Qashqadaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda korrupsion holatlarni oldini olishda keng jamoatchilikning o‘rni beqiyos ekani, erta bartaraf etilgan bu kabi ishlar adashgan odam va uning oila a’zolariga qilingan eng katta yaxshilik ekani ta’kidlandi. 
 
Prezidentimiz tashabbuslari bilan ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish uchun mas’ul bo‘lgan alohida organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat idoralari va yirik xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Joylarda turli targ‘ibot-tashviqot ishlari, OAVlar orqali ijtimoiy rolik va chiqishlar olib borilmoqda.
 
 
Shu bilan birga, ko‘rilayotgan tizimli choralarga qaramasdan, byudjet mablag‘laridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, lisenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya holatlari saqlanib qolmoqda.
 
Misol uchun, Koson tumani hokimining o‘rinbosari A.X. tadbirkorlik faoliyatini tashkil etmagan 6 nafar yaqin qarindoshilari, jumladan kelini M.T., qudasi O.K., haydovchisining turmush o‘rtog‘i S.S., uning singlisi A.S.lar nomiga 180,0 mln.so‘m kredit mablag‘lari ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘larni naqdlashtirgan holda talon-taroj qilib yuborgan.
 
Viloyatda 2019-2020 yillar davomida jami 562 nafar turli darajadagi mansabdor shaxslar korrupsion jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 18 nafari viloyat va 544 nafari tuman darajasidagi davlat idoralari mansabdor shaxslari hisoblanadi.
 
 
Qashqadaryo viloyatida byudjet buyurtmachilari tomonidan "dxarid.uz" maxsus axborot portaliga joylashtirilgan davlat xaridlariga oid may-iyul oylaridagi e’lonlar masofaviy monitoring tartibda o‘rganib chiqilganda qiymati 12,5 mlrd. so‘mlik 41 ta tanlov e’lonlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi va «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunlarning talablari buzilganligi aniqlandi.
 
Yakunda bu kabi holatlarni oldini olish bo‘yicha manzilli reja tuzilib, keng jamoatchilikni jalb etgan holda ishlarni tashkil etishga kelishib olindi.
16-10-2021 |
Foto galereya