Turkiya va Oʻzbekiston Respublikalari oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga ham 32 yil boʻldi. Xabaringiz bor, 1991-yil 31-avgust kuni mustaqilligi eʼlon qilingan Oʻzbekistonni birinchi boʻlib tan olgan Turkiya davlati bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi diplomatik aloqalar 1992-yil 4-mart kuni oʻrnatilgan.

Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi 1992-yilning aprel oyida ochilgan boʻlsa, Oʻzbekistonning Anqaradagi elchixonasi 1993-yil yanvar oyida oʻz faoliyatini boshlagan.

2016-yilda Turkiya prezidenti Rejeb Tayyip Erdogʻanning Samarqandga tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlarini jonlantirib, ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi.

Shundan soʻng, Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning oktabr oyida Turkiyaga tashrif buyurdi. Ikki davlat prezidentlarining yaqin doʻstligi va siyosiy irodasi natijasida 2017-yilda Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlari strategik sherikchilik darajasi koʻtarilib, uzoq yillardan beri oʻtkazilmagan Turkiya-Oʻzbekiston qoʻshma iqtisodiy komissiyasi yigʻilishlari oʻtkazildi.

2018-yilda ikki davlat rahbari raisligida Turkiya-Oʻzbekiston Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi tashkil etilgan boʻlsa, ushbu kengashning birinchi yigʻilishi 2020-yilda Anqarada boʻlib oʻtdi. 

2022-yilda esa oliy darajadagi Oʻzbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yigʻilishi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya yetakchisini qutlar ekan, oʻzaro hamkorlikda yuksak darajaga erishilganidan, mamlakatlarimiz parlamentlari, davlat idoralari, ishbilarmon doiralari va jamoatchiligi oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanligini bildirib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan mamlakatlarimizning qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sherikligi barcha sohalarda oʻzaro ishonch va hurmat ruhida rivoj topayotganini alohida qayd etib o‘tdi.

Koʻrinib turibdiki, ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy tashriflari va muntazam muloqotlari siyosiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilib, sermahsul amaliy sheriklik uchun keng imkoniyatlar ochdi.

Birgina, Qashqadaryo viloyatining Muborak tumani misolida qaraydigan boʻlsak, hududda ayni vaqtda Turkiyaning “EMG Inter Investment” MChJ XK tomonidan bir nechta yirik loyihalar ishga tushirilgan boʻlib, ayni vaqtda oʻz faoliyatini jadal surʼatda davom ettirmoqda.

Misol uchun, Turkiyaning “EMG Inter Investment” MChJ XK tomonidan 2021-yilning sentyabr oyida loyiha qiymati 1,3 million dollar boʻlgan paxta tozalash zavodi oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻydi. 2023-yilning avgust oyida loyiha qiymati 900 ming dollar boʻlgan un mahsulotlarini ishlab chiqarish, shuningdek, 2023-yilning noyabr oyida esa qiymati 4 million dollar boʻlgan yogʻ ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi.

Natijada, ushbu qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishi oqibatida turkiyalik investorlar tomonidan jami boʻlib 6,2 million dollarlik investitsiya kiritildi. Xususan, 219 nafar mahalliy aholi uchun yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Qisqa vaqt ichida 3 ta yirik korxonani ishga tushirgan “EMG Inter Investment” MChJ XK yuqori daromadga ega boʻla boshlaganidan keyin, Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida oʻz faoliyatini kengaytish va daromad manbayini yanada oshirish maqsadida hududda 2024/2025-yillar davomida toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda chorvachilik kompleksini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Mazkur loyihalarni real hayotga tatbiq etish uchun esa 12 million dollar investitsiya kiritish maqsad qilingan. Binobarin, Muborak tumanida ushbu yirik 2 ta loyihaning ishga tushirilishi natijasida 220 nafar mahalliy aholining bandligini taʼminlash ham koʻzda tutilgan.

"Qardosh Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun, jumladan, “EMG Inter Investment” MChJ XK uchun juda ham qulay sharoit yaratib berilgan. Ayni vaqtda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida tadbirkorlik faoliyatimizni olib borish hamda yanada kengaytirish imkoniyati juda ham yuqori. Shu bois ham yaqin yillarda yana 2 ta katta loyiha ishga tushirishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻydik.

Bu uchun avvalo, janob prezident Shavkat Mirziyoyevga hamda davlatimiz rahbari Rejeb Tayyib Erdogʻonga oʻz minnatdorchiligimizni izhor qilib qolaman"- dedi Turkiyaning “EMG Inter Investment” MChJ XKning rahbari Eyyub Gergerli.

Darhaqiqat, ikki davlat rahbarlari tomonidan olib borilayotgan doʻstona munosabatlarning ijobiy natijasi oʻlaroq, turkiyalik investorlar uchun mamlakatimizda yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirish uchun keng koʻlamda amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalarni oʻrnatish hamda mustahkamlash choralari koʻrilmoqda. Jumladan, joriy yilning 6-10-fevral kunlari Muborak tumani hokimi Muxtor Xayitmuradov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari xizmat safari bilan Turkiya Respublikasida boʻldi.

Tashrif davomida Muborak tumani hokimligi delegatsiyasi aʼzolari Turkiya davlatida faoliyat olib borayotgan bir qator yirik va salohiyatli kompaniyalar va ishbilarmon tadbirkorlar bilan:

-toʻqimachilik va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish;

-meva-sabzavot mahsulotlarini qayta tayyorlash;

- tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish;

- polietilenin quvurlari va bioelektr energiyasini ishlab chiqarish boʻyicha muzokaralar olib bordi.

Shuni alohida qayd etib oʻtish joizki, mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻrnatilgan doʻstona munosabatlar tufayli Muborak tumani hokimligi masʼullarining Turkiya davlatiga qilgan tashrifi yakunlariga koʻra, jami boʻlib 17 million dollar qiymatidagi loyihalarni Muborak tumanida amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Mazkur loyihalarni 2024/2025-yillar davomida amalga oshirish hamda ishga tushirish reja qilindi. Kelgusida ham bu kabi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash maqsad qilindi.

 

Ilyos Maxmudov, Muborak tumani hokimligi Axborot xizmati rahbari

25-04-2024 |
Foto galereya