Viloyatimizda 9 – may Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosib nishonlandi.

Bayram tadbirlari dastlab, Ikkinchi jahon urushida qatnashgan viloyatdagi urush faxriylarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan tabriklash va holidan xabar olishdan boshlandi.

– "Urushga ketishdan avval qanchadan qancha orzu – niyatlarim bo‘lgan, – deydi urush faxriysi Usmon Donayev. – Urush boshlangach, ko‘pchilik qatori men ham frontga ketdim. U yerda mislsiz qiyinchiliklarni boshdan kechirdik. Urushda qanchadan-qancha insonlar ko‘z o‘ngimda halok bo‘lishdi. Ilohim, xalqimiz hech qachon urush ko‘rmasin. Bugungi dorilamon kunlar bardavom bo‘lsin. Yoshligimda niyat qilgan orzu-havaslarimga bolalarim, nevaralarim, barcha yoshlarimiz yetishsin".

Faxriylarga O‘zbekiston Respublikasining "Ikkinchi jahon urushida g‘alabaning 75 yilligi" esdalik yubiley medali va Rossiya Federatsiyasining “75 лет победы в великой отечественной войни 1941-1945” medali hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10 million so‘m pul mukofotlari topshirildi.

Shundan so‘ng, viloyat, Qarshi shahar sektor rahbarlari, Milliy gvardiya, harbiylar ishtirokida Qarshi shahridagi Xotira maydonida Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirib, Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan "Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi muborak!" uchrashuvida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan yo‘llagan onlayn tabrigi urush qatnashchilari va faxriylari ishtirokida tinglandi.

Shu bilan birga uchrashuv davomida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va o‘zining nomidan yana bir bor tabrikladi. Urush qatnashchilari va faxriylari uchun bayram dasturxoni yozilib, badiiy dastur namoyish qilindi.

12-05-2020 |
Foto galereya