Assalomu  alaykum, azizlar!

Hurmatli tibbiyot xodimlari!

Sо‘zim avvalida, hayotini inson salomatligini muhofaza qilish va asrash ishiga bag‘ishlagan siz aziz salomatlik posbonlarini Tibbiyot xodimlarini kuni bayrami bilan muborakbod etaman.

Har bir inson uchun  sog‘liq, salomatlikdan ortiq boylik yо‘q. Davlatning qudrati va salohiyati, tibbiyot sohasiga qaratilgan e’tibor bilan chambarchas bog‘liq. Chunki  sog‘lom fikr ichida sog‘lom hayot kechirayotgan sog‘lom xalq qanday buyuk ishlarga qodirligini yaxshi bilamiz. Bu kabi qarashlarning nechog‘lik dolzarbligi  sinovli kunlarda, pandemiya sharoitida yanayam yaqqol namoyon bо‘ldi. Najot istab, umid bilan qarab turgan bemorga kunni tunga ulab muolaja qilish, nafaqat dori-darmon balki, sо‘z bilan davolash ishini olib borish nafaqat kasbiy mahoratni, balki, tinimsiz izlanish, fidoyilik va jasoratni talab qiladi. Najot istab kelgan bemor uchun, eng yaqin maslakdosh, dо‘st va qadrdon shifokor bо‘ladi. Bu ezgulikni namunasi, albatta.

Aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish – tobora yangi talab va vazifalarni oldimizga qо‘ymoqda. Soha xodimlarining  tinimsiz о‘z ustida ishlashi, zamonaviy texnologiyalar, davolash usullarini puxta egallashi – sohadagi sifat va samaradorlikni ta’minlovchi birlamchi omildir. Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida bо‘lib о‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham tibbiyot tizimini rivojlantirish, soha xodimlari uchun shart-sharoit va imkoniyatlarni, imtiyozlarni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Tahlil va qat’iy tartib-intizom asosida – xalqimizning ishonchini qozonish nihoyatda dolzarb ekanligi ta’kidlandi.  

Har bir hududdagi kasalliklar tarkibiga qarab, ixtisoslashgan davolash muassasalari tashkil etish zarurligi aytib о‘tildi. Misol uchun, viloyatimizda  endokrinologik kasalliklari eng kо‘p qayd etilgan. Shu kabi dolzarb yо‘nalishda ilg‘or xorijiy klinikalar filiallarini tashkil etish, bunga xususiy sektorni jalb qilish yuzasidan kо‘rsatmalar berildi.17 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazini hududiy shifoxonalar bilan bog‘lash, telemeditsina orqali tajriba almashinuvni rivojlantirish, kasalliklar turi va dinamikasidan kelib chiqib, joylarda ixtisoslashgan markazning mintaqaviy filiallarini tashkil etish muhimligiga e’tibor qaratildi.

Bu barcha yangiliklar va о‘zgarishlar haqida  aynan  Tibbiyot xodimlari kuni arafasida  aytilayotgani va hayotga tatbiq etish uchun zarur choralar kо‘rilayotgani bejizga emas, chunki inson salomatligi uchun о‘zini mas’ul va javobgar deb hisoblaydigan har bir tibbiyot xodimi о‘z faoliyatini ana shunday yuksak mezonlar asosida tashkil etishi, munosib sharoitda ishlashi, davlatimizning rag‘batini  his qilishi,  doimiy e’tiborda bо‘lishi – bu siz aziz tibbiyot xodimlari uchun haqiqiy bayram tuhfasi bо‘ldi, deb hisoblayman.

Azizlar! Shu о‘rinda aytishimiz kerakki, Qashqadaryoda ham sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat kо‘rsatish va natijada aholining salomatlik holatini aniqlash borasida bir qator о‘zgarishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Ayni paytda viloyatimizda yashayotgan 3 mln 318 ming nafar aholiga 300 ta davolash-profilaktika muassasasi tibbiy xizmat kо‘rsatmoqda.  2019 yilda 803 milliard, joriy yilning о‘tgan davrida esa 1 trillion 92 milliard 920 million  sо‘mlik mahalliy byudjet mablag‘lari soha rivojiga yо‘naltirildi. Viloyat tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgani natijasida, bir qator yangi asbob-uskunalar xarid qilindi. Tez tibbiy yordam xizmati avtotransporti 257 taga yetkazildi.

Tizimdagi davolash-profilaktika muassasalariga joriy yilda dori-darmon uchun 67,9 milliard sо‘m mablag‘ ajratildi.

