Qashqadaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi majlislar zalida yangi soliq kodeksi loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda tadbirkorlar, korxona va tashkilotlar rahbarlari va oliygohlarda iqtisod yо‘nalishida ta’lim berayotgan о‘qituvchilar ishtirok etdi.

Ma’lumki, 2017 — 2021 yillarda О‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yо‘nalishi bо‘yicha Harakatlar strategiyasiga asosan, soliq tizimida olib borilgan islohotlar soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish siyosatini davom ettirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va tegishli rag‘batlantiruvchi choralarni kengaytirish qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada qator muhim hujjatlar qabul qilindi.

Soliq tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 5 foizdan 2 foizga, foyda solig‘i 14 foizdan 12 foizga, dividend solig‘i 10 foizdan 5 foizga kamaytirildi. Byudjetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalarga ajratmalar esa bekor qilindi. Soliq solish tizimi soddalashtirilib, soliq turlari 19 tadan 15 taga qisqartirildi, yagona ijtimoiy tо‘lov va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobotlari birlashtirildi, qо‘shilgan qiymat solig‘i hisobotining 9 ta ilovasi 5 taga tushirildi, hisobvaraq-faktura shakli soddalashtirildi. Bu esa tadbirkorlarni ishlab chiqarishini kengaytirishi, kо‘proq daromad olishi va soliq bazani kengaytirishga asos bо‘ldi.

Natijada, joriy yilning birinchi yarim yillikda viloyat uchun  belgilangan 2 trln. 778,2 mlrd. sо‘m byudjetga tushum prognozi  3 trln.  108,4 mlrd. sо‘mga yoki 112  foizga ortig‘i bilan bajarildi. Tushum о‘tgan yilning mos davriga nisbatan 174 foizga (1 trln. 319 mlrd. sо‘mga) о‘sdi.

Bugun shu islohotlarning davomi sifatida ishlab chiqilgan yangi soliq kodeksinining joylarda muhokamasi bо‘lib о‘tmoqdi.

—О‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qо‘mitasi va Moliya vazirligi hamkorligida о‘tkazilgan mazkur tadbirda yangi kodeksining loyihasida soliq qonunchiligini yanada soddalashtirish, soliqlarni va boshqa tо‘lovlarning sonini kamaytirishga e’tibor qaratilgan.

О‘zbekistonning yangi soliq kodeksi loyihasini ishlab chiqish jarayonida Davlat soliq qо‘mitasi mutaxassislari, Moliya vazirligi, Xalqaro Valyuta jamg‘armasi, Jahon Banki va boshqa xalqaro ekspertlar ishtirok etgan:- deydi Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i E.Gadoyev.  

Davra suhbatida sо‘zga chiqqanlar qayd etishlaricha, soliq qonunchiligi majburiylik, aniqlik, soliq solishning adolatliligi, soliq tizimining birligi, soliq tizimining yagonaligi, soliq qonunchiligining oshkoraligi va soliq tо‘lovchi tо‘g‘riligining prezumsiyasi prinsiplariga asoslangan.

Har bir shaxs ushbu kodeks loyihasida belgilangan soliqlar va boshqa majburiy tо‘lovlarni tо‘lashga majburdirlar. Hech kimga ushbu Kodeksda nazarda tutilmagan yoxud uning meyorlarini buzgan holda о‘rnatilgan soliq va boshqa majburiy tо‘lovlarni tо‘lash majburiyati qо‘yilmaydi.

Xulosa о‘rnida shuni aytish kerakki, olib borilayotgan islohotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, byudjet daromadlarini oshirish, aholi turmush farovonligini yaxshilashga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda ishtirokchilar о‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.     

Qashqadaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.

14-09-2019 |
Foto galereya