Muhtaram Yurtboshimiz doimo barcha rahbarlar oldiga bitta talabni qо‘ymoqdalar. Bu ham bо‘lsa, har bir rahbar xalq orasiga kirib borishi, ularning dardi bilan yashashi kerakligidir.

Bunday ish prinsipi viloyat hokimi Z.Mirzayevning kundalik faoliyatiga aylanib borayotganligiga vohamiz ahli guvoh bо‘lishmoqda.

Kuni kecha viloyat hokimi viloyatdagi sektorlar hamda viloyat tashkilotlari rahbarlari, mutasaddi xodimlari bilan Shahrisabz tumanining Hisor tog‘ tizmasida joylashgan Sarchashma qishlog‘iga tashrif buyurdi.

Ayni paytda Sarchashma qishlog‘ida 939 ta xо‘jalik, 1064 ta oila mavjud bо‘lib, 4700 nafardan ziyod aholi istiqomad qiladi. Shu aholining 553 nafarini yoshlar tashkil etadi. Qishloq aholisi asosan dehqon va fermer xо‘jaligi, chorvachilik va qisman hunarmandchilik faoliyati bilan  shug‘ullanib kelishadi.

TOG‘LIKLAR HUZURIGA TASHRIF QADAMJOLARNI ZIYORAT QILISH VA KEKSALAR HOLIDAN XABAR OLISHDAN BOSHLANDI

Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan Shahrisabz о‘zining muqaddas qadamjolari bilan ham mamlakatimizda alohida ajralib turadi. Viloyat hokimi Sarchashma qishlog‘iga tashrif buyurarkan, dastlab qishloqning masjidini ziyorat qilib, keksa avlod vakillari bilan suhbatlashdi. Shu yerda о‘tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi.

— Keksa avlod vakillarini qadrlash, ularga mehr-muruvvat kо‘rsatish, har birimizning muqaddas burchimiz sanaladi, — deydi Zoyir Mirzayev. — Chunki, mana shu avlod vakillari bugungi tinch va farovon hayotimizning tamal toshlarini qо‘yishgan. Ularning bu boradagi jasoratlari va matonatlari oldida qancha bosh egsak, shuncha kam deb bilaman.

Bugun Sarchashma qishlog‘ida ham yuzlab nuroniy otaxon va onaxonlarimiz Istiqlolning shukuhidan bahramand bо‘lib, keksalik gashtini surib kelishayapti. Viloyat hokimi sektor rahbarlari bilan birgalikda ana shunday keksa avlod vakillaridan biri sanalmish, Tursun ota Niyozovning xonadoniga tashrif buyurishib, bir piyola choy ustida dildan suhbatlashishdi va otaxonga о‘zlarining sovg‘a salomlarini ulashishdi.

RAHBAR VA YOSHLAR UCHRASHUVI

Prezidentimizning Parlamentga qilgan Murojaatida mamlakatimizda yoshlarga oid Davlat siyosatini rо‘yobga chiqarishda barcha bо‘g‘indagi rahbarlar alohida tashabbus, tashkilotchilik kо‘rsatishlari zarurligiga e’tiborni qaratdilar. Ayniqsa, yoshlarning samarali ta’lim-tarbiya olishlari, ilm-fan, san’at, madaniyat va sport sohalarida о‘z iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun qulay muhit yaratish, ularning bandligini ta’minlash, bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekanligini Davlatimiz rahbari botbot ta’kidlab о‘tdilar.

Shu kuni Sarchashma qishloig‘idagi  57-sonli umumiy о‘rta ta’lim maktabining majlislar zalida viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning yoshlar bilan uchrashuvi bо‘lib о‘tdi. Unda viloyatdagi barcha tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.

Ushbu uchrashuvda Sarchashma qishlog‘i yoshlari vakillari tadbirkorlik, kichik biznesni rivojlantirish, aholiga xizmat kо‘rsatishni yо‘lga qо‘yish, yoshlarning bо‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, zamonaviy sport majmualarini bunyod etish bо‘yicha takliflarini ilgari surishdi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish zarur bо‘lgan vazifalarga tо‘xtalib о‘tdi. Bu masalalarni amalga oshirishda viloyat va tuman tashkiloti rahbarlari jonbozlik kо‘rsatishlari kerakligini alohida ta’kidlab о‘tdi.

Shu о‘rinda bir qancha yoshlarga fuqarolik pasportlari topshirildi.

IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJ OILALARGA BEG‘ARAZ YORDAM KО‘RSATILDI

Prezidentimiz Parlamentga qilgan Murojaatnomasida ilk bor aholining kambag‘al qatlami xususidagi dolzarb masalaga alohida tо‘xtalib, bu qatlamni kambag‘allikdan chiqarish, ayniqsa, boquvchisini yо‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bо‘lgan oilalarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qо‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor vazifalardan biri bо‘lib qolishini ta’kidlab о‘tgandilar.

Aynan mana shu muhim masala doirasida viloyat hokimi Sarchashma qishlog‘idagi 50 dan ziyod kam ta’minlangan oilalarga tashrif buyurib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini о‘rganib, ularga zarur yordam kо‘rsatish bо‘yicha о‘zlarining muhim takliflarini bildirdilar. Bu oilalarga oziq-ovqat jamlanmalari va uy-joy jihozlari sovg‘a qilindi.

— Viloyat rahbarining qishlog‘imizga tashrifi hayotimizdagi unutilmas tarixiy voqea bо‘ldi, — deydi Sarchashma mahalla fuqarolar yig‘ini raisi  Orif Qurbonov. – Qarang, Zoyir Toirovich har bir kam ta’minlangan oilaga shaxsan о‘zlari tashrif buyurib, ularning holidan xabar olganligidan fuqarolarimizning boshi osmonga yetdi desam mubolag‘a bо‘lmaydi. Ular bunday e’tibor va g‘amxо‘rlikdan nihoyatda ruhlandilar. Bunday tashrif о‘ksik qalblarga yetuk kuch va iroda ato etdi.

SARCHASHMA BAYRAM OG‘USHIDA

Tog‘ning о‘ziga xos tabiati har qanday kishida zavq uyg‘otmay qolmaydi. Biz qanchalik Shahrisabz tumanidan yuqoriga kо‘tarilib borar ekanmiz, atrofni oppoq qor qoplanganligiga guvoh bо‘ldik. Qishning qisqa kuni sabab atrofga qorong‘ulik chuka boshlagan bir pallada 57-sonli umumiy о‘rta ta’lim maktabining muhtasham futbol о‘yingohida badiiy sahna maydonchasi bapro etilib, rang-barang chiroqlar bilan atrof yoritilib, viloyatimizdan tashrif buyurgan xushovoz xonandalar о‘z konsert dasturlarini namoyish etishga tayyorgarlik kо‘ra boshlashdi.

О‘yingohda qishloqning barcha katta-yu kichik vakillari jam bо‘ldi. Bayram tadbirida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev sо‘z olarkan, avvalo, Yurtboshimiz boshchiligida bugun mamlakatimizda aholiga munosib turmush tarzini yaratish, Yangi О‘zbekistonni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar xususida gapirdi. Bugun aynan bunyodkorlik ishlari mamlakatimizning eng chekka hududlariga kirib borayotganligini buni xalqimiz о‘z hayotida his etayotganligini e’tibof etdi. Viloyat rahbarlarining Sarchashma qishlog‘iga tashrifi zamirida ham ana shunday ulug‘ maqsad yotganligi ta’kidlandi.

Shu yerda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Sarchashma qishlog‘idagi ijtimoiy faol yoshlarni bir qanchasiga “Faxriy yorliq” hamda jahon va о‘zbek adabiyotining sara asarlaridan iborat asarlar jamlanmasini tantanali ravishda topshirdi.

Bayram tadbirlarida ijro etilgan dilrabo konsert dasturlariga qishloq ahli raqsga tushishib dildan yayrashdi.

Konsert sо‘nggida aholiga о‘zbek kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Baron” badiiy filmi namoyish etildi.

TASHRIFNING IKKINCHI KUNI

Mehmonlar tog‘da tongni qarshi olishib, viloyat hokimi ishtirokida barcha sektor rahbarlari Sarchashma qishlog‘ida Nodir Chuliyev va Zebiniso Ortiqovalarning nikoh tо‘yi munosabati bilan uyushtirilgan ertalabgi nahorgi oshga ishtirok etishdi.

Nahorgi oshda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev oila qurayotgan ikkala yoshga baxt-saodat tilarkan, tog‘li hududlarda oila mustahkamligini saqlab turuvchi va ming yillar davomida shakllanib kelgan milliy va ma’naviy qadriyatlarimiz chuqur ildiz otganligiga e’tiborini qaratdi. Aynan mana shu omillar tog‘li hududlarda yosh oilalar о‘rtasida ajrimlarning oldini olishga xizmat qilayotganligini bildirdi.

