Joriy yilning 17 oktyabr kuni respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali xirurgiya bо‘limiga tish tozalayman deb igna yutib yuborgan bemor yotqizildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

Aniqlanishicha, bemor о‘n tо‘qqiz yoshli g‘uzorlik Ozod Normatov bо‘lgan.

Filialda ushbu operatsiyani amalga oshirish imkoniyati yо‘qligi sababli markaz bilan kelishuv asosida bemor viloyat kо‘p tarmoqli tibbiyot markazi neyroxirurgiya bо‘limiga о‘tkazilgan. Unga “bо‘yin umurtqasining uchinchisida, chap yon tomonida yot jism (igna)” degan tashxis qо‘yildi.

Bо‘limda о‘tkazilgan konsiliumdan sо‘ng 19 oktyabrь kuni bemorda EOP (elektro-optika preobrazovatel) apparati yordamida shifokorlar Soat Temirov va Suvon Berdiyev tomonidan jarrohlik amaliyoti о‘tkazildi. Mazkur uskuna yordamida hech kanday asoratsiz, qon tomir va nerv tomirlarga zarar bermagan holda igna olib tashlandi.

- Bunday amaliyot viloyatimizda, bizning tibbiyot markazimizda EOP apparati yordamida birinchi marta muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirildi, — deydi viloyat kо‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Tо‘lqin Rasulov.

Ayni paytda bemor о‘zini yaxshi his qilmoqda.

21-10-2019 |
Foto galereya