Vohamiz aholisi diqqatiga!

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi PQ-4887-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimiz, xususan viloyatimizda aholini tibbiy xatlov va antropometriyadan о‘tkazish tadbirlari boshlanmoqda.

Mazkur tadbirlarni tashkil etishga viloyatimizda 1531 ta tibbiy brigada,1088 nafar vrach, 6295 nafar о‘rta tibbiyot xodimi, shuningdek, vohamizda doimiy rо‘yxatda turadigan,  tibbiyot yо‘nalishlaridagi oliy о‘quv yurtlarida bakalavriatning 5- va 6-bosqichlari,  magistraturaning 1-, 2- va 3-bosqichlari,  klinik ordinatura (rezidentura)ning 1- va 2-bosqich talabalaridan 766 nafari  jalb etilmoqda.

Qadrli vohadoshlar!

Tibbiy xatlov va antropometriya (tana vazni, tana vazni indeksi, bо‘y, bel aylanasi, (bolalar uchun bosh va kо‘krak aylanasi), arterial qon bosimi, puls, saturatsiya  о‘lchovini olish) davlatimiz tomonidan aynan Sizlarning salomatligingiz uchun, sog‘lom ovqatlanishingiz, jismoniy faol bо‘lishingiz uchun, aslo doriga qaram bо‘lmasligingiz uchun amalga oshirilayotgan tadbir hisoblanadi.

Barcha ma’lumotlar tegishli jadvalga muvofiq yig‘iladi va elektron bazaga kiritiladi. Maxsus elektron dastur asosida umumlashtiriladi, ular asosida xonadonning elektron “Tibbiy kartasi”,  mahalla va tumanning “Salomatlik profili” shakllantiriladi.

Xatlov jarayonida tibbiyot xodimlari va talabalar tomonidan sog‘lom turmush tarziga oid suhbatlar tashkil etiladi.

Hurmatli fuqarolar!

Xonadonma-xonadon yurilgan tarzda tashkil etilayotgan bu tadbirlar Sizning ortiqcha vaqtingizni olmaydi, noqulaylik keltirmaydi va mutlaqo bepuldir. Shaxsiy ma’lumotlaringizning qonuniy daxlsizligini ta’minlash kafolatlanadi.

Shuncha qulayliklar yaratib qо‘yilgan bir paytda Sizlardan mazkur tadbirlarda faol ishtirok etishingizni sо‘raymiz. Salomatligingizga doir tegishli kо‘rsatkichlar tibbiy xatlovda aniq aks etishi uchun о‘zingiz ham astoydil jon kuydiring!

Azizlar!

О‘z salomatligingizni va tibbiyot xodimlari mehnatini qadrlang!

Faol bо‘ling!

Unutmang, tibbiy xatlov va antropometriya tadbirlari - Sizning sog‘lom kelajagingiz uchun beqiyos g‘amxо‘rlik demak!

 

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.

 

24-11-2020 |
Foto galereya