Assalomu alaykum, hurmatli taʼlim fidoyilari, qadrli maktab direktorlari, aziz o‘qituvchilar!

Muqaddas oyda, xalqimiz eng ezgu istaklarini tilab, Yaratgandan so‘rayotgan bir paytda, Ustozlar bilan uchrashib, taʼlim tizimini rivojlantirish haqida suhbatlashayot-ganimiz bejizga emas. Qutlug‘ oyda qilingan niyatlar, istaklar ijobat bo‘ladi.

Sir emaski, ustoz jamiyatni olg‘a boshlovchi va uning ertangi kunini taʼminlovchi, taʼbir joiz bo‘lsa, yo‘lchi yulduzdir. Ustozsiz hech bir jamiyat kamolga yetmagan, aksincha, inqirozga yuz tutgan.

Abdulla Avloniy: “Har bir millatning saodati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir,” - degan. Demak, ustozlarning zimmasida buyuk masʼuliyatli vazifa yuklangan.

O‘qituvchilik, muallimlik mashaqqatli, yuksak sabr va matonat talab qiladigan kasb, shu sababli ham uning ajru savobi beqiyosdir.

Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham ustozning maqomini taʼriflab, shunday marhamat qilganlar: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru-yerlar ahli, hatto inidagi chumoli va hatto dengizdagi baliq ham insonlarga yaxshilikni taʼlim beruvchi insonga salovot aytadilar”.

Maʼlumki, Davlatimiz Rahbari prezidentlikka kirishgan kunlaridanoq taʼlim tizimini isloh qilish, o‘qituvchilar nufuzini oshirish ishiga jiddiy eʼtibor qaratmoqdalar.

Xususan, maktab taʼlim tizimida 11 yillik umumiy o‘rta taʼlim qayta joriy etildi.

Ijtimoiy soha xodimlari, o‘qituvchilar mavsumiy qishloq xo‘jalik ishlari tadbirlari, ortiqcha qog‘ozbozliklardan ozod etildi.

Muhtaram Prezidentimizning taʼlimga bergan eʼtiborlari va qo‘llab-quvvatlashlari natijasida Qashqadaryo viloyatida so‘nggi 3 yilda maktablar infratuzilmasini yaxshilash uchun 1 trillion so‘mlik dastur amalga oshirildi.

Birgina 2022-yilning o‘zida viloyatdagi umumtaʼlim maktablarini mebel bilan taʼminlash uchun 60 mlrd.so‘m (oxirgi 15 yillikda viloyat maktablarini mebel bilan jihozlash uchun ajratilgan jami mablag‘lardan 5 baravar ko‘p), kompyuterlar bilan jihozlash uchun 5 mlrd so‘m sarflandi.

Oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlash yo‘nalishida qabul kvotalari 5 baravarga oshirildi.

Xususan, Shahrisabz davlat pedagogika instituti tashkil etildi va ushbu muassasada hozirgi kunda 7 ming nafardan ortiq talabalar taʼlim olmoqda.

Barcha sharoitlarga ega 12 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari tashkil etildi.

Joriy yilning 27-mart kuni qabul qilingan Qonunga muvofiq, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish va ularni majburiy mehnatga jalb qilganlik bo‘yicha uchun javobgarlik choralari keskin kuchaytirildi.

Muhtaram Prezidentimiz, o‘qituvchilarning oyligini 1000 dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘p gapiradilar.

Bugun, amalda, o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, xorijiy tillarni biladigan o‘qituvchilar 10 mln so‘m va undan ko‘p maosh olmoqdalar.

Masalan, Qashqadaryo viloyatida 36 nafar shunday toifadagi o‘qituvchilarimiz mavjud edi.

Kuni kecha Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama olish uchun o‘tkazilgan ikki bosqichli tanlov natijalari eʼlon qilindi.

