Bugungi kunda butun dunyo global inqiroz va pandemiya ta’siridan chiqish va uning oqibatlarini yumshatish bilan kurashayotgan bir paytda mamlakatimizda ham iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasida zarur choralar kо‘rilmoqda. Qolaversa, Yurtboshimiz tomonidan sohada bozor mexanizmlarini va raqobatni keng joriy etish qо‘llab-quvvatlanib, barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Davlatimiz rahbari bu sinovli vaziyatda qishloq xо‘jaligida klasterlar, kooperatsiyalar, fermerlar oldiga katta mas’uliyatli vazifalarni qо‘ymoqda. Albatta, bugungi vaziyat har bir klaster rahbari, fermer va mirishkorlardan о‘zishiga astoydil va mas’uliyat bilan yondashish, hamjihatlikda, vijdonan faoliyat olib borish zarurligini taqozo etadi.

Ammo, bugungi murakkab vaziyatda о‘z ishiga loqaydlik va mas’uliyatsizlik bilan qarayotgan klasterlar ham mavjudligi achinarli hol.

Jumladan, joriy yil hosilidan boshlab, Qarshi tumanidagi fermer xо‘jaliklari hamkorlik qilishni xohlamayotgan “Sulton tex group” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan paxta-tо‘qimachilik klasteri faoliyatida bir qator kamchiliklar kuzatilgani kishi dilini xira qiladi.

Masalaga yanada yaqinroq yondashishdan avval, ta’kidlash joizki, “Sulton tex group” korxonasining faoliyati tо‘xtatilgani yо‘q. Korxona paxta tolasi va chigitini tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri birja orqali sotib olib, ip yigiruv, trikotaj-mato, tayyor kiyim-kechak tikuvchilik fabrikalari hamda yog‘ ishlab chiqarish zavodi faoliyatini yuritishi mumkin.

Asosiysi, tumanda fermer xо‘jaliklari О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi PQ-4633-son “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi qarorida belgilangan imkoniyatdan foydalanib, paxtachilikda kooperatsiyaga birlashib, faoliyat yuritishni lozim deb topishgan.

Paxtachilik klasteri ishlagan davrda davlat tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar “Sulton tex group” korxonasi orqali fermerlarga berilgan bо‘lsa, kooperatsiya ish olib borganda esa mablag‘lar tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri fermer xо‘jaliklariga ajratiladi.

Xо‘sh, mazkur paxtachilik klasteri aslida qanday faoliyat yuritgan? Masalaga chuqurroq yondashsak.

Ta’kidlash kerakki, “Sulton teks group” XK paxtachilik klasteri faoliyat yuritgan davrda Qarshi tumanida paxta yetishtirishda hosildorlik past bо‘lgan va bunga korxona tomonidan yо‘l qо‘yilgan bir qator kamchiliklar sabab bо‘lgan. Jumladan:

Birinchidan, 2019 yil zararli hasharotlar kо‘payganligiga qaramasdan “Sulton tex group” xususiy korxonasi tomonidan vegetatsiya davrida zararli hashoratlarga qarshi talab qilinadigan kimyoviy vositalar fermer xо‘jaliklariga о‘z vaqtida yetkazib berilmaganligi oqibatida g‘о‘zada hosil tо‘plash fazasida 28-33 kunga kechikish holati kuzatilgan.

Ikkinchidan, fermerlar tomonidan hosildorlikni oshirish bо‘yicha agrotexnik tadbirlarni о‘tkazishga yetarli miqdorda mablag‘ bilan ta’minlanmagan hamda yetarli shart-sharoitlar yaratilmagan.Xususan, g‘о‘za qator orasini kultivatsiya qilish 2 marotabaga kam bajarilgan, paxtani chilpish, sug‘orish, begona о‘tlardan tozalash ishlari о‘z vaqtida amalga oshirilmagan, mexanizator hamda suvchilarga ish xaqlarini о‘z vaqtida berilmagan.

