Qadrli qishloq xo‘jaligi xodimlari, dehqon va fermerlar!

Hurmatli agroklaster rahbarlari!

Sohaning jonkuyar xodimlari va muhtaram faxriylar!

Qishloq xo‘jaligida mavsum yakunlanib, ishlar sarhisob qilinayotgan shu kunlarda, barcha dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mexanizator va agronomlar, suvchi va irrigatorlar, fidoyi olim va mutaxassislarni, shuningdek, Sizlar orqali mehnatkash va tanti xalqimizni – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman.

Sizning mashaqqatli va sharafli kasbingizni ulug‘lab ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy shunday yozadi: Don sochuvchi dehqon, yerni haydash bilan rizq yo‘lini ochadi...Chumolilar uyi undan obod. Novvoyning tandiri u bilan issiq,  fuqaroning rizq-ro‘zi, kuch-quvvati don bilandir. Dehqonning bir don sepganida shuncha hikmat bor, o‘zga ishlarini taʼriflash maholdir.

Albatta, xalqimiz timsolingizda har qanday murakkab sharoitda ham o‘z kasbi va burchiga sodiq qolib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan zahmatkash, mard va olijanob insonlarni ko‘radi.

Ayniqsa, butun dunyoda iqlim o‘zgarib, yer va suv resurslariga bo‘lgan talab ortayotgan, buning ortidan muammolar ko‘payib borayotgan hozirgi vaqtda matonat ko‘rsatib, omilkorlik ish yuritayotganingiz, mo‘l hosil yetishtirib kelayotganingiz yuksak tahsinga munosibdir.

Hurmatli soha vakillari!

Mavsum avvalida pillachilik, g‘allachilik, paxtachilik va meva sabzavot yetishtirish borasida ishga puxta va aniq texnologiyalar asosida yondashuv talab etiladi.

Yer ilmini bilish, meloratsiya ishlarini tizimli tashkil etish, texnikalardan samarali foydalanish uchun pillakor ham, g‘allakoru, paxtakor, bog‘bon ham sohaning bilimdoni bo‘lishi kerak. Sizning qarichingiz bilan aytganda: ishning ko‘zini bilgan, ilmli va yerni aldamaydigan kishi ko‘zlangan hosilni oladi, yuzi yorug‘ bo‘ladi. 

Taʼkidlash lozimki, joriy yil ham qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun juda sinovli keldi.

Suv resurslarining yana-da tanqisligi, tabiat injiqliklariga qaramasdan, joriy yilda viloyatda 1 mln 100 ming tonnadan ziyod g‘alla, 471 ming tonna paxta, 565 ming tonna savzavot, 195 ming tonna poliz mahsulotlari, 156 ming tonna kartoshka, 177 ming tonna meva, 110 ming tonna uzum, 332 ming tonna go‘sht, 1 mln 360 ming tonna sut, 587 mln dona tuxum yetishtirildi.

Umumiy hisobda 39 trln.so‘mga yaqin yoki o‘tgan yilga nisbatan 11 foiz ko‘p qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi.

Mo‘l-ko‘l hosil yetishtirishda munosib hissa qo‘shgan klasterlar, fermerlar, dehqonlarimizga o‘zimning samimiy minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Aziz dehqonlar, bog‘bonu chorvadorlar!

Sir emaski, Qashqadaryoning ustun tarmoqlaridan biri bu albatta, qishloq xo‘jaligidir.

Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek: “Qashqadaryoda 40 foiz aholining daromadi, ularning dasturxoni qishloq xo‘jaligiga bog‘liq, bu ham haqiqat. Agar, viloyatda  kambag‘allikni keskin qisqartirmoqchi bo‘lsak, aynan agrar sohada islohotlarni chuqurlashtirib, uni mutlaqo yangi darajaga olib chiqish talab etiladi”.

Fursatdan foydalanib, sohada natijadorlikni oshirish borasida Siz azizlarga murojaat etmoqchiman.

Birinchidan, viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha vazifalarni qatʼiy belgilab olishimiz shart.

Dunyo mamlakatlarida kechayotgan mojarolar, global iqlim o‘zgarishlari fonida - oziq-ovqat tanqisligi masalasi asosiy kun tartibida turibdi.

Shuningdek, viloyat aholisi yiliga o‘rtacha 80 ming nafarga o‘sib bormoqda. Bu o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni keskin oshishiga olib keladi.

Shundan kelib chiqqan holda, kelgusi ikki yilda qariyib 1,5 trln.so‘mlik loyihalar ishga tushirilib, go‘shtni qayta ishlash darajasini - 20 foizga, sutni -22 foizga va meva-savzavotni -15 foizga yetkazish choralari ko‘riladi.

Har bir fermer, dehqon xo‘jaligi rahbarlari, chorvador va bog‘bonlar o‘zining dalasi chetiga, yo‘l yoqalari, zovur kanallar bo‘yiga tut, tok yoki boshqa iqlimga mos bo‘lgan daraxt ko‘chatlarini, shuningdek, oshqovoq, poliz kabi ekinlarni ekishni tashkil qilishi shart.

Shuningdek, bog‘ va tokzorlar qator oralaridan samarali foydalanib, sabzavot va poliz ekinlari ekilishi tashkil qilinadi.

Joriy yilda Birlashgan Millat Tashkilotining Taraqqiyot dasturi doirasida Janubiy Dehqonchilik ilmiy-tadqiqot insituti olimlari tomonidan yaratilgan qattiq bug‘doyning yangi navidan “Nasaf” brendi asosida makaron ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Kelgusida biz olimlarimiz tomonidan yaratilgan ushbu bug‘doy navlarini viloyat miqyosida kengaytiramiz va yangi ish o‘rinlarini yaratamiz.

