ROSSIYALIK MUTAXASSISLARDAN “KAPALAK-BOLALAR” PARVARISHI BО‘YICHA “NOZIK” SABOQLAR

ROSSIYALIK MUTAXASSISLARDAN “KAPALAK-BOLALAR” PARVARISHI BО‘YICHA “NOZIK” SABOQLAR

Avval xabar berganimizdek, Qashqadaryo viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanserida Rossiya Federatsiyasi Pediatriya markazining yetuk mutaxassislari tomonidan “Bullyozli epidermoliz” bilan kasallangan bemorlarni parvarishlash bо‘yicha mahorat darslari va bemorlar kо‘rigi tashkil etildi.

Mazkur tadbirga rossiyalik malakali mutaxassislar Anastasiya Sabitova, Aleksey Turkin, Lidiya Delishevskaya, Olga Orlova, Yuliya Matveyeva va Malika Denisova tashrif buyurdilar.

Mehmonlar dastlab viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Tursunov qabulida bо‘lishdi. Boshqarma boshlig‘i ularga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, xayrli ishlarida muvaffaqiyat tiladi.

Dispanserda о‘tkazilgan kо‘riklar davomida rossiyalik mutaxassislar bullyozli epidermolizga chalingan 30 nafar bolani kо‘rikdan о‘tkazib, tegishli tavsiyalarni berishdi. Bundan tashqari boshqa teri-tanosil kasalliklariga chalingan 50dan ortiq bemorlar va ularning parvarishlovchilariga maslahatlar berildi.    

–“Bullyozli epidermioliz” – genetik va klinik jihatdan geterogen bо‘lgan kasalliklar guruhi bо‘lib, teri va shilliq qavatlarda pufakchalar va eroziyalar hosil bо‘lishi, teri tez shikastlanishi va ahamiyatsiz mexanik jarohatlarga ham ta’sirchan bо‘lishi unga xosdir, – deydi rossiyalik mutaxassis Aleksey Turkin. – Ba’zan teri va shilliq qavatlarda pufakchalar va eroziyalar jismoniy, kimyoviy va harorat ta’sirida ham hosil bо‘ladi. Hosil bо‘lgan shikastlarni (ochiq jarohat jarayonida) doim maxsus bog‘lama matolar bilan yopish zarur. Shu bilan uni qayta shikastlanishdan himoya qilinadi.

–Ularning terisini kapalak qanotiga tenglashtirib, bu kasallikka chalinganlarni majoziy ma’noda “kapalak” deb atashadi, – deydi Rossiya Federatsiyasidagi “Deti-babochki” xayriya fondi tibbiy dasturi rahbari  Anastasiya Sabitova. – Bunday bemorlar parvarishi – о‘ta nozik ish, u shifokorlar, hamshiralar hamda ota-onalardan juda katta e’tibor talab qiladi. Bugungi tadbirlar davomida tibbiy kо‘riklar bilan bir qatorda mutaxassislarimiz tomonidan bunday parvarishning nozik jihatlari amaliy tarzda kо‘rsatib berildi.

–Kuzatishlarimizdan kо‘rinadiki, bu irsiy-genetik kasallik ayniqsa, er-xotin yaqin qarindosh bо‘lgan oilalarda kо‘p uchraydi, – deydi viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri bosh shifokori Ashirali Xoliyorov. – Shu bois ham bu kasallik haqida nafaqat bemorlarning yaqinlari, balki nikohlanuvchi yoshlar о‘rtasida ham keng targ‘ibot ishlarini olib borish zarur. Bugun mutaxassislar tomonidan bu borada zarur qо‘llanmalar ham tarqatildi. Navbatdagi tibbiy kо‘rik va saboqlar Shahrisabz shahridagi viloyat teri-tanosil kasalliklari shifoxonasida davom etadi.

Eslatib о‘tamiz, mazkur tadbirlar О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 sentabrdagi “Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam kо‘rsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi Qarori ijrosi hamda respublika Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyruqlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.

 

Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash

boshqarmasi axborot xizmati rahbari

Nuriddin Egamov

 

  • Telefon: (71) 200-55-05, (75) 221-07-60

  • Pochta indeksi: 180100

  • Faks: (75) 221-13-40

  • Elektron pochta: info@qashqadaryo.uz

  • Manzil: Qashqadaryo viloyati,
    Qarshi shahri, Mustaqillik maydoni,1

  • Yaqin jamoat transport to`xtash joylari Milliy bank va Mustaqillik maydoni bekati avtomashrut: 1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,37,44,462,11,21,37,33