Xitoy Xalq Respublikasi Jiansu provinsiyasi Gubernatori Syuy Kunlin boshchiligidagi delegatsiyaning Qashqadaryo viloyatiga kelish rejasi viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yilning 18-22-iyul kunlari ushbu davlatga tashrifida tashkil etilgan biznes-forumda ilgari surilgan edi.

Shu maqsadda, Jiansu provinsiyasi Gubernatori boshchiligidagi 50 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari viloyatimizda bo‘lib, dastlab viloyat hokimligida ikki tomonlama uchrashuv, ahdlashuv memorandumini imzolash tadbirlari o'tkazilib, shundan so'ng “O‘zbekiston (Qashqadaryo) – Xitoy (Jiansu)” biznes forumi” hamda sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Biznes-forumda viloyatning investitsiyaviy salohiyati, imkoniyatlari, mavjud resurslari hamda ulardan foydalanish bo‘yicha taqdimotlar va istiqbolli loyihalar namoyish etildi. Uning doirasida umumiy qiymati 350 mln. dollardan ziyod 20 ta, jumladan, qiymati 338 mln dollarlik 18 ta sarmoyaviy kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, xitoylik tadbirkorlardan iborat delegatsiya tashrif davomida viloyatimizning yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlari va u yerda xodimlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.

Jumladan, “Sulton tex group”, “Uzshoes” poyabzal ishlab chiqarish qo‘shma va "Buyuk turon" kichik sanoati zonasida joylashgan “S-Smart” brendi ostida televizorlar ishlab chiqaruvchi korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishib, jarayonlarga yuqori baho bergan holda o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha fikr almashdi. Shuningdek, mehmonlar “LT Textile International” MCHJga ham tashrif buyurdi.

Yakunda esa Qarshi shahridagi qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida bo‘lgan delegatsiya aʼzolari o‘zbek xalqining yaqin o‘tmishdagi shonli tarixi haqida batafsil maʼlumotlarga ega bo‘lishdi.

Daryo.uz da o'qish: https://daryo.uz/2023/09/23/yakkabogda-kafel-mirishkorda-transformator-ishlab-chiqariladi-xitoy-tadbirkorlari-qashqadaryoga-350-mln-dollardan-ortiq-mablag-kiritadigan-boldi 

22-09-2023 |
Foto galereya