Yillar davomida gektarlab suvli yer maydonlarini egallab olib, mahsulot ishlab chiqarmagan, statistik hisobot topshirmagan, bankdan mablag‘ aylantirmagan, ish o‘rinlari yaratmagan chorvachilik va baliqchilik xo‘jaliklari faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchidan, global iqlim o‘zgarishi oqibatida 2030-yilga borib, Qashqadaryo viloyati aholisining suvga bo‘lgan talabi 20 foizga ko‘payadi.

Shu bois, viloyatda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirib, yiliga 1 milliard 500 million metr kub suvni iqtisod qilishimiz shart.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yilni suv xo‘jaligida “Zarbdor yil” deb eʼlon qilinganligi barchamizga katta masʼuliyat yuklaydi.

Suv taʼminotini yaxshilash, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Kelgusi yil ekish mavsumiga qadar klaster va fermerlar o‘zlariga tegishli 1800 km tuproq o‘zanli kanallarni betonlashtirish chorasini ko‘rishi lozim.

Tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret, egiluvchan quvur va plyonka to‘shab, sug‘orish texnologiyalarining joriy etish ko‘lami yana-da kengaytiriladi.

Aqlli suv o‘lchash va avtomatlashtirishgan suv tarqatish qurilmalarini (Rubikon kabi) o‘rnatish ishlari jadallashtiriladi.

Xalqaro suv boshqaruv instituti tomonidan respublikada ilk bor Qashqadaryo viloyatining hosil xaritasi onlayn platformasi yaratildi. Mazkur platforma viloyatda sug‘oriladigan suv sarfining ekin turlari va konturlar kesimida aniq xisob kitobi bo‘yicha tahliliy maʼlumotlar berish imkonini yaratdi.

Xalqaro suv boshqaruv instituti bilan hamkorlikni kelgusi yillarda ham davom ettiramiz.

Uchinchidan, har qarich yerdan ilm, bilim va innovatsiya bilan samarali foydalanishga eʼtibor qaratiladi.

Viloyat iqlimi, tabiiy sharoitiga mos paxta, g‘alla, meva-savzavot urug‘chiligi, ko‘chatchilik bo‘yicha mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda seleksiya ishlarining mutlaqo yangicha tizimi joriy etiladi.

Samarasiz ishlatilayotgan lalmi yerlarda kam suv talab etuvchi qishloq xo‘jalik ekinlari joylashtiriladi.

Lalmi va adir yerlarda tik quduqlar qurish, shuningdek, bir vaqtlar suv yo‘li buzilishi yoki boshqa sabab bilan oborotdan chiqib ketgan yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish tashkil qilinadi.

Ekin maydonlarining agrokimyoviy tuproq tahlili ishlab chiqilib, yerdan foydalanuvchilarga yetkaziladi, bu borada, 10 ta qo‘shimcha mobil laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Yer resurslaridan samarasiz foydalanish, talon-taroj qilish holatlariga jiddiy barham beriladi.

To‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha kadrlar tayorlash tizimi tubdan o‘zgartiriladi. Bu borada, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarining dunyoning nufuzli taʼlim muassasalari bilan halqaro hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi.

Qishloq xo‘jaligi mutaxassislari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va tajriba almashishga yuboriladi.

Yana bir masala – qishloq xo‘jaligi texnika parkini boyitish asosiy kun tartibimizda bo‘ladi.

Joriy yilgi mavsum barchamiz uchun jiddiy saboq bo‘ldi. Paxta terish mashinalari va g‘alla kombaynlari sonini ko‘paytirmasdan samaradorlikka erishib bo‘lmaydi.

Aziz soha vakillari!

Muhtaram Prezidentimizning “Har bir kun - bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” g‘oyasi asosida mavjud imkoniyatlardan to‘liq, samarali foydalanishimiz zarur.

Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlar qatori qishloq xo‘jaligida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda inson qadri va manfaatlarini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda.

Fursatdan foydalanib, ehtiyojmand oilalarga saxovat ko‘rsatayotgan klasterlar, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlik subyektlariga chuqur minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Shu bilan birgalikda, Sizlar tomoningizdan ushbu saxovat ishlarini davom ettirgan holda, ishchilar, suvchilar, mexanizatorlarlar, cho‘ponlar xonadonlariga Yangi yil bayrami xursandchiligini olib kirishingizga ishonaman.

Hurmatli voha ahli, klaster rahbarlari va fermerlar!

Soha xodimlari orasida “Yuzimiz yorug‘ bo‘lsin”, degan ezgu istak bor.

Aslida dehqonu fermer, chorvadoru bog‘bon, irrigator, mexanizator, olimlar uchun asosiysi – yil davomida mashaqqatli mehnati evaziga yetishtirilgan hosil rejasi oshig‘i bilan namoyon bo‘lsa, barcha charchoq, zahmatlar tarqab ketadi. Mehnat zavqi, niyatlar ijobati hamisha hamroh bo‘lsin.

Mamlakatdagi fayz baraka, to‘kinlik Sizning mehnatingiz evaziga ekanini takror va takror aytamiz.

Yana bir bor, bayram bilan tabriklab, eng samimiy ezgu tilaklarimni bildiraman. Yangi O‘zbekiston uchun zafarli yutuqlar va yuksak marralar bilan xizmat qilib, xalqimiz eʼzozida bo‘ling. Farzandlar baxtu kamolini ko‘ring.

Sihat-salomatlik, oilangizga baxt-saodat, mehnat faoliyatingizda ulkan marralar, qut-baraka va xotirjamlik doimo hamroh bo‘lishiga tilakdoshman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

10-12-2023 |
Foto galereya