Quvonarlisi, Qashqadaryo viloyatidagi 108 nafar o‘qituvchilar ushbu tanlovda g‘olib bo‘lishdi va ularga joriy yilning aprel oyidan dekabr oyiga qadar 5 mln so‘mdan har oylik ustama to‘lanadi.

Natijada, viloyatimizda yuqori maosh oladigan o‘qituvchilarimiz soni 144 nafarga yetdi.

Barcha sohalar kabi taʼlim sohasida ham olib borilayotgan islohotlarning asosida “inson qadri uchun” degan bosh g‘oya amal qilmoqda.

Xususan, kuni kecha qabul qilingan “Gemotologiya, onkologiya, klinik immunologiya, boshqa statsionar va uzoq muddatli ambulator davolashnishda bo‘lgan bolalarga taʼlim va tarbiya berish tizimini yana-da kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorga muvofiq, “Mehrli maktab” davlat taʼlim muassasalarining tashkil etilgani muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlar taʼlimiga berilgan yuksak eʼtiborning natijasidir.

Hurmatli tadbir ishtirokchilar, aziz maktab direktorlari!

Rahbar bo‘lib ishlayotganlarning oldiga davrning o‘zi har kuni yangi bir vazifa qo‘ymoqda. Maktab direktorlari ham jamoani ortidan ergashtira olishi, tizimda yangilik yaratishi, tashabbuskor bo‘lishi, zamonaviy fikrlab, tadbirkorligini namoyon etishi kerak va shart!

Siz maktab uchun, jamoa uchun yetakchi, boshlovchi, o‘quvchilar uchun namuna insonsiz.

Har kuni maktabga tayyor holda kelish, uning ostonasidan boshlab, sinfxona, laboratoriya xonasi, sport zali, hatto omborxonasigacha kuzatib, faoliyatingizni boshlashingiz talab qilinadi.

Maktab – muqaddas dargoh, uning pokizaligi har qadamda, har burchakda bilinib turishi – bu jamoaning yuzi bo‘ladi.

Muallimning davr talabiga mos, farzandlarimizga munosib bo‘lib auditoriyaga kirishi – sizning rahbarlik qobiliyatingiz, talabchanligingiz  bilan bog‘liq.

Rag‘bat kerak, ishlaydigan xodimni qo‘llash, unga zarur shart-sharoitni yaratish sizning rahbarlik salohiyatingizni ko‘rsatadi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan tizimda yaratib berilgan ko‘plab imkoniyatlarga qaramasdan, viloyat maktab taʼlimi tizimida ko‘plab muammolarimiz mavjud. Albatta, ushbu muammolarning yuzaga kelishi maktab direktorlarimizning ishni noto‘g‘ri tashkil etganligi bilan bog‘liq.

Xususan, o‘tgan yilda viloyatdagi 20 ta maktabning birorta ham bitiruvchisi oliy taʼlim muassasasiga kirmagan.

Oliy taʼlim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha 147 ta maktab (13%) “qizil toifa”ga kiritilgan.

Taʼlim-tarbiya ishlarining sustlashtirib yuborilishi natijasida o‘qituvchilar, o‘quvchilar o‘rtasida jinoyatchilik soni ko‘paygan.

Ayniqsa, maktablarda davlat mablag‘larini talon-taroj qilish bilan bog‘liq holatlarning ortayotgani bizni tashvishga solmoqda.

O‘qituvchilarning maʼnaviy qiyofasi, odobi, dunyoqarashi, madaniyati yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lishga arziydimi, degan savol hammamizni o‘ylashga majbur qilmoqda.

40 foiz o‘qituvchilar malaka toifasiga ega emas.

Xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish ishlarini susaytirib yubordik.

50 foiz o‘quvchilarimiz kelajakda qaysi kasbni egallashini bilmaydi.

Yosh o‘qituvchilarlarga bo‘lgan eʼtibor, ularning kasbiy rivojlanishi uchun yaratilgan holat qoniqarli emas.

Aziz tadbir qatnashchilari!