Bu yosh oilaga viloyat hokimi Zoyir Mirzayev zamonaviy uy-rо‘zg‘or buyumlarini sovg‘a qildi.

Shu kuni viloyat hokimi qishloqdagi 57-sonli umumiy о‘rta ta’lim maktabida tahsil olayotgan 60 nafar kam ta’minlangan oila farzandlariga bosh-oyoq sarpodan iborat kiyimboshlarni sovg‘a qildi.

QISHLOQDA KО‘CHMA KUTUBXONA OCHILDI

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning tо‘rtinchisi yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular о‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bо‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yо‘naltirishdan iboratdir. Inson bolaligidan badiiy asar о‘qib ulg‘aysa, uning qalbida xalqiga, Vataniga cheksiz sadoqat ruhi shakllanadi. Kitobxonlik kishining ma’naviyatini yuksaltirib, ulug‘ maqsadlar sari yetaklaydi.

Sarchashmaliklarning ham kitob mutolaasiga qiziqishlari nihoyatda yuqori ekanligini bu yerda kо‘chma kutubxonaning ochilish marosimiga ishtirokida kо‘rdik.

— Ulug‘ mutafakkirlarimiz “Farzandingizga tarbiya bermang, balki uni kitob о‘qishga о‘rgating” degan purmu’no fikrlarni bildirishgan, — deydi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tadbirda sо‘z olib. Dunyo miqyosida yaratilgan badiiy asarlar har bir kishini doimo ezgulikka yetaklaydi, qalbini insoniy tug‘ular bilan boyitadi. Masalan, Navoiy bobomiz qoldirgan boy meros yana ming yillar davomida ma’naviyat tuyg‘ularini yorituvchi mash’ala bо‘lib xizmat qiladi.

Qishloqda asosan tojik millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Maktabda ta’lim-tardiya asosan tojik tilida olib boriladi. Lekin, aholi о‘zbek tili ham puxta о‘zlashtirganlar.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev qishloqda yangi ochilgan kо‘chma kutubxonaga о‘zbek va tojik tilidagi badiiy asarlar jamlanmasini tantanali ravishda topshirib, bu ochilgan yangi kutubxona ezgu maqsadlar yо‘lida xizmat qilishini e’tirof etdi.

Shuningdek, ushbu kutubxonaga viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda Shahrisabz tuman hokimligi tomonidan badiiy asar jamlanmalari ham topshirildi.

KО‘CHMA QABUL

Ohirgi yillarda viloyat, tuman rahbarlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bо‘yicha kо‘chma qabullarni о‘tkazib borish an’anaga aylanib bormoqda. Kо‘chma qabullar esa fuqarolarga alohida qulaylik yaratibgina qolmay, ularning murojaatlarini tezkor hal etilishiga zamin yaratayapti.

Shu kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev sektor rahbarlari bilan birgalikda Sarchashmada fuqarolar qabulini tashkil etdi. Tog‘li hududda yashashning о‘ziga xos gashti bо‘lgani kabi ma’lim bir murakkabliklari ham borki, buni e’tibordan chetda qoldirib bо‘lmaydi.

Sarchashma qishlog‘i tuman markazidan qarib 70 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qish, bahor oylarida hududda yog‘ingarchiliklar kо‘p bо‘lishi va sel kelishi natijasida yо‘llarga katta talofot yetadi. Qabulda aholi aynan qishloq yо‘lini ta’mirlash masalasi bо‘yicha о‘zlarining taklif va fikrlarini bildirishdi.

Viloyat hokimi tog‘li aholiga tibbiy xizmat kо‘rsatishni yaxshilash, ularga shu hududning о‘zida zarur qо‘layliklar yaratish bо‘yicha kо‘zda tutilayotgan ishlar xususida ham axborot berdi va joriy yilda qishloqda 120 о‘ringa mо‘ljallangan zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotining qurilishi investitsiya dasturiga kiritilganligini ma’lum qildi.

Qabul yakunida fuqarolar tomonidan bildirilgan barcha murojaatlar yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning 2020 yilning 7-8 fevral kunlaridagi Shahrisabz tumanining Sarchashma qishlog‘iga qilgan tashrifi jarayonlarida tuman hokimi Isroil Amanov hamrohlik qildi.

Sarvarbek Primov,

Shahrisabz tumani hokimligi axborot xizmati rahbari.

M.Komilov olgan suratlar.

10-02-2020 |
Foto galereya