Sug‘orishning tejamkor uslublarini yurtimiz dehqonlari о‘z tajribalaridan о‘tkazib kо‘rishgan. Endilikda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini keng tatbiq etilishi barobarida iqtisodiy samaradorlik ham hisoblab chiqilgani ayniqsa fermerlarga ma’qul bо‘lmoqda. Xarajatlarning katta qismi davlat kо‘magida subsidiya, soliq va boshqa tо‘lovlarga imtiyoz, yengilliklar berilishi bilan qoplanadi. Bu esa yangilikka intiluvchan fermerning manfaatdorligini oshiradi. Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanilik dehqonlar ham bu usulni afzalliklarini sinab kо‘rishni maqsad qilgan.

Shu bois joriy yilda tumanda suv tanqis va yetib borishi qiyin bо‘lgan hududlardagi 3 ta fermer xо‘jaligi tomchilatib sug‘orish texnologiyasini amaliyotga joriy qildi. Ulardan biri tumandagi Alisher Navoiy hududidagi “G‘uzor Agro Fayz” fermer xо‘jaligidir. Xо‘jalik a’zolari joriy yilda 20 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish usulida chigit ekdi. Ayni paytda qо‘sh qator usulda ekilgan g‘о‘zalar baravj rivojlanmoqda.

- Xо‘jaligimizning umumiy yer maydoni 500 gektar bо‘lib, shundan 110 gektari paxta maydoni, - deydi “G‘uzor Agro Fayz” fermer xо‘jaligi rahbari Muhiddin Fayzullayev. – Hududimizda suv juda tanqis. Ayniqsa yil og‘ir kelgan paytlari juda qiynalamiz. Shu bois joriy yilda sinov tariqasida 20 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qildik. Juda samarali bо‘ldi. Masalan bu usulda qator oralariga ishlov berilmaydi. О‘g‘it sepilmaydi. Hamma ozuqalar suv orqali yuboriladi. Ishchilarga ham qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bir sutkada 20 gektar maydon sug‘orib bо‘linadi. Tо‘g‘ri boshlanishiga xarajat kо‘proq bо‘ladi. Keyingi yillarda faqat shlanglar uchun mablag‘ sarflanadi. О‘zini oqlaydi. Boshida ikkilangandi. Qanday bо‘ladi? Katta mablag‘ tikilayapti о‘zini oqlaydimi? Xullas mana uskunalarni о‘rnatdik. Ishni boshladik. Hozir g‘о‘zalarimiz suvli maydondagidanda zо‘r. Keyingi yilda yana 20 gektar maydonda ushbu texnologiyani joriy qilishni mо‘ljallayapmiz.

G‘о‘zani sug‘orish jarayoni tо‘liq avtomatlashtirilgan. Avvaliga katta hovuzda suv tinitib olinadi. Sо‘ng maxsus qurilmalar orqali kuchli bosim bilan shlanglarga uzatiladi. Mineral о‘g‘itlar ham eritilgan holda suv orqali yuboriladi. Eng muhimi g‘о‘zani vaqtida sug‘orish imkoni yaratiladi. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha vegitatsiya davrida sug‘orishning bir kun kechikishi ham hosildorlikka salbiy ta’sir kо‘rsatishi mumkin.

Rost sug‘orishda tomchilatish usulidan foydalanish kо‘pgina afzalliklarga ega. Bunda suvdan tejamkorlik bilan foydalangan holda sifatli va mо‘l hosil yetishtirish imkoni yaratiladi. Bu usulni nafaqat paxtachilikda, balki bog‘dorchilik, polizchilik, aholi tomorqalarida joriy qilish yaxshi samara beradi. Buni “G‘uzor Agro Fayz” fermer xо‘jaligi misolida ham kо‘rish mumkin.

                                                                                                       О‘lmas Baratov

17-07-2019 |
Foto galereya