Maʼlumki, muhtaram Prezidentimizning joriy yil 24-fevraldagi viloyatga tashriflari maktabdan, maʼrifat maskanidan boshlandi.

“Meni taʼlim egalarining yoniga boshlang, chunki barcha yutuqlarimizga taʼlim orqali erishamiz” – deb, ikki yarim, uch soat taʼlim xodimlari bilan muloqot qildilar.

Bu yerda davlatimiz rahbari bilan uchrashib, muloqot qilgan soha vakillari ham o‘tirishibdi.

O‘qituvchilarning obro‘yini yana-da ko‘tarish, maoshini ming dollardan oshishi haqida aytib, buning uchun o‘qituvchilar ham tayyor bo‘lishi, izlanishi, zamon bilan hamnafas bo‘lishi haqida taʼkidladilar.

Muhtaram Prezidentimizning topshiriqlariga asosan, bugun viloyat maktab taʼlimi xodimlari taʼlim sifatini oshirish bo‘yicha o‘z murojaatlarini eʼlon qiladi.

Albatta, murojaatnomada ilgari surilgan har bir vazifalar ijrosi nazoratga olinadi va ularning sifatli bajarilishi taʼminlanadi.

Fursatdan foydalanib, viloyatda maktab taʼlimini rivojlantirish, taʼlim sifatini oshirish bo‘yicha oldimizdagi qator vazifalarni sanab o‘tsam.

Birinchidan, maktablar moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar yangi bosqichga olib chiqiladi.

Bu borada, Qashqadaryoda maktablardagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinadi.

Ushbu Dastur doirasida joriy yilning o‘zida davlat byudjetidan 500 milliard so‘m ajratiladi.

 Buni hisobidan: 

- maktablarimizda qo‘shimcha 30 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi;

-542 ta maktablar kompyuter bilan jihozlanadi;

- 510 ta maktabda parta va doskalarni to‘liq yangilanadi;

-maktablar isitish tizimini yaxshilash bo‘yicha mahalliy byudjetdan 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Ikkinchidan, taʼlim sifatini yaxshilash bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilinadi. Xususan:

-1-4-sinflarda ilg‘or xorijiy tajriba asosida yaratilgan darsliklar, 5-11-sinflarda Prezident maktablari dasturi va darsliklari bo‘yicha taʼlim berish yo‘lga qo‘yiladi;

-13 nafar xorijiy mutaxassis olib kelinib, o‘qituvchilarga ilg‘or dars o‘tish texnologiyalari o‘rgatiladi;

-maktablarni 9 ta mezon bo‘yicha masofadan baholash tizimi joriy qilinadi.

Uchinchidan, kelgusi o‘quv yilidan boshlab, har bir tuman (shahar)da kamida 1 tadan maktabda o‘quvchilarni kasbga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi va xorijiy tillarni sifatli o‘qitishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Ota-onalar bilan hamkorlikda har bir o‘quvchining rivojlanish xususiyatlari bilan bog‘liq pasporti yaratiladi va uning kelgusida kim bo‘lishiga eʼtibor qaratiladi.

Kasbga o‘qitishda IT sohasiga alohida ustuvorlik beriladi. IT sohasiga yoshlarni o‘qitish infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha mablag‘larni ayamaymiz.

Kasbga o‘qitish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratish va o‘qituvchilarning ish haqini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy byudjet hisobidan qoplanadi.

Viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida Xorijiy til yo‘nalishida taʼlim olayotgan iqtidorli 3-4 kurs talabalari saralab olinib, umumtaʼlim maktablarida xorijiy tilni o‘qitishga jalb qilinadi va ularning ish xaqlari mahalliy byudjetdan to‘lab beriladi.

To‘rtinchidan, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash, ularni rag‘batlantirish ishlari yana-da kuchaytiriladi.

