Qarshi shahrining Shayxali mahallasi Qaynarbuloq ko‘chasida ana shunday noyob qobiliyat egasi bo‘lgan qizaloq istiqomat qilmoqda. Uning ism-familiyasi – Sevinch Narziyeva.

Sevinchning hayoti avvalboshdanoq sinovlar bilan boshlandi. O‘z tengdoshlari turli o‘yinlar o‘ynayotgan, raqsga tushayotgan bir paytda uning qo‘llari harakatga kelmasdi. Ammo tirishqoq, qatʼiyatli, qalbi shijoatga to‘la qizaloq o‘z maqsadlari yo‘lida olg‘a intilishdan to‘xtamadi. Imkoniyati cheklanganligi haqida o‘ylab ham o‘tirmay, mo‘yqalamni olib, oyoqlari yordamida rasm chizishga harakat qila boshladi. Yillab qilingan mehnat, matonat, mashq o‘z samarasini berdi. U ko‘pchilik to‘rt muchasi sog‘lar eplay olmaydigan ishni oyoqlari yordamida aʼlo darajada bajarishni o‘rgandi. Bugun Qarshi shahridagi 33-imkoniyati cheklangan  bolalar maktabining 9-sinfida tahsil olayotgan Sevinch Narziyevaning oyoqlari yordamida chizgan rasmlari har qanday kishining ko‘zini quvnatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Faxriddin Jumayev Sevinch Narziyeva istiqomat qilayotgan xonadonda bo‘lib, u chizgan rasmlarni tomosha qildi. Bu suratlar Sevinchning tom maʼnodagi isteʼdodi, mahorati, qolaversa, iroda va matonati namunasi ekanligini taʼkidladi.

Sevinch Narziyevaga viloyat Xalq qabulxonasi nomidan estalik sovg‘alari topshirildi.

 

Nasiba Ibragimova, "Yurt tarovati" gazetasi bosh muharriri

Foto galereya