Kitob tumani markazida peshtoqida  “Meros”, “Anor”, “Zar tola”, “Issiq non”, “Kamalak”, “Mingchinor”, “Oyna” “Marjon” “Nur”, “Sadaf” yozib qo‘yilgan binolar bor.  Bu chiroyli o‘zbekona so‘zlarni o‘qish bilan kishining dili orom oladi, maʼnolarini o‘ylab ketadi. Har bir so‘z nimanidir eslatadi, nimanidir yodga soladi, eng muhimi, aksariyat so‘zlardagi mazmun bino ichkarisidagi ish faoliyati haqida tasavvur uyg‘otadi. Shu tariqa peshtoqlardagi nom dastlabki tashviqot, targ‘ibot rolini bajaradi.

Baʼzan esa peshlavhalarning chet tillarida yozilganini ko‘rasiz. So‘zlarning maʼnosini birda tushunib, birda tushunmaysiz. Gohida o‘zbekcha so‘zlar boshqa tillardagi so‘zlar bilan qorishib ketadi.

Eng yomoni, ayrim yozuvlarda imlo xatolarining borligi. “H” bilan “xni, “u” bilan “o‘”ni almashtirib yuborish va hokazolar. Tashqi yozuvlarning nozik tomoni shundaki, unga hammaning ko‘zi tushadi, hamma o‘qiydi. Aksariyat yosh bolalar bu yozuvlar qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qiladi, xato yozilganini ham to‘g‘ri, deb hisoblaydi. Shuning uchun binolardagi peshlavhalar, eʼlonlar, bildirgilarni tayyorlashda savodxonlikning ahamiyati katta.

Yozuvlarning risoladagiday bo‘lishi ko‘p hollarda tashqi targ‘ibot vositalari tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar faoliyati bilan bog‘liq. Kitob tumani hokimligi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman bo‘linmasi, adliya, arxitektura bo‘limlari, tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari hamkorligida tashqi targ‘ibot vositalarini tayyorlab beruvchi tadbirkorlar faoliyati bilan tanishilganda ana shular haqida tushuncha berildi.

Yakka tartibdagi  tadbirkor Mirshod Jabborov tuman hokimligida davlat tili masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda ishtirok etib, bu haqda ko‘pgina maʼlumotlarga ega bo‘lganligini aytdi. Eʼtiborli tomoni shundaki, ular faoliyatlari orqali kitob targ‘iboti bilan ham shug‘ullanishyapti. Alisher Navoiyning “Xamsa”si, Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar”i, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asarlarining zamonaviy usulda ramziy muqovalarini tayyorlashibdi. “Bularni  ijodiy kechalar, turli tadbirlarda foydalanish uchun buyurtma berishgan”, deydi Mirshod Jabborov. Ammo ayrim  targ‘ibot vositalarida imlo xatolar bor, shu bilan birga o‘zbek tilida muqobili bo‘la turib boshqa tillardagi so‘zlar ishlatilgan.

Tadbirkorlardan yana biri Adham Xoliqov bilan suhbatlashib, peshlavhalardagi imloviy xatolarni ko‘rsatdik. “Bularni, albatta, to‘g‘rilayman.  Biz tayyorlagan mahsulotlarda davlatimiz tilining mavqei ko‘rinib turishini men ham istayman”, dedi u.

“Dizayn siti” xususiy firmasi xodimi Shavkat Xoliqov ham mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlardan xabardor ekan. Firmaga kiraverishdagi lotin yozuvida yozib qo‘yilgan targ‘ibot vositasi ancha oldin tayyorlangani, yaqin kunlarda boshqasiga almashtirishini aytdi.

Tadbirkorlardan yana biri Qahramon Ashurovning eʼtiborini yil yozuvlaridagi xatoliklarga qaratdik. Baʼzan oddiygina tuyulgan kichkinagina nuqta yoki vergulning o‘zi butun boshli gapning mazmunini o‘zgartirib  yuboradi. Ayni paytda umumtaʼlim maktablaridagi ana shunday kamchiliklar tuzatilyapti.

Fan-texnika taraqqiyoti tufayli tilimizga chetdan so‘zlar oqimi shitob bilan kirib kelyaptiki, hatto tilchilarni ham shoshirib yuboryapti. Ana shunday sharoitda  chetdan kirgan so‘zlarni o‘rinli ishlatish bilan birga ona tilimizning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanishning ahamiyati katta. Xuddi shu maqsadda tashqi targ‘ibot vositalari tayyorlovchi tadbirkorlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari Gulandon Sattorova  telegramda “Tashqi reklama” guruhini tashkil etib, tadbirkorlarning har birini guruhga aʼzo qildi. Buyurtmalarni sifatli, mazmunli, bexato chiqishi uchun ularning ijtimoiy tarmoq orqali mutaxassislardan tezkor maslahat olishi yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatimizda tashqi targ‘ibot vositalarini tartibga solib turuvchi “Reklama to‘g‘risida”gi, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa bir qator meʼyoriy hujjatlar mavjud. Ayniqsa, reklamalarni tayyorlash, o‘rnatish, ularning mazmun-mohiyati, o‘rnatiladigan joy, egaligi va hokazolar bilan bog‘liq masalalar borki,  bularning o‘zi bir mavzu.

Nafsilambirini aytganda, hali peshlavhalardagi turli eʼlon, bildirgi va boshqa yozuvlarda xato va kamchiliklar ko‘p. Yurtini, elini, o‘z ona tilini sevgan har bir kishi bunday yozuvlarga befarq bo‘lmasligi, ularda milliy ruh aks etib turishi uchun jon kuydirishi kerak. Nima bo‘lganda ham o‘zbek tilini davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani tashqi targ‘ibot vositalari qanday shaklda bo‘lishidan qatʼiy nazar amaldagi qonunlarga muvofiq bo‘lishini taqozo etadi. Chunki reklama – maʼnaviyat, madaniyat, maʼrifat belgisidir.

Lola O‘ROQOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Foto galereya