Mustaqillik yillarida respublikamizda sud-huquq sohasida juda katta islohotlar amalga oshirildi, jinoiy jazolar liberallashtirildi, jazo tizimidan o‘lim jazosi, mol-mulkni musodara qilish jazolari chiqarildi, yarashuv instituti joriy qilindi, yetkazilgan zararlar qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni tayinlash belgilandi, qamoqqa olish sanksiyalarini qo‘llash sudlarga o‘tkazildi.

Shuning bilan bir qatorda respublikamizda sud huquq islohotlari jadallik bilan olib borilmoqda.

2023-yil 11-sentabrda “O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston-2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-300-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorda, 2024-yil yakuniga qadar qonunda belgilangan asoslarda tezkor-qidiruv va tergov harakatlariga sanksiya berish masalasini alohida sudyalar - tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqish tartibini joriy etish belgilangan.

Shuningdek, tadbirkorlik sohasida javobgarlikni yanada liberallashtirish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsni, agar u sud maslahatxonaga kirguniga qadar soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan har bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov hamda sud jarayonida tegishli mansabdor shaxs jinoyat ishi materiallarini ish yurituviga qabul qilgan vaqtdan boshlab tadbirkorni himoya qilishga Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, tadbirkorlik subyekti aʼzo hisoblangan boshqa tashkilotni jamoat himoyachisi sifatida jalb etish tartibi joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yo‘llarida piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy etib belgilanadi.

2023-yil 1-oktabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga 10 million so‘mdan yuqori bo‘lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik subyekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2023-yil 1-noyabrdan boshlab ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan zararni qoplash bilan bir qatorda, zarar yetkazilgan tabiat obyektini tiklash va uning muayyan muddat davomida muhofaza qilinishini taʼminlash majburiyati yuklanadi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab avtomototransport vositasining oldi-sotdi shartnomalari va boshqa notarial tasdiqlangan bitimlarni “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, ariza beruvchilardan mazkur hujjatlarni talab qilish taʼqiqlanadi.

2024-yil 1-martdan boshlab notarial idoraga kelmasdan mol-mulkdan foydalanish bilan bog‘liq bitimlarni (mulk huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishdan tashqari) elektron raqamli imzodan foydalanib, videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirish tartibi joriy qilinadi.

 

Viloyat hokimligi yuridik xizmat
bosh yuriskonsulti Sh.Kushokov

02-12-2023 |
Foto galereya