Yaqinda qaror qabul qildik, joriy yilning aprel-may oylarida 10 ta umumtaʼlim fanlari bo‘yicha 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Viloyat hokimi olimpiadasi” o‘tkaziladi.

Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha g‘olib o‘quvchilar Qarshi davlat universitetiga imtihonsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri talabalikka qabul qilinadi.

Respublika fan olimpiadalarida faxriy o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar murabbiylarini mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.

Maʼlumki, Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati o‘quvchilari matematika fani bo‘yicha xalqaro va Respublika olimpiadalarida ko‘plab yutuqlarga erishmoqda.

Bu borada, fidoyi ustoz Abdiyev Baxtiyorning xizmatlarini alohida eʼtirof etmasdan iloji yo‘q.

Joriy yil yakuniga qadar Kitob tumanida matematika fani  bo‘yicha o‘quvchilarni xalqaro olimpiadaga tayyorlash markazi tashkil etiladi va bu ishlarga Abdiyev Baxtiyor bosh-qosh bo‘ladi.

Beshinchidan, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi, xorijda malaka oshirish masalariga jiddiy eʼtibor qaratiladi.

Xabaringiz bor, Finlyandiyalik ekspert Petri Lunaskopri maktab taʼlimi bo‘yicha mening maslahatchim sifatida faoliyat olib bormoqda. Xorijiy ekspertning fikricha, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish uchun eng muhim 3 ta omil mavjud. Bular: malaka oshirish-malaka oshirish va yana malaka oshirish.

Shundan kelib chiqqan holda, joriy yilda 40 nafar yosh o‘qituvchilar tanlov asosida saralanib, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ilg‘or xorijiy mamlakatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Oltinchidan, viloyatdagi har bir maktabda “O‘qimishli qizlar” klublari tashkil etiladi. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Qiz farzandni, onani o‘qitsak, jamiyatni o‘qitgan bo‘lamiz” degan g‘oya ijrosi amalda taʼminlanadi. 

Yettinchidan, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida ilmiy, maʼnaviy, sport tadbirlari yana-da ko‘paytiriladi.

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Taʼlimdagi ishlar igna bilan quduq qazishdek gap, natijasi tez ko‘rinmaydi. Buning uchun mashaqqatli mehnat, katta fidoyilik kerak. Boshlangan islohotlarning amalga oshishi, xalqimizning rozi bo‘lishi shunga bog‘liq. Eng qimmat va eng katta boyligimiz – farzandlarimizni ustozlarga topshiramiz.

Alohida taʼkidlash lozimki, bugungi kun o‘quvchisi o‘z dunyoqarashi, talabi, istagi bilan 10 yil yoki 20 yil avvalgi o‘quvchidan mutlaqo farq qiladi.

Zamon, rivojlanish, taraqqiyot – bizdan tanqidiy, tahliliy, kreativ fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalashni taqozo etadi.

Agar har birimiz o‘zimiz, farzandlarimiz, nevaralarimizning ertangi kunini qoldiramiz desak, faqat va faqat muallimning obro‘sini ko‘tarishimiz, faqat va faqat ularning sharoitini yaratishimiz kerak.

Ko‘p millatli O‘zbekistonning har bir farzandlarini mening farzandim, ertangi kunimning poydevori, zamini – deb tarbiya qilsak, albatta, biz natijaga erishamiz.

Biz barpo etayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni - bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilari ekan, elimiz Sizga ishonadi va Siz bergan saboq, ilm va bilim bilan taraqqiyotning yuksak pog‘onasiga ko‘tariladi.

Sizning jonkuyarlik bilan qilgan mehnatingiz, tashabbus va fidoyiligingiz evaziga biz yurt ertasini barpo etamiz, barkamol avlod kamoloti haqida baralla gapiramiz.

Shunday ekan, xalqimiz ishonchini halol mehnat, sifatli taʼlim va jonkuyarlik bilan oqlaysiz, degan umiddaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

31-03-2023 |
Foto galereya