Ko‘p yillardan buyon Qarshi shahrida yashovchi Yo'ldosheva Sanobar momoning buzilgan yashash uyi o‘rniga berilgan ko‘p qavatli uylar mojarosi tugamay va o‘z yechimini topmay kelayotgan edi. Fuqaroning ko‘plab tashkilotlar eshigida muammosi hal bo‘lmasdan sarson-sargardon bo‘lishidan va ijtimoiy tarmoqlarga ham murojaat qilishdan kami qolmadi desak adashmaymiz.
 
 
Muammoni, bugungi davlat siyosatini to‘g‘ri tushunib yetmaydigan rahbarlarning mas’uliyatsizligi tufayli "otangga bor, onangga bor" qabilidagi yechim oilaning 11 yil sarson bo‘lishiga sababchi bo‘ldi.
 
Shu boisdan, viloyat hokimi qabuliga yozilgan Sanobar Yo'ldosheva "yana va’dalar girdobida qolmasam bo‘ldi", degan ming o‘y bilan viloyat hokimi qabulida bo‘ldi. Fuqaroning 11 yillik muammosini mas’ullar oldida batafsil tinglagan Zoyir Mirzayev u kishining sabr toqati va irodasiga alohida etibor qaratdi.
 
- Men sizga shahar markazidan uy olib beray, - dedi viloyat rahbari. - Sizni shuncha yil sarson qilgan mas’ullar masalasini bizga qoldiring. Ya’ni, sizga olib beradigan uyni pulini davlatdan olsakda, aybdor mansabdorlardan sud jarayonlari yakuni bo‘yicha qoplatib olamiz.
 
 
Shuningdek, viloyat hokimi yillar davomida masalasi hal bo‘lmay kelayotganligi va buning oqibatida moddiy zarar ko‘rib kelayotgan momoning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli mas’ullarga manaviy jihatdan ham zararga e’tibor qaratishini ta’kidlab o‘tdi.
 
 
O‘z xursandchiligini yashirib tura olmagan Sanobar Yo'ldosheva O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar murojaatlari bo‘yicha olib borayotgan oqilona siyosatlari va Zoyir Mirzayevning aholi muammolarini hal etishda shaxsiy namuna ko‘rsatayotganligini tilga olib, ularga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
06-10-2021 |
Foto galereya