Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil  Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatdagi barcha tuman va shaharlar markazlari va qishloqlarini  obod va kо‘rkam, aholi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan hududlarga aylantirish vazifasini qо‘ygan edi.

Yakkabog‘ tumani markazidagi maydonda “Obod qishloq” dasturi doirasidagi vazifalarni amalga oshirishga  bag‘ishlangan tadbir bо‘lib о‘tdi. Hokimlik, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tuman aholisi ishtirokida о‘tgan tadbirda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi doirasida qishloq aholisini qiynayotgan muammolarni joyida hal etish, og‘irini yengil qilishga qaratilayotgan e’tibor ularning hayotdan rozi bо‘lib yashashiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. 

Prezidentimizning mazkur tashabbuslari Yakkabog‘ tumani aholisi hayotida ham mutlaqo yangi davrni boshlab berdi, desak hech ham mubolag‘a bо‘lmaydi. Bugungi kunda  tumanda yakka tartibdagi uy-joylar, bog‘cha, maktab, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, servis, xizmat kо‘rsatish, savdo nuqtalari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash yuzasidan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlarni о‘z muddatida yakunlash uchun zarur ishchi kuchi va texnikalar jalb qilingan. 

Hududda uzoq yillardan beri og‘riqli masala bо‘lib kelayotgan  ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash hamda yangilarini barpo etish ishlari jadal olib borilyapti. Tabiiyki, bu jihat sohalardagi о‘tkir muammolarni yechishda kompleks yondashuvni talab etiladi. Nega deganda, Prezident Xalq qabulxonalariga tuman aholisidan kelib tushayotgan murojaatlarning kattagina qismi aynan mazkur sohalarga doir ariza va shikoyatlardan iborat. Ayni paytda murojaatlar tahlili uy-joy ta’minoti va uy-joy fondining holati ham fuqarolarimizni eng kо‘p о‘ylantirayotgan masalalar ekanini kо‘rsatmoqda.  Tumanda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturi hamda «Ilg‘or hudud» loyihasining izchil amalga oshirishga kirishilgani, mohiyatan ana shunday muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Mazkur tadbirda О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi о‘rinbosari Ulug‘bek Muxammadiyev, viloyat hokimi Zafar Ruziyevlar ishtirok etishdi va nutq sо‘zlashdi.

Voha san’atkorlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturidan sо‘ng, belgilangan vazifalarni о‘z muddatida yakunlash uchun zarur minglab ishchi kuchi va texnikalar Yakkabog‘ qishloqlarini obod qilish uchun manzilga yо‘l oldi.

                                                                           

Suratlarni Murod Komilov olgan.

                                                                           Viloyat hokimligi axborot xizmati

10-06-2019 |
Foto galereya