Ayni paytda viloyatimiz qishloq xо‘jaligida yana bir muhim tadbir - g‘alladan bо‘shagan suvli maydonlarga takroriy ekin ekish ishlari davom etmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi boshlig‘ining birinchi о‘rinbosari Aktam Yо‘ldoshev bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni gapirib berdi.

Qancha yerda takroriy ekin ekiladi?

- Joriy mavsum viloyatimizda 204 ming 800 gektar yer maydoni boshoqli don ekinlaridan bо‘shagan. Shundan    63 ming gektari lalmi yer bо‘lsa, 141 ming  800 gektari suvli maydonlardir.

Tabiiyki, ana shu suvli maydonlarning katta qismida to qish-qirovli kunlar kelguniga qadar yana bir marotaba mos ekin turlarini ekib, hosil olish imkoniyati mavjud. Bu ayniqsa, dehqon va fermer xо‘jaliklarining daromadi va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash,  tuproq unumdorligini oshirish, aholining foydali mehnat bilan bandligini ta’minlash va eng asosiysi, qishloq xо‘jaligi mahsulotlarining mо‘l-kо‘lligiga erishish, aholining sifatli, tabiiy oziq-ovqat mahsulotlariga bо‘lgan ehtiyojini qoplash hamda eksportbop mahsulot turlarini kо‘paytirishda muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqqan holda, viloyatimizda takroriy ekinlar ekish bilan bog‘liq ishlarni о‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 29 martdagi "2019 yil hosili uchun qishloq xо‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz   hajmlari tо‘g‘risida"gi qarori hamda viloyat hokimining 2019 yil 1 apreldagi tegishli qarori bilan viloyatimizda g‘alladan bо‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekishning prognoz kо‘rsatkichlari belgilab berilgan. Unga kо‘ra, joriy yilda viloyatda jami 38 ming 85 gektar, shu jumladan, 2880 gektarga sabzavot, 2086 gektarga kartoshka, 382 gektarga poliz, 500 gektarga kungaboqar, 3837 gektarga dukkakli hamda 28 ming  400 gektarga ozuqa ekinlari takroriy ekin sifatida ekilmoqda.

Hududlar kesimida oladigan bо‘lsak, bu borada eng yuqori kо‘rsatkich Mirishkor (6205 gektar), Koson (4870 gektar), Nishon (4287 gektar), Qarshi (3272 gektar) hamda Kasbi (3184 gektar) tumanlari hissasiga tо‘g‘ri keladi. Shuningdek, Chiroqchi tumanida 2896, Shahrisabz tumanida 2677, Qamashi tumanida 2589, Yakkabog‘ tumanida 2565, Muborak tumanida 2162, G‘uzor tumanida 1910 hamda Kitob tumanida 1468 gektar maydonda takroriy ekinlar ekilishi belgilangan.

Ayni paytda bu borada zarur chora-tadbirlar belgilanib, ishlar olib borilmoqda. Shu kunga qadar aksariyat fermerlar g‘alladan bо‘shagan maydonlarga  takroriy ekinni ekib, undirib olishga ham erishdi.

Ekinlarni joylashtirishda iqlim-sharoit qanchalik  inobatga olingan?

- Bilamizki, viloyatimizning barcha hududlari о‘ziga xos iqlim sharoitiga ega. Takroriy ekinlarni joylashtirishda ham bu jihat e’tiborga olinib, har bir hududning iqlim va tuproq sharoitiga mos ekinlar ekilishiga ahamiyat qaratilgan.

Misol uchun, poliz, dukkakli hamda ozuqa ekinlari kо‘p ham sharoit tanlamaydi. Yaxshi parvarishlansa, viloyatimizning barcha hududlarida undan yuqori hosil olish mumkin. Kartoshka esa boshqa ekinlarga qaraganda yuqori haroratga biroz chidamsiz. Ayniqsa, uni yozning jazirama pallasida, takroriy ekin sifatida ekib, rivojlantirish yanada e’tiborni talab etadi. Shu bois, viloyatimizda bu ekinni harorat biroz past va tuproq sharoiti mos bо‘lgan Kitob (500 gektar), Shahrisabz (550 gektar), Yakkabog‘ (550 gektar), Qamashi (220 gektar) va Chiroqchi (266 gektar) tumanlarida ekish mо‘ljallangan. Umumiy hisobda ushbu tumanlardagi 586 ta fermer xо‘jaligi bо‘sh yer maydonida takroriy ekin sifatida kartoshka ekilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, sо‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan sifatli va yuqori navli kartoshka yetishtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 iyundagi "2019 yil hosili uchun qishloq hо‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga urug‘lik kartoshka yetkazib berish va ichki iste’mol bozorini ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli tо‘ldirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qaroriga asosan, viloyatimizda kartoshka ekiladigan ushbu maydonlar uchun "Lavr Farm" mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijdan 1000 tonna urug‘lik kartoshka yetkazib berishi kо‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan о‘rganishlar natijasiga kо‘ra, iyul oyining dastlabki yarmidagi ma’lumotga asosan mazkur jamiyat tomonidan Shahrisabz tumaniga "Gala" navli R-1 avlodli 90 tonna, Yakkabog‘ tumaniga 29,2 tonna urug‘lik kartoshka keltirilgani aniqlandi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Qancha hosil jamg‘ariladi?

- Yuqorida ta’kidlab о‘tganimdek, takroriy ekinlar yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlarining kо‘pligi hamda narx barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Viloyatimiz misolida oladigan bо‘lsak, agar belgilangan maydonlarda ushbu ekinlarni о‘z muddatida ekib, yaxshi hosil olinsa, bu 105 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari hamda 710 ming tonnadan ortiq yem-xashak yetishtirish imkonini beradi. Turlari bо‘yicha alohida oladigan bо‘lsak, 60 ming 244 tonna sabzavot, 5626 tonna poliz, 5623 tonna dukkakli mahsulotlar, 33 ming  581 tonna kartoshka hamda 800 tonna kungaboqar yetishtiriladi, deganidir.

Ishlar о‘z vaqtida bajarilishini kim  nazorat qiladi?

- Vazirlar Mahkamasi hamda viloyat hokimining tegishli qarorlarida takroriy ekinlarni yetishtirish uchun talab etiladigan urug‘lik, yonilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral о‘g‘itlar va boshqa xarajatlarning aniq qiymati hisoblanib, moliyalashtirish manbalari belgilandi. Har bir hududga mas’ul rahbarlar biriktirilib, ular zimmasiga ishlarning о‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Shundan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan barcha hududlarda ekin turlarining belgilangan tartibda joylashtirilishi, ta’minotchi korxonalar tomonidan urug‘lik, mineral о‘g‘itlar hamda yonilg‘i-moylash mahsulotlari yetkazilishidagi muammolar о‘z vaqtida о‘rganilib, fermer xо‘jaliklariga amaliy kо‘mak kо‘rsatilmoqda.

J.BOYMURODOV yozib oldi.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

31-07-2019 |
Foto galereya