О‘tgan yilda 28 ta, joriy yilning о‘tgan davrida esa 25 ta tibbiyot muassasasida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Tibbiyot – doimiy yangilanishni talab qiladigan soha. Shu sababli ham, tizimning kadrlar salohiyatini mustahkamlashga ham katta e’tibor qaratilayapti. Birgina joriy yilning о‘tgan davri mobaynida 279 nafar bitiruvchi о‘z mutaxassisligi bо‘yicha ishga joylashtirildi. Malakali mutaxassislar tomonidan bugun Qashqadaryoda ham eng murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilayotganini alohida aytib о‘tish joizdir.

Viloyatimizda mavjud 72 ta qishloq oilaviy poliklinikasi hamda 9 ta oilaviy poliklinikada ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari, tez yordam shoxobchalari va ijtimoiy dorixonalar faoliyati yо‘lga qо‘yilgan.

Murakkab pandemiya sharoitida tibbiyot xodimlari fidokorona mehnat qilganliklarini alohida e’tirof etish zarur. El boshiga tushgan shunday sinovli va tahlikali davrda fidoyi shifokorlar, hamshiralar, doyalar, orastabonlarning mashaqqatli va sharafli mehnatini barchamiz chin dildan his etamiz va ularga  minnatdorchilik bildiramiz. Siz umid uchqunlarini porlatgan najotkor, jasorat sohiblarisiz, - degimiz keladi.

Ana shunday insonlar tomonidan olib borilgan fidokorona mehnat, jonkuyarlik munosib e’tirof etildi. 160 nafar soha xodimi  “Mehr-saxovat” kо‘krak nishoni bilan taqdirlandi.  Karantin tadbirlariga jalb etilgan shifokor va tibbiyot xodimlariga qо‘shimcha 110 milliard  sо‘mlik moddiy rag‘batlantirish, mukofot mablag‘lari berildi. Mehnat, faoliyati davomida kasallik qarshi kurashish chog‘ida halok bо‘lgan soha vakillarining xizmatlari oldida qarzdorligimizni, ularning jonfidoligi hamisha e’tirof etilishini  va  oila a’zolari davlatimiz tomonidan e’tiborga olinganini ham aytib о‘tishim kerak.

Ha, tibbiyot sohasini rivojlantirish, nufuzli klinikalarning filiallarining, ixtisoslashtrilgan ilmiy-amaliy markazlarning viloyatimizda faoliyat yuritishi, salohiyatli mutaxassislarning jalb etilishi – bu avvalo odamlarimiz uchun qulayliklarni kengaytirish, ularni davo istab olisga yо‘l bosishining oldini olishga qaratilgandir. Yana bir muhim jihati, bu kabi yangilanishlar tibbiyot xodimlarining malakasini va  kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yuqorida aytib о‘tganimiz, videoselektor yig‘ilishida  Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek,  mamlakatimizning chekka va olis hududlarida birlamchi bо‘g‘in faoliyatiga e’tibor kuchaytiriladi, Oilaviy shifokorga yordam beradigan о‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj bо‘yicha “tibbiyot brigadalari” tashkil etiladi. Birlamchi bо‘g‘in shifokorlarga imtiyozli ipoteka kreditlari ajratiladi. Tibbiyot oliy о‘quv yurtlari hududlarga biriktiriladi. Bu kabi yangilik va о‘zgarishlar shubhasiz, soha xodimlarini rag‘batlantirish orqali sifatli faoliyat kо‘lamini yaratishga asos bо‘ladi.

Yana bir quvonarli jihati, joriy yilda davlatimiz rahbarining farmoniga asosan 18 nafar soha xodimining yuksak davlat mukofotlari   bilan taqdirlanishi vohamiz tibbiyot xodimlarining mehnatiga munosib rag‘bat bо‘ldi. 

Qadrli tibbiyot xodimlari!

Xalqimizning salomatligini saqlashdek, о‘ta mas’uliyatli va sharafli ishda Sizlarning kasbiy mahoratingiz, bilim va tajribangiz, insoniylik fazilatlaringizga ishonamiz va fidokorona mehnatlaringizni qadrlaymiz. Tib ilmining ulug‘ sultoni Abu Ali Ibn Sinoning munosib izdoshlari sifatida el e’zozi va e’tirofiga sazovor bо‘lishingiz tarafdorimiz.

Aziz, salomatlik posbonlari! Bugungi bayram bilan yana bir bor qizg‘in tabriklar ekanman, mashaqqatli va sharafli mehnatingizda ulkan zafarlar, mustahkam sog‘liq, oilangizga fayzu baraka, ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilaymiz!

 

E’TIBORINGIZ UCHUN TASHAKKUR!      

 

Zoyir Mirzayev, Qashqadaryo viloyati hokimi.

07-11-2020 |
Foto galereya