Uchinchidan, korxona tomonidan fermer xо‘jaliklari tomonidan yetkazib berilgan paxtani past sortlarga qabul qilinib, asossiz ravishda chegirmalar qо‘llanilishi fermerlarning jiddiy e’tiroziga, yetishtirilgan hosilni dalada qolib ketishiga sabab bо‘lgan hamda paxta yetishtiiruvchilar iqtisodiga salbiy ta’sir kо‘rsatgan. Tumanda paxtachilik sohasida kо‘p yillardan buyon ishlagan tajribali mutaxassislar hamda fermer xо‘jaliklari rahbarlari tomonidan xududlardagi qoldiq paxta hosili taxlil qilinganda о‘rtacha 4,5-5,0 sentner terilmagan hosil mavjudligi aniqlangan.

- 1978 yildan buyon paxta qabul qilish zavodida mutaxassis bо‘lganman, - deydi Shomurod Sultonov. – 2019 yilgidek sifatli va toza paxta qabul qilinmagan. Paxta topshirishning birinchi kunidan boshlab, iskidka olindi. Paxta sorti past deb qabul qilinmadi. Agar bu yil ham Sultonteks bilan ishlasak, butun bir tumanning qishloq xо‘jaligi xarob bо‘ladi.

- 2019 yilda rahbarligimdagi “Nafisa Munisa E’zoza” fermer xо‘jaligi va «Sulton tex group» xususiy korxonasi bilan 35,9 gektar maydonda 111 tonna 300 kg paxta shartnomasi tuzilgan, - deydi “Nafisa Munisa E’zoza” fermer xо‘jaligi raisi Nafisa Kenjayeva. - Shu yili chigit ekishga qadar bо‘lgan barcha ishlarni amalga oshirdim. Shunday bо‘lsada klaster menga chigit ajratmadi. 1 aprel kuni Nurbek Ergashevga holat yuzasidan murojaat qilib, qabuliga bordim. Klaster rahbari siz bilan hech qanday shartnoma tuzilmagani uchun chigit ajratilmayotganlini aytdi. Shartnomani kо‘rsatsam ham, uning yonida tuman qishloq xо‘jaligi boshqarmasi shartnoma bо‘limi boshlig‘i Orif Baxtiyorov bilan telefon orqali N.Ergashevga eshittirib suhbatlashib, u shartnoma tuzilganini aytsada, “meni qiziqtirmaydi, siz bilan ishlamayman, tamom qayerga borsangiz boring, о‘sha yerga hech nima ekilmaydi, siz ham ekmaysiz deya meni chiqarib yubordi”. Natijada tayyorlangan yerga chigit ekilmay qoldi.

Yuqorida keltirilgan muammolar bо‘yicha “Sulton tex group” xususiy korxonasi paxtachilik klasteri faoliyatidan noroziligini bildirib, tumandagi bir guruh fermerlar tomonidan 2019 yil 26 noyabrda Vazirlar Mahkamasiga shikoyat arizasi yozilgan.

Mazkur ariza bо‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tashkil etilib, ariza mualliflari va “Sulton tex group” xususiy korxonasining hodimlari (yuristi – E.Pardayev, hisobchi yordamchisi – A.Iskandarov) ishtirokida 2019 yil 28 noyabrda muhokama etilgan.

Muhokama jarayonida “Sulton tex group” xususiy korxonasining xodimlari fermerlarlarning e’tirozlari xaqli ekanligini bildirishgan.

Xalqimizda “Suymaganga suykalma-qadring ketadi”, degan dono maqol bor. Demakki, Qarshi tumanidagi fermer xо‘jaliklari “Sulton tex group” xususiy korxonasi bilan xamkorlikda ishlashni xohlamas ekan, korxona о‘z faoliyatini birjadan xom ashyo sotib olib davom ettirishi mumkin.

Bu borada mahalliy hokimiyat korxonaning mahsulotni chuqur qayta ishlashni yanada rivojlantirish bо‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirilishiga e’tiroz bildirmaydi.

Shuningdek, korxonada mavjud qishloq xо‘jaligi texnikalari va agregatlari bilan shartnoma asosida texnik xizmat kо‘rsatishni yо‘lga qо‘yishiga hech qanday tо‘sqinlik yо‘q.

Viloyat fermer, dehqon xо‘jaligi va tomorqa yer egalari Kengashi axboroti.

 

16-04-2020 |
Foto galereya