Qishloq xо‘jaligiga mо‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida davlat rahbari tomonidan 2019 yil 13 avgustda "Qishloq xо‘jaligiga mо‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tо‘g‘risida"gi Qonun imzolandi. Mazkur qonun 2020 yil 1 martdan e’tiboran kuchga kiradi.

Xususiylashtirish subyekti kimlar bо‘lishi mumkin?

Xususiylashtiriladigan yer uchaskasiga qishloq xо‘jaligi ehtiyojlari uchun berilmagan va qishloq xо‘jaligi uchun mо‘ljallanmagan yer uchastkalari kiradi.

Yer uchastkasini xususiylashtirish deganda ommaviy mulk bо‘lgan yer uchastkasini О‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bо‘lgan jismoniy shaxslar va О‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bо‘lgan yuridik shaxslar mulkiga о‘tkazishni tushunish kerak. Chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bо‘lmagan jismoniy  shaxslar va О‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bо‘lgan yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirish subyektlari bо‘lmaydi. Shu о‘rinda yuridik va jismoniy shaxslarning kо‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi faqat ushbu obyektlarning mulkdorlariga tegishli ekanligini ta’kidlash joiz.

Qaysi yerlar xususiylashtirish obyekti hisoblanadi?

Yer uchastkalarini xusiylashtirish obyektlariga quyidagilar kiradi. Birinchidan, О‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalari. Ikkinchidan, yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bо‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari joylashgan yer uchastkalari. Uchinchidan, bо‘sh turgan yer uchastkalari. Tо‘rtinchidan, О‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga berilgan yer uchastkalari. Yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga yо‘naltiriladi.

Qonunga kо‘ra tasdiqlangan va e’lon qilingan rejalashtirish sxemalari bо‘lmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari, foydali qazilmalar konlari joylashgan yer uchastkalari, davlat mulkidagi strategik obyektlar, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mо‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek, о‘rmon va suv fondlarining yerlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish doimiy foydalanish yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli bо‘lgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish hamda yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish shakllari orqali amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini xususiylashtirish qonuniylik, ixtiyoriylik, haq tо‘lash, xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining va ularda joylashgan kо‘chmas mulk obyektlari birligi, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

Bо‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish, xususiylashtiriladigan yer uchastkalari uchun haq miqdori va uni tо‘lash, yer uchastkalarining bozor qiymatini aniqlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari yer uchastkalarini xususiylashtirish tо‘g‘risida qaror qabul qiladi, elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtirish maqsadida bо‘sh turgan yer uchastkalarini va Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga beriladigan yer uchastkalarini aniqlaydi. Qonunda boshqa davlat idoralarining ham vazifalari belgilab berilgan.

Kо‘chmas mulk obyektlari joylashgan bо‘lsa...

Kо‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tо‘g‘risidagi ariza yer uchastkasi joylashgan yerdagi tuman (shahar) hokimining nomiga davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi. Tuman (shahar) hokimligidagi yer uchastkalarini berish masalalarini kо‘rib chiqish bо‘yicha komissiya ariza olingan kundan e’tiboran о‘n ish kuni ichida uni kо‘rib chiqib, ijobiy yoki salbiy xulosasini tuzadi. Bu xulosa tuman (shahar) hokimining tegishli qarorini chiqarishga asos bо‘ladi. Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi jismoniy  shaxsga о‘tganda mazkur yer uchastkasini xususiylashtirishga bо‘lgan huquq ham о‘tadi.

Xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun tо‘lov Yer uchastkalarini berish masalalarini kо‘rib chiqish bо‘yicha komissiyaning ijobiy xulosasi tо‘g‘risida yozma yoki elektron bildirishnoma olinganidan keyin о‘n ish kunida jismoniy va yuridik shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini xususiylashtirish tо‘g‘risidagi qaror xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun tо‘lov amalga oshirilganidan sо‘ng uch ish kunida qabul qilinadi. Bu qaror suddan tashqari tartibda qayta kо‘rib chiqilmaydi.

Bо‘sh turgan yer uchastkalari-chi?

Bо‘sh turgan yer uchastkalari aholi punktlarining va hududlarning bosh rejalariga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aniqlanadi. Bо‘sh turgan yer uchastkalari Urbanizatsiya agentligi bilan kelishilgan holda elektron onlayn-auksion orqali yuridik va jismoniy shaxslarga mulk qilib sotiladi. Bо‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bо‘yicha elektron onlayn-auksionda ishtirok uchun buyurtma tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun О‘zbekiston      Respublikasi rezidenti bо‘lgan yuridik shaxs tomonidan, yakka tartibda uy-joy qurish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun О‘zbekiston   Respublikasi fuqarosi bо‘lgan jismoniy shaxs tomonidan beriladi. Xususiylashtiriladigan bо‘sh turgan yer uchastkasining qiymati о‘tkazilgan elektron onlayn-auksion natijalariga kо‘ra belgilanadi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini olib qо‘yish mumkinmi?

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi obyekti hisoblanadi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga bо‘lgan xususiy mulk huquqi ular davlat rо‘yxatidan о‘tkazilgan paytdan e’tiboran yuzaga keladi. Xususiy mulk amaldagi qonunlar talabi asosida davlat    tomonidan himoya qilinadi. Qonunda xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari va majburiyatlari ham belgilab qо‘yilgan.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini mulkdordan olib qо‘yishga faqat mulkdorning majburiyatlari bо‘yicha undiruv qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ushbu yer    uchastkasiga qaratilganda, shuningdek, natsionalizatsiya, rekvizitsiya va  musodara qilish tartibida yо‘l qо‘yiladi. Olib qо‘yilayotgan yer uchastkasining qiymati amaldagi qonun talablari asosida aniqlanadi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasini natsionalizatsiya qilish faqat davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganda amalga oshiriladi.

Natsionalizatsiya - fuqarolarga hamda yuridik shaxslarga natsionalizatsiya qilinayotgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqini haq tо‘lash asosida qonun hujjatlariga muvofiq davlat ixtiyoriga о‘tkazishdan iborat. Yer uchastkasi keyinchalik denatsionalizatsiya qilingan taqdirda, sobiq mulkdorlar uni xususiylashtirishda ustuvor huquqqa ega bо‘ladi. Rekvizitsiya deganda tabiiy ofatlar, avariyalar va favqulodda tusdagi boshqa vaziyatlarda mol-mulk jamiyat manfaatlarini kо‘zlab, davlat hokimiyati organlari qaroriga muvofiq mulkdordan unga mulk qiymatini tо‘lagan holda olib qо‘yishni tushunish kerak. Rekvizitsiya qilish О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasi jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda mulkdordan sud qarori asosida olib qо‘yilishi mumkin.

Mazkur qonun mamlakatimizda yerga oid munosabatlarni tartibga solish va xususiy mulkni muhofaza qilish ishlariga ijobiy ta’sir kо‘rsatadi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari.

20-08-2019 |
Foto galereya