Kо‘p qavatli uyimiz oldidagi bolalar xiyobonchasi... Bо‘m-bо‘sh, huvullab qolgan. Odatda, shu paytlarda gavjum bо‘lardi. Qiy-chuv qilib, quvlamachoq о‘ynagan bolakaylar bilan zerikishni unutgan gо‘sha bir necha kundirki “dam olmoqda”. Bilaman, derazadan maydonchaga termilib, chuqur xо‘rsinayotgan bolakaylar ham uni, ya’ni maydonchani sog‘ingan. Shu murg‘ak qorakо‘zlarni “uyga qamagan” koronavirusga achchiq-achchiq gaplarimni aytib, “uzib-uzib” olsam, xumorimdan chiqarmikinman. 

Ammo... Chuqur xо‘rsiniq keladi ich-ichingdan. Bu kо‘rinmas yov sabab kо‘zgu tutdik о‘zimizga. Niqob taqib, nafas olyapmiz, kimgadir aytmoqchi bо‘lgan fikrimizni yetkazish uchun bir tin olib, obdon tayyorgarlik bilan gapirish kerakligini tushunyapmiz. Pardasi bor og‘iz bilan qiynalishimizni, ilgari buni fahmiga bormaganimizni his qilyapmiz. Har necha daqiqada qо‘limizni yuvib, pokizalik darsini takrorlamoqdamiz. Onaginamning (joylari jannatda bо‘lsin) gaplari bо‘lardi: suvga yaqin yurgin, bolam. Ozoda odamning yurishida, turishida, gap sо‘zida ham tartib bо‘ladi, tozalik bо‘ladi. Endi pokiza yurgan odam tiniq fikrlaydi, bu bor gap. Suvratipokning, siyrati ham shunday bо‘lar...

Tibbiyot xodimlarining nazdi bilan aytganda, yurak aslida bir musht. Uni katta qiladigan, tog‘lardan-da baland, adirlardan-da keng qiladigan kuch bor, bu – mehr-muhabbat. Bir kishini yaxshi kо‘rgan yurak, bir necha odamga ham yetadigan mehrni topa oladi. Axir mehrning о‘lchovi, chegarasi yо‘q!

Biz esa... keyingi paytda xasis bо‘lib borayotgan edik-da. Bir burda non, bir piyola suvga tо‘yadigan qornimiz g‘amini har nedan ustun qо‘yganimiz chin. “Kitob о‘qisam, boshim og‘riydi”, deyish odat bо‘ldi, soatlab telefon kovlab о‘tkazgan vaqtimizga achinmaymiz. “Oyi, mana buni kо‘rib bering”, deya darsligini kо‘tarib kirgan farzandimizga, javobimiz tayyor: “Boshimni qotirma, sendan bо‘lak qancha tashvishim bor”. Kimdir ovoziga zо‘r berib ishini bitirsa, “Ha baloyakan”, deydigan bо‘lib qoldik, uni olqishlab. Oq xalat bilan xonadonga kirib kelgan tibbiyot xodimini urib, og‘zi-burnini qonga tо‘ldirib, keyin uni ijtimoiy tarmoqda elga ovoza qilgan ham о‘zimiz-ku. Diydamiz qotgan ekan. Kо‘zimiz kо‘nikib, eshituv elakni qachon, qayerda yо‘qotganimizni eslay olmaymiz. Yurakning insof murvati zanglayozgan ekan. “Nima men, doim yaxshi fikrda bо‘lsam, harom bilan halolni ajrata olsam”, degan fikr о‘tdi, shuuringizdan. Ammo yodda tuting, kо‘z zinosi, quloq, til zinosi bor. Kо‘rib kо‘rmaslikka, eshitib eshitmaslikka olishning sо‘rovi bor. Iddao qilishni, kimgadir nafimiz tekkanini kо‘z-kо‘z qilishni о‘rgandik. Butun vujudimiz toshga aylanmasdan turib, Yaratgan ogohlantirdi. Nafaqat bugun, balki hamisha sinovdasan, sinovlarni yengish uchun bir mushohada qilgin, halol bо‘lgin, pok bо‘lgin demoqda, nazarimda. Yurakni qо‘lga oling, uni taftish qiling. Xulosani qayta-qayta tinglang.

Biz kimmiz? Nima uchun yashayapmiz, maqsad-muddaomiz nima?

Yonimizdagi qadrdonimiz, guldek bolamizni bag‘rimizga bosa olmayapmiz, bundan ortiq jazo bormi odamzot uchun. Oldingda turgan qondoshingni yonida turib sog‘inyapsan-ku, qо‘l berib kо‘risha olmasang, quchog‘ingga bosa olmasang. Har ne g‘animat ekanini tobora chuqur anglamoqdamiz.

“Har doim gavjum bо‘ladigan kо‘chalarda hech kim yо‘q, ertalab derazadan qarab turib, yig‘lagim keldi, bolam. Nevaralarim Toshkentda, har kuni gaplashib turibman. “Onajon, umuman kо‘chaga chiqmang”, deydi о‘g‘lim. Navrо‘zda kelishsa, sumalak tayyorlamoqchi edik oilaviy. Bundaylar bо‘lib ketdi, diydor ortga surildi, yurt omon bо‘lsin bolam”

“Yoshim 65 da. Uydaman, umuman kо‘chaga chiqayotganim yо‘q, bozorlig‘imizni jiyanim qilib kelib tashlab ketmoqda. Yangangiz bilan uzoq-uzoq gurung qilyapmiz, gap ham topiladi-yey. Shuncha yil yashab yangangizni yanayam yaxshi kо‘rib ketyapman (telefonda bо‘lsa-da, suhbatdoshimning hijolatomuz kulayotganini sezaman), endi u tayyorlagan taomlarni aytmaysizmi, men bо‘lsam, kо‘chada ovqatlanib yurganman shu paytgacha, qarang?”.

