Ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turuvchi, tarbiyasi og‘ir 12 yoshdan  18 yoshgacha bо‘lgan voyaga yetmagan yoshlar uchun 13-22 avgust kunlari Kitob tumanidagi "Yosh alangachi" lagerida "Tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohi" tashkil etiladi.

Viloyatda istiqomat qiluvchi 185 nafar yosh jalb qilinishi mо‘ljallanayotgan tadbir davomida tarbiyaviy, jismoniy-ruhiy mashg‘ulotlarga katta о‘rin berilib, ishtirokchilarning oromgohda о‘tadigan har bir kuni alohida dasturlar asosida xilma-xil tashkil etiladi.   

Bu haqda Yoshlar masalalari bо‘yicha viloyat idoralararo kengashi majlisida ma’lum qilindi.

Majlisda ta’kidlanishicha, 2018 yil holatida ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turuvchi viloyat yoshlari soni 273 nafarni tashkil etgan bо‘lsa, joriy yilning iyul oyida bu kо‘rsatkich 178 nafarga kamaygan. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sonida ham sezilarli darajada kamayish kо‘zga tashlanadi. Bunday natijalarga erishilishida an’anaviy tarzda har yili tashkil etib kelinayotgan "Tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohi"ning alohida о‘rni borligi e’tirof etildi.

Tadbir maqsadiga kо‘ra, xulqi yaxshi tomonga о‘zgargan yoshlarni muddatidan oldin ichki ishlar organlari profilaktik hisobidan chiqarish bо‘yicha ijobiy tavsiyanomalar berish kо‘zda tutilgan.   

Eslatib о‘tamiz, о‘tgan yilgi oromgohga ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turuvchi 120 nafar voyaga yetmagan viloyatimiz yoshlari jalb etilgan bо‘lib, yakunda ulardan 70 nafari muddatidan oldin profilaktik hisobdan chiqarilgandi.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida 

 

31-07-2019 |
Foto galereya