan o‘tlardan tozalash, daraxtlarga shakl berish va oqlash, ariqlarni tozalash, chiqindilarni belgilangan joyga chiqarib tashlash, devorlarni taʼmirlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Qashqadaryo viloyati hokimligi
Axborot xizmati.

04-05-2021 |
Foto galereya