Bugungi kunda O‘zbekistonda turizm salohiyati kengaymoqda va respublikamizning har bir hududining o‘ziga xos tabiati va anʼanalari mavjud bo‘lib, ularni jahon miqyosida mashhurlikka erishishida albatta hududiy brendlarni rivojlantirish va uni shu hudud bilan bog‘liqligini ko‘rsatishda intellektual mulk obyektlarning bir turi bo‘lgan geografik ko‘rsatkichlarning o‘rni beqiyos hisoblanadi.

“Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ko‘ra tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb eʼtirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasining ko‘magi bilan joriy yilning 8-yanvar kuni “G‘UZOR TANDIR GO‘SHTI” geografik ko‘rsatkich sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Qashqadaryo viloyatida birinchi bo‘lib davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ushbu geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma uning egasi, yaʼni G‘uzor tuman hokimligiga guvohnomada ko‘rsatilgan tovar turiga nisbatan foydalanish huquqini beradi.

Mazkur geografik ko‘rsatkich guvohnomasi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Isoqov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi tadbiri doirasida G‘uzor tuman hokimi B.Suyunovga tantanali ravishda topshirdi.

Xulosa qilib aytganda, geografik ko‘rsatkichlar sonini oshishi hududlarga turistik oqimining ko‘payishiga, “gastronomik turizm”ni rivojlantirishga va umuman, hududlarning turistik jozibadorligini oshirishga yordam beradi.

12-01-2024 |
Foto galereya