Teleboshlovchi bir millioner mehmonidan sо‘rayapti:

- Hayotingizda sizni eng kо‘p nima baxtiyor qilgan?

- Baxtiyorlikning tо‘rt bosqichidan о‘tdim va nihoyat chin baxt nimaligini angladim.

  1. Narsa tо‘pladim. Kо‘paytirdim. Tо‘ymadim.
  2. Qimmatbaho narsalarni sotib oldim. Yanada qimmatini, yanada qimmatini. Lekin uning ham mazasi vaqtincha bо‘ldi, xolos.
  3. Katta-katta loyihalarni sotib oldim. Futbol komandasimi-yey, sayohatchilar uchun oromgohlarmi-yey. Lekin baribir о‘zim kо‘zlagan va kutgan baxtga erisholmadim.
  4. Bir dо‘stim nogiron bolalar uchun о‘ziyurar aravachalar sotib olishga ulush qо‘shishimni sо‘radi. Men darhol rozi bо‘ldim.

О‘sha dо‘stim, sovg‘ani bolalarga о‘zing borib, о‘z qо‘ling bilan topshirasan, deb oyoq tirab turib oldi. Nochor bordim. Bolalarning xursand bо‘lib, aravachalarda u yoqdan bu yoqqa uchib yurganlarini kо‘rdim. Ular xuddi bir о‘yingohlarda yurgandek quvnashardi.

Bolalarning quvnaganini kо‘rib, о‘zim ham yayrab ketdim.

Shundan keyingi holat esa bu baxtiyorlikni qalbimning ich-ichigacha olib kirdi.

Ketmoqchi bо‘lib turganimda bolalardan biri oyog‘imga mahkam osilib oldi. Oyog‘imni beozorgina olmoqchi bо‘lsam, u yanada qattiqroq yopishardi. О‘tkir nigohi yuzimga qadalgan edi. Hayron bо‘lib sо‘radim:

- Toychog‘im, senga yana biron narsa kerakmi?

Bu beg‘ubor, begunoh, yuzida chin ma’nodagi baxtiyorlik nishonalari aks etib turgan xilqatning sururbaxsh, umidbaxsh javobiga quloq soling-a:

- Otajon, jannatda sizni uchratganimda Parvardigorimning qoshida sizga minnatdorchilik bildirishim uchun yuzingizni yaxshilab eslab qolmoqchiman.

Dod deb yubordim. Kо‘p yig‘ladim. Bir tarafdan uning xursandligidan, ikkinchi tarafdan esa о‘zimning baxtiyorligimdan hushimni yо‘qotib, yerga qulay dedim...

YO Alloh! Men qanday hayot kechirdim? Nimalar qildim? О‘yin-kulgu, kayfu safo, isrofgarchiliklar... Hamma-hammasi sariq chaqaga arzimaydi. О‘zim ham baxtli bо‘lolmadim, birovni ham baxtli qilolmadim.

Qissadan hissa, ya’ni, olinadigan saboqlar va ibratlar:

  1. Aziz aka-ukam, opa-singlim, baxtli bо‘lish juda oson. Baxt bu qisqa qilib aytganda, о‘zgalar qalbiga xursandlik olib kirishdir. Shodlik ulashishning katta-kichigi bо‘lmaydi. Uning uchun falon pul sarflash shart emas. Birgina samimiy tabassum ham yetarli bо‘laveradi. Uning moddiy bо‘lganidan kо‘ra, ruhiy-ma’naviy va axloqiy bо‘lgani afzalroq.

Payg‘ambar alayhissalom dedilar: "Ulug‘ va Buyuk Alloh uchun amallarning eng yoqimlisi bir musulmon (qalbi)ga shodlik olib kirish, musibatini aritish, och bо‘lsa, qornini tо‘ydirish yoki qarzini tо‘lab qо‘yishdir".

  1. Shunday odam bо‘lingki, birovlar siz bilan Allohning oldiga borganda qilgan yaxshiligingiz, marhamatingiz va ehsoningizga yarasha yaxshilik qaytarish uchun kо‘rishmoqchi bо‘lsinlar.

Birovlar qiyomat kunida zulmingiz, ozoringiz va yomonligingiz tufayli xusumatlashish va qasos olish uchun siz bilan kо‘rishmoqchi bо‘lishlaridan juda-juda ehtiyot bо‘ling. Hargiz bunday odamlar safidan joy ola kо‘rmang.

Arabchadan Muqim Mahmud tarjimasi.

2019-06-07.

14-02-2020 |
Foto galereya