Asosiy qonunimizda О‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi - qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bо‘linishi prinsipiga asoslanadi, deyilgan. О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bо‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatdan iborat bо‘lib, vakolat muddati besh yil. Saylov kuni 25 yoshga tо‘lgan hamda kamida besh yil О‘zbekistonda muqim yashayotgan fuqarolar Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanishi mumkin. Nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan kо‘rsatiladi. Qonunchilik palatasi deputatlari bir yuz ellik nafardan iborat bо‘lib, ular qonunchilik tashabbusiga ega.

Xо‘sh, Qonunchilik palatasining maqomi va faoliyati qaysi qonunlar bilan tartibga solinadi? Uning huquq va vakolatlari nimalardan iborat? Hokimiyatning bо‘linishidan maqsad - ularning bir-birini tiyib turish tamoyilini amalga oshirishda Oliy Majlis va deputatlarning roli bormi? Qonun osti hujjatlari qonunlardan ustun bо‘lishining oldini olish uchun nimalar qilish kerak?

Qonunchilik palatasining maqomi va faoliyati Konstitusiya, "О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tо‘g‘risida"gi konstitusiyaviy qonun, "О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti tо‘g‘risida"gi Qonun va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Qonunchilik palatasining maqomini belgilash, faoliyatini tashkil etish, Senat va boshqa davlat organlari bilan о‘zaro hamkorligiga oid munosabatlar qonunlarimizda о‘z ifodasini topgan. Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli uning sessiyalari davrida о‘tkaziladigan majlislaridir. Bu majlislar ochiq va oshkora о‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasining birinchi majlisi saylovdan keyin ikki oydan kechiktirilmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Spiker saylanguncha Qonunchilik palatasining birinchi majlisiga raislik qiladi. Qonunchilik palatasi Spikeri va uning о‘rinbosarlarini saylash uchun deputatlar orasidan har bir siyosiy partiyadan kamida uch nafar deputatdan iborat Siyosiy partiyalar vakillari kengashi tuziladi. Spiker lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi yoki Siyosiy partiyalar vakillari kengashining majlisiga raislik qiluvchi tomonidan taqdim etiladi. Spiker yashirin ovoz berish yо‘li bilan saylanadi, u deputatlar umumiy sonining yarmidan kо‘pi ovozini olsa, saylangan hisoblanadi. Spiker deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan kо‘prog‘ining ovozi bilan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin.

Cpiker о‘rinbosarlari ham yashirin ovoz berish yо‘li bilan, deputatlar umumiy sonining kо‘pchilik ovozi bilan saylanadi. Qonunchilik palatasining faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida tuziladigan Qonunchilik palatasi kengashi tarkibiga Spiker, uning о‘rinbosarlari, fraksiyalar rahbarlari hamda qо‘mitalar raislari kiradi. Qonunchilik palatasi qо‘mitalari rais, uning о‘rinbosari va a’zolaridan iborat tarkibda saylanadi.

Qonunchilik palatasida kо‘pchilik о‘rinni egallagan fraksiya parlamentdagi kо‘pchilikni tashkil qiladi. Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yо‘li va dasturiga yoki uning ayrim yо‘nalishlariga qо‘shilmaydigan fraksiyalar о‘zlarini muxolifat deb e’lon qilishi mumkin.

О‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Qonunchilik palatasiga saylovda eng kо‘p deputatlik о‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng kо‘p deputatlik о‘rinlarini qо‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi. Prezident nomzodni kо‘rib chiqib, о‘n kun ichida Oliy Majlis palatalarining qо‘shma majlisiga tasdiqlash uchun taqdim etadi. Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan Prezident nomiga Bosh vazirga ishonchsizlik borasida taklif kiritilishi mumkin. Bunda Oliy Majlis palatalarining qо‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi va ishtirokchilarining uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi.

О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlariga Konstitusiya va qonunlarni qabul qilish, ularga о‘zgartirish va qо‘shimchalar kiritish, referendum о‘tkazish haqida qaror qabul qilish, ichki va tashqi siyosatning asosiy yо‘nalishlarini belgilash, boj, valyuta va kredit ishlarini tartibga solish, tuman (shahar)lar va viloyatlarni tashkil etish, tugatish va chegaralarini о‘zgartirish, davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish, Bosh vazir va Hisob palatasining hisobotini eshitish kabi masalalar kiradi.

Qonunchilik palatasi Spikeri va uning о‘rinbosarlari, qо‘mitalar raislari va ularning о‘rinbosarlarini saylash, davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish, Bosh prokurorning taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasini hal etish, Bosh vazir taqdimiga binoan Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni    keyinchalik ularni Prezident tomonidan lavozimlarga tasdiqlash uchun kо‘rib chiqish kabi masalalar Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatidir.

Ma’lumki, Qonunchilik palatasida qonunchilik tashabbusi huquqiga О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, о‘z davlat hokimiyatining oliy organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Konstitusiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror ega. Ular Qonunchilik palatasiga qonun loyihasini "Qonunlar loyihalarini tayyorlash va О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi tо‘g‘risida"gi Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilgan holda kiritishi kerak.

Qonun loyihasini tayyorlash uning konsepsiyasini ishlab chiqishdan boshlanadi. Qonun loyihasini tayyorlash uchun qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tomonidan ishchi guruhi tuzilishi mumkin. Qonun loyihasini tayyorlashda jamoatchilik fikrini о‘rganish zarur bо‘ladi. Qonun loyihasining moliyaviy-iqtisodiy asoslari Moliya vazirligi tomonidan о‘rganiladi. Loyiha huquqiy ekspertizadan о‘tkazilishi shart. Sо‘ngra qonun loyihasi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda Qonunchilik palatasiga yuboriladi.

Qonunlar Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanib, О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy nashrlarda e’lon qilingach, yuridik kuchga ega bо‘ladi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlar о‘n kun ichida Senatga yuborilishi, Senatda ma’qullangan qonunlar о‘n kun ichida Prezidentga yuborilishi lozim. Bu qonunlar Prezident tomonidan о‘ttiz kun ichida kо‘rib chiqilishi belgilangan.

Qonunchilik palatasi parlament sо‘rovi yuborishga haqli. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslari parlament sо‘roviga yozma javobni, agar boshqa muddat belgilanmagan bо‘lsa, sо‘rov olingan kundan e’tiboran о‘n kundan kechiktirmay yuborish lozim. Og‘zaki javob belgilangan muddatda yuboriladi. Xuddi shuningdek, deputat sо‘roviga javob boshqa muddat belgilanmagan bо‘lsa, о‘n kun ichida yuborilishi kerak. Oliy sud, Bosh prokuror, surishtiruv va tergov organlari rahbarlari nomiga yuborilgan Parlament va deputatlik sо‘rovi ularning ish yurituvidagi muayyan ishlarga taalluqli bо‘lmasligi kerak.

Qonunchilik palatasi deputatining vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi: u yozma ariza bergan, deputatlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq bо‘lgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan, unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan, chaqirib olingan, sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan, sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yо‘qolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb e’lon qilingan, О‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yо‘qotgan, vafot etgan, palata tarqatib yuborilgan taqdirda. Alohida hollarda deputatning vakolatlari tegishincha Qonunchilik palatasining qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Prezident qonuniy asoslar bо‘lgan taqdirda Konstitusiyaviy sud bilan maslahatlashgan holda Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli. Bunday holda yangi saylov uch oy ichida о‘tkazilishi kerak.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari

31-07-2019 |
Foto galereya