O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida bir guruh vatandoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida qashqadaryoliklar ham bor.

Qarshi shahrida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov mukofotlarni Prezidentimiz nomlaridan o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.

Shuningdek, viloyat hokimi Prezidentimizning farmoni bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan g‘uzorlik 101 yoshli Chimiri momo Dusanova xonadonida bo'lib, masʼullar ishtirokida ushbu davlat mukofoti va esdalik sovg‘alarini Prezidentimiz nomlaridan topshirdi.

Urush davrlari va ko‘plab hayot qiyinchiliklarini boshidan o‘tkazib, bugun mustaqil O‘zbekistonda farzandlar, nevara, chevara-evaralar ardog‘ida yashayotgan onaxon hamisha yurtimiz tinchligini, Prezidentimiz salomatligini so‘rab duolar qildi.

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroyda mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan taqdirlanganlarga davlat mukofotlarini topshirgan edilar.

30-08-2023 |
Foto galereya