Bugun, 13 yanvar kuni xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq birinchi sessiyasi bо‘lib о‘tdi.

Sessiya oldidan saylovlarda xalq vakili sifatida saylangan deputatlarga guvohnoma va nishonlar tantanali topshirildi.

Sessiya ishida viloyat Kengashi deputatlari, Qashqadaryo viloyat hokimining о‘rinbosarlari, viloyat hokimligining boshqarma va bо‘limlari rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisi  Zaynilobiddin Nizomiddinov qatnashdi. 

Dastlab, viloyat saylov komissiyasi raisining xalq deputatlari viloyat Kengashiga о‘tkazilgan saylov natijalari haqidagi axboroti eshitildi.

Shundan sо‘ng xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining reglamenti va doimiy komissiyalari tо‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. 

Deputatlar xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini rо‘yxatga olish hamda viloyat Kengashidagi doimiy komissiyalarni tuzish tо‘g‘risidagi masalalarni kо‘rib chiqdilar.

Shuningdek, Kengashning yettita doimiy komissiyasi tuzildi. 

Sessiyada О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash masalasi kо‘rib chiqildi.

Dastlab ushbu masala yuzasidan siyosiy partiyalar guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar о‘tkazildi. 

О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisi  Zaynilobiddin Nizomiddinov О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Zoyir Mirzayev nomzodini xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi sessiyasida tasdiqlash tо‘g‘risida taqdimnoma kiritilganligini bildirdi va uni о‘qib eshittirdi.

Sо‘ngra mazkur masala yuzasidan xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashidagi partiyalar guruh rahbarlarining fikr-mulohazalari tinglandi.

Deputatlar Zoyir Mirzayevning nomzodini qо‘llab-quvvatlab, Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimiga qayta tasdiqladilar.

Ahror Sodiqov, viloyat hokimligi Axborot xizmati rahbari.

Foto: M.Komilov.

 

13-01-2020 |
Foto galereya