AQShning "GMRF International" kompaniyasi vakillaridan iborat delagatsiya biznes - tashrif bilan viloyatimizda mehmon bо‘lib turibdi. 3 kunga mо‘ljallangan tashrifning ilk kunida delegatsiya a’zolari viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev qabulida bо‘lishdi.

Qayd etish joiz, sо‘nggi vaqtda yurtimizga xorijiy investorlar qiziqishi tobora ortmoqda. Chet ellik sarmoyadorlar uchun keng imkoniyat va yengilliklar taqdim etilayotgani, biznes yuritish uchun qulay muhit yaratilayotgani bunda muhim omil bо‘lmoqda. Oxirgi ikki yilda viloyatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri xorijiy investitsiya salmog‘i sezilarli kо‘paygani ham buning yorqin isbotidir. Xorij sarmoyasi ishtirokida bir qancha istiqbolli loyihalar rо‘yobga chiqarilayotgan bо‘lsa, hozirgacha ayrim quvvatlarning tо‘laqonli faoliyat boshlashiga ham erishildi.

Qabul jarayonida ham ayni shu jihatlar xususida atrofilicha sо‘z yuritildi. Viloyat hokimi bugungi kunda hududning investitsiya salohiyati juda yuqori baholanishi, voha kamyob va qimmatli xom ashyo-resurslariga boy ekanini alohida ta’kidladi. Aniq bir tashabbus ilgari surilsa, uning hayotga tatbiq etilishi uchun mahalliy hokimlik tomonidan barcha shart-sharoit yaratib berilishi bildirildi.

О‘z navbatida kompaniya delegatsiyasi bunday iliq munosabatdan mamnunligini izhor etdi. Mehmonlar ham jiddiy biznes hamkorlikka kirishishdan manfaatdor ekanini yashirib о‘tirishmadi.

Uchrashuv samimiy muloqot ruhida о‘tdi.

Viloyat hokimi qabulidan chiqib, xorijiy kompaniya vakillari Qarshi shahrining bir qator diqqatga sazovor joylariga borishdi. Viloyat markazidagi yirik ishlab chiqarish quvvatlari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bо‘lishdi. Bо‘sh turgan davlat mulki obyektlari ham mehmonlar e’tiboriga havola qilindi.

Delegatsiyaning biznes-tashrifi davomida yana bir qator tadbirlar о‘tkazilishi belgilangan. Yakunda о‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.

 qashqadaryogz.uz  ma’lumotlari  asosida

 

19-06-2019 |
Foto galereya