“Eh, dadajon tezroq maktab ochilsa, edi. Ertalab turishga eringanlarimni esimdan chiqarardim. Kitoblarimni tinmay о‘qib, bilganlarimni aytib berardim. Ustozlarimni, maktabimni shunaqa sog‘indim”.

“Biz guruhimiz bilan Shahrisabzga, Oqsaroyga bormoqchi edik, karantin tugasin boramiz, sinfdoshlarim bilan rasmlarga tushib kelamiz”.

“Mana shu sinovli kunlar о‘tsin, birinchi borib dadamlarni yо‘qlayman. Bormaganimga, tо‘g‘risini aytay, yashirmayman ana-mana deb ikki oy bо‘ldi-yov. Ish, ish deyaverib, vaqt topmaganimni. Ey, о‘zi odamgarchilikdan chiqib ketgan ekanman-yey”.

“Qaysi kuni bir qо‘shnimiz kо‘rikka borgan ekan, “Rosa vrachni haqorat qilib keldim”, deya “maqtangandi”. Nima emish, “Navbat bilan kiring, qarang yoshi kattalar bor”, degan ekan. Bugun о‘sha qо‘shnim uchun men xijolat bо‘lyapman. Boshim yerga tekkuncha, ta’zim qilaman. Jasorat kо‘rsatishyapti, baraka topgurlar. Ayting, kim о‘z jonini garovga qо‘yib, karantin joyga kiradi? Yaxshi xabar eshitdik. Mana, yetti kishi tuzalib karatin hududdan chiqarilibdi. Ana shu shifokorlar kunni kun, tunni tun demay ishlayapti-da. О‘zinimas, boshqalarni о‘ylab xuddi jangga tushgan jangchidek mehnat qilishyapti, ey, otasiga rahmat shu oq xalatlilarni. Xalqimiz tinmay duoda...”

“Ammajon sizni sog‘indim, – deydi jiyanim telefonda. – Biznikiga qachon kelasiz. Kelganingizda zо‘r narsalarim bor, sizga kо‘rsataman, qо‘l yuvadigan sovuncham, hidli rо‘molcham bor. Ukamgayam olib berganlar dadam. Ayam katta rasmli ertak kitob olib keldilar, keling hammasini kо‘rsataman...”.

“Shu kunlarda eshigimiz taqillasa, uyda hamma bir-biriga hayron boqmoqda, Axir yaqin ikki haftadirki, xonadonlarga mehmon kelmay qо‘ydi. Mehmon kutishni sog‘indik. Kimdir kelsa, jonimga tegdi, kunda, kunora menikida shular, degan paytlarim bо‘lgan, yanga”. Yuzlar uyatdan qizaradi.

“Ish bilan bо‘lib, shaharda qolib ketdim. Qaysi kuni amallab, qishloqqa borsam, dadam uyga kiritmadilar. “Karantindagi bolalaring sog‘ligiga men kafil, seni hozir kirita olmayman”, deydilar. Bizda – shu, dadamning aytganlari – aytgan, deganlari – degan. Yana ne bir azob bilan shaharga kelib oldim. Hozir ular qishloqda, men shaharda – “domda”. Erkak kishi bо‘lsayam, odamni xо‘rligi kelarkan. Qurib ketsin, bu koronavirus. Bir joyda о‘qigan edim: Yolg‘izlikda imkon bor, ammo baxt yо‘q.”

Bu sinovli kunlar har birimizni shundayin sinamoqdaki, tahlil qilish, о‘zni toblash, savollarga javob topishga yо‘l ochmoqda.

E’tibor bering, boy davlatning farzandi ekanmiz. Neki ehtiyoj, neki talab bor, barchasi muhayyo etilmoqda. Uyda maktab bor, farzandlarimiz televizor orqali dars olmoqda. Xizmatlar onlayn bajarilmoqda. Oziq-ovqat zaxirasi yetarli, dо‘konlar badastr. Xorijdagi birodarlar sarson bо‘lmasin deya vatanga olib kelindi. Tibbiy muolaja uchun imkon yaratildi. His etish, anglash onidir axir. Duo qilishni sog‘inganlar uchun, iltijo mavridi.

Tushunganlarga ta’zim, uyda qolayotgani uchun. Ota-onalarga rahmat, bolasini bag‘riga bosib kо‘chaga chiqarmayotgani, о‘zining, davlatning taqdiriga befarq bо‘lmayotgani uchun. Shu payt ich-ichingdan bir tug‘yon keladi: Dardlaringga malham bо‘layin, xalqim! Agar sо‘z bilan bо‘lsa-da ulush qо‘shish imkonini hisobga olsangiz, sо‘zlarim nisor. (Qо‘lni, yо‘q-yо‘q qо‘lni emas bu karantin qoidasiga zid!) Azizim, yuraklarni birlashtiraylik. Ruh pokligi, tan ozodaligi, fikr uyg‘oqligi hamda sabr, tafakkur bilan kо‘rinmas baloni yengamiz. Uyda qoling!

Ziyoda AMINOVA,

jurnalist

 

31-03-2020 |
Foto galereya