25 may kuni mamlakatimizdagi barcha maktablarda "Mening maktabim - mening uyim" shiori ostida 2018-2019 о‘quv yilini yakunlash va "Sо‘nggi qо‘ng‘iroq" tadbirlari о‘tkaziladi.

Soha xodimlarining xabar berishicha, bu yilgi "Sо‘nggi qо‘ng‘iroq" tadbirlarida faqat 1- va 11-sinf о‘quvchilari ishtirok etishadi.

Xabarga kо‘ra, "Sо‘nggi qо‘ng‘iroq" tadbirlari maktab hovlisi, bog‘ida yoki soya-salqin ochiq maydonlarda о‘tkaziladi. Maktab hududiga texnika vositalari va begona shaxslarning kiritilmasligi ta’minlanadi. Ushbu tadbirlar joylardagi mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlikda tashkil etilib, о‘quv muassasalariga faxriy о‘qituvchilar, ota-onalar, maktabning sobiq bitiruvchilari taklif etiladi. Bitiruvchi о‘quvchilarning turli liboslar hamda lentalar taqishi taqiqlanishi kо‘pchilik ota-onalarni ham xursand qildi. Shuningdek, maktab ma’muriyati tomonidan yil davomida namunali xulq va a’lo baholarga о‘qib, eng yuqori reyting kо‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanadi.

- Uch nafar farzandim maktabda о‘qiydi, - deydi Qarshi shahrilik Nargiza Primova. - Yangi tartib haqida eshitib, juda xursand bо‘ldim. Chunki bitiruv oqshomlarini xonadonlar, restoran,  qahvaxonalarda banket yoki boshqa marosimlar shaklida о‘tkazishga yо‘l qо‘yilmasligi turli ortiqcha xarajatlarning oldini oladi.

  S.ALLAYOROVA

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

25-05-2019 |
Foto galereya