Aziz Qashqadaryoliklar!

 

Barchangizni  Qashqadaryo viloyati tashkil topgan kun bilan samimiy tabriklayman. Bundan 96 yil muqaddam, ya’ni 1924 yilning 1 noyabrida Qashqadaryo alohida ma’muriy birlik sifatida, Respublika viloyatlari safidan joy olgan.

Markaziy Osiyoning eng qadimiy madaniyat beshiklaridan biri bо‘lgan Qashqadaryo zamini - azal-azaldan olimu fuzalolar, allomayu donishmandlar, sarkardayu beklar vatani bо‘lib kelgan. Naxshab-Yerqо‘rg‘on majmuasidan qazib olingan sopol buyumlar, osori atiqalar -  tarix zarvaraqlarining miloddan oldingi IX-VIII asrlardan to milodning VIII-IX asrlariga qadar bо‘lgan davrni kо‘z о‘ngimizda voqe qiladi.

Nasafiy va Keshiy taxalluslari bilan ijod qilgan muhaddislar millat madaniyati va ma’naviyatini yuksaltirishga behisob hissa qо‘shgan. Ulug‘ sarkarda, sohibqiron Amir Temur ham shu tabarruk beshikda ulg‘aygan. Davlatimiz rahbari ta’kidlagani kabi “Bu vohada qadimda Naxshab, Nasaf, Kesh degan buyuk shaharlar bо‘lgani, shunday taxalluslar bilan diniy va dunyoviy ilm-fan rivojiga ulkan hissa qо‘shgan allomalarimiz, aziz avliyolarimiz haqida soatlab gapirish mumkin”. Ularga murojaat etganimiz sayin ota-bobolar merosiga hurmatimiz oshadi, yaratuvchan xalqqa nisbatan mehrimiz yuksaladi va kelajak sari dadil qadamlar bilan borish hissi ortib boraveradi.

Ha, tabarruk va muqaddas bu gо‘shada mehnatkash, matonatli, tanti, muhimi mashaqqatlardan chо‘chimay maqsad sari dadil intiladigan odamlar yashaydi. Kundan-kunga chiroy ochib, tobora kо‘rkam bо‘lib borayotgan shaharu qishloqlar kо‘rkiga zamonaviy uy-joy komplekslari, maktablar, akademik litseylar, musiqa va san’at koshonalari kо‘rk bо‘lib tushib, aholi farovonligi, obod turmush uchun xizmat qilmoqda. Intilishlari yuksak о‘g‘il-qizlar xorij oliy о‘quv yurtlarida tahsil olishyapti. Voha sportchilari yurt dovrug‘ini dunyoga yoymoqda. Bu kabi zalvorli yutuqlar zamirida – jonkuyar,  fidoiy, azmu shijoatli, tadbirkorligi, hunarmandchiligi ortidan halovat topib yashab kelayotgan zabardast xalq borligini alohida aytish kerak.

Qashqadaryoning tabiati о‘ziga xos. Deyarlik,  о‘n ikki oy oftob peshonasida bо‘ladi. Bir vaqtning о‘zida tо‘rt faslni kо‘ra olasiz. Bu kabi tо‘kislik odamlarning hayotiga, fazilatlariga, qarashlariga о‘zining ta’sirini kо‘rsatadi. Rizq nasibam qо‘shilib, bugun yuzi quyoshdek taftli voha odamlari bilan baqamti ishlamoqdaman. Qashqadaryoda quyosh qalbli, mehri issiq insonlar yashaydi, - degim keladi.  Amalga oshirilayotgan keng kо‘lamli islohotlarga nisbatan daxldorlik sezib, bir-birimizni qо‘llab, hamjihatlikda – yurt ravnaqiga hissa qо‘shayotganimizdan mamnunman.

Viloyatning tashkil topgan kuni, bayram muborak! Barchaga sihat salomatlik, xonadonlarga fayz tilayman. Farzandlar baxtu  kamolini kо‘rish, muhimi mehnatdan rohat topish yashash hamisha  nasib etsin.

Zoyir Mirzayev, Qashqadaryo viloyati hokimi.                                                     

01-11-2020 |
Foto galereya