2019 yil 14 sentabr kuni  О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi bо‘lib о‘tib, unda asosan ikkita masala kо‘rib chiqildi. Birinchisi  “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish tо‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi О‘zbekiston Respublikasi qonunini kо‘rib chiqish masalasidir.  Ma’lumki  bu tashkilot  2009 yil 3 oktabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish tо‘g‘risidagi Naxichevan Bitimiga muvofiq tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (TDHK) a’zolari sanaladi. Tashkilot tarkibi turkiy tilli davlatlarning rahbarlari Kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qо‘mitasi, Oqsoqollari kengashi va Kotibiyatdan tashkil topgan. Kotibiyat Istanbul shahrida (Turkiya Respublikasi) joylashgan.

Qonunning muhokamasi vaqtida senatorlar Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik chuqurlashib borayotganligini qayd etib, unga О‘zbekistonni a’zo bо‘lib kirishi muhim ahamiyatga ega. Shuningdek Tashkilotga a’zo bо‘lish tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishi, moliya va bank operatsiyalarini soddalashtirishga qulay shart-sharoit yaratadi. Shu sababli qonun  senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar tomonidan “Tо‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar о‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish tо‘g‘risida”gi О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Qо‘shma qarorini tasdiqlash haqidagi masala ham kо‘rib chiqildi. Senat a’zolari bu masala  xalqimiz uchun dolzarb va о‘ta muhim ekanligini alohida  ta’kidladilar.  Dabdabali tо‘y va marosimlarga barham berish maqsadida О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga asosan senatorlar va deputatlar fuqarolar yig‘inlari faollari tomonidan  tushuntirish  tadbirlari о‘tkazilgan bо‘lsada, bu  sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolganligi kо‘rsatib о‘tildi.

Senatorlar  bunday holatlarga barham berish, aholi, ayniqsa, yoshlarda bu masalaning mohiyati va ahamiyati haqida tо‘g‘ri tushuncha hosil qilish maqsadida qat’iy choralar kо‘rish muhim ekanligini ta’kidlashdi. “Tо‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar о‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish tо‘g‘risida”gi qaror 59 senatorning ovozi bilan qabul qilindi. Shuningdek, qaror bilan tо‘y va ma’rakalarni tashkil etish bilan bog‘liq Nizom ham tasdiqlandi. 

Mazkur Nizom talablariga kо‘ra oilaviy tadbirlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida о‘tkaziladi. Oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qо‘shaloq tо‘y-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin. Dafn etish va motam marosimlari kо‘pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida о‘tkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno.

Nizomga asosan oilaviy tadbirlarni о‘tkazishda quyidagi talablarga rioya etish shart: Birinchidan,  tо‘y-hashamlarni о‘tkazuvchi shaxslar tadbirlarni о‘tkazishdan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlarini xabardor qilishi kerak. Ikkinchidan, nikohni davlat rо‘yxatidan о‘tkazish, kelin-kuyovning tо‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan kо‘p bо‘lmagan yengil avtomashinada о‘tkazilishi kerak.

Uchinchidan, oilaviy tadbirlarda (dafn etish marosimidan tashqari) pulli avtotransport xizmati litsenziyaga ega bо‘lmagan tashuvchilar tomonidan kо‘rsatilishiga yо‘l qо‘yilmaydi. Tо‘y egalarining shaxsiy avtomashinalari va homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalariga nisbatan bu tartib qо‘llanmaydi. Tо‘rtinchidan, shuhratparastlikdabdababozlik va isrofgarchilikka yо‘l qо‘ymaslik shart. Beshinchidan, mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilish kerak.

Shuningdek, oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma’ruza kо‘zda tutilgan bо‘lsa, ushbu ma’ruza din idorasining vakolatli vakili tomonidan о‘qiladi. Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bо‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qо‘shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota kо‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” va hokazolarni) о‘tkazishga yо‘l qо‘yilmaydi. Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni (“yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) о‘tkazishga ham yо‘l qо‘yilmaydi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash hammamizga bog‘liq. Zero, bu borada Qonunchilik palatasi deputati Azamat Ziyo О‘zbekiston Respublikasi  Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasi Kengashlarining qо‘shma majlisida fikr bidirib qо‘yidagilarni bildirgan: “Bizni yaxshi tashabbuslarimiz doim kо‘p bо‘lgan, lekin eng katta kamchiligimiz qog‘ozda qolib ketgan. Qonunlarimizning va qabul qilgan qarorlarimizning ishlamasligida. Bunaqa yig‘ilishlarda hammamiz bir-birimizni qо‘llaymizda chiqqanimizdang keyin kо‘pchilikni esidan chiqib ketadi. Xolbuki о‘sha bir yil oldingi Senatning va mahalliy kengashlarning boshlagan ishlari yomon emasdi. Faqat biz uyushmagan millat bо‘lganimiz uchun hal qilolmadik.”

Nizom talablariga rioya qilish yuzasidan nazorat olib borish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jо‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari zimmasiga yuklatildi. Shu о‘rinda savol tо‘g‘iladi nega jadid bobolarimizni bu boradagi ishlari yakunlanmay qolgan? Zero, Abdurauf Fitrat о‘zining “Oila” asarida tо‘y-markaga oid muammolarga batafsil tо‘xtalgan. Abdulla Avloniy “О‘zbek xalqini tо‘y balosidan qutqaring!” degan chaqiriq bilan chiqqan. 1917 yilda Munavvar qori Abdurashidxonov rahbarligida ma’rifatparvarlar “SHо‘royi islom”ning  tо‘y-hashamlar, ma’raka va marosimlar, oilaviy tadbirlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz о‘tkazish yuzasidan qaror qabul qilgan. Nega bu chora-tadbirlarning natijasi kam bо‘lgan? Nizom faqat tavsiyaviy xarakterga ega bо‘lib qolmaydimi? Nizom talablarini buzganlarga qanday choralar kо‘riladi? Mazkur nizom yuzasidan kelgusida albatta kо‘plab fikr-mulohazalar bо‘ladi va savollar tо‘g‘iladi. Nazarimizda nizomga rioya etishda ziyolilar, amaldorlar, mulkdorlar, ulamolar va davlat xizmatchilari о‘rnak bо‘lmog‘i kerak.

Abdishukur Omonov,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari.

 

19-09-2019 |
Foto galereya