О‘tgan yili О‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi, shuningdek, uning tuman va shahar filiallari tashkil etilishi tadbirkorlikni boshlash istagida yurgan, ammo buning uchun yetarli mablag‘ga ega bо‘lmagan yoshlar uchun ayni muddao bо‘ldi. Buni о‘z biznes rejalari bilan jamg‘armaga murojaat etayotgan, imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini yо‘lga qо‘yayotgan yigit-qizlar sonining ortib borayotganida ham kо‘rish mumkin. G‘uzor tumanidan ham jamg‘arma kо‘magi bilan ish boshlagan yosh tadbirkorlar soni kо‘pchilikni tashkil etadi.

- О‘tgan yili jamg‘arma tomonidan hududdagi 14 nafar yoshning biznes-loyihalarini amalga oshirish uchun 1 milliard 658 million sо‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan edi, - deydi  "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi G‘uzor tuman filiali bosh mutaxassisi Faxriddin Xayrullayev. - Bu mablag‘ evaziga yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarish, xizmat kо‘rsatish, qishloq xо‘jaligi va boshqa sohalarda yangi faoliyat turlari yо‘lga qо‘yildi. Joriy yilda esa 53 ta loyiha uchun 12 milliard 810 million sо‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Hozirga qadar ayrim yosh tadbirkorlarimiz mablag‘ni tо‘liq olib, allaqachon о‘z loyihasini ishga tushirishga ham ulgurdi.

Tumanning Guliston mahallasida yashovchi Mirjahon Toshqorayev  hududdagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini yо‘lga qо‘-yishni rejalashtirgandi.

- Faoliyat uchun zarur bо‘lgan uskunalarning narxi bilan qiziqqanimda, bunga 60 million sо‘m atrofida mablag‘ kerakligi ma’lum bо‘ldi, - deydi u. - Shundan sо‘ng, imtiyozli kredit olish uchun "Yoshlar - kelajagimiz"  jamg‘armasiga murojaat etdim. Jamg‘arma tomonidan biznes-rejam о‘rganilib, loyiham ma’qullandi va kerakli texnologiyani sotib olish uchun zarur miqdorda imtiyozli kredit ajratildi. Natijada qisqa muddat ichida texnologiyalarni olib kelib va о‘rnatib, mahsulot ishlab chiqarishni boshladik. Endi faoliyatni yanada kengaytirish haqida о‘ylayapman.

Yana bir yosh tadbirkor, "Fitnes XXX" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mirzabek Qurbonov esa tuman markazida fitnes klub tashkil etishni rejalashtirgandi. Jamg‘arma tomonidan ajratilgan 120 million sо‘m miqdoridagi imtiyozli kredit uning bu rejasini amalga oshirishida qо‘l keldi.

- Ushbu mablag‘ evaziga fitnes klub uchun kerak bо‘lgan barcha sport anjomlarini xarid qildik, - deydi tadbirkor. - Sо‘ng о‘zimizga tegishli binoni moslashtirib, faoliyatni yо‘lga qо‘ydik. Hozir haftaning ikki kuni xotin-qizlar, qolgan kunlari esa о‘g‘il bolalar kelib, sport bilan shug‘ullanishmoqda. Asosiysi, bundan mahalla ahli ham xursand. Hozir mijozlarimiz orasida nafaqadagi kishilar, uyda о‘tirgan ayollar ham bor.

Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda yoshlarning intilish va tashabbuslarini rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar aholi bandligini ta’minlash, va odamlar turmush farovonligini oshirish, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ham muhim omil bо‘lmoqda.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: "Fitnes XXX" MCHJ faoliyatidan lavhalar.

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

28-07-2019 |
Foto galereya