Qarshi davlat universitetda Rossiya Federatsiyasining Belgorod davlat universiteti bilan hamkorlikda qо‘shma ta’lim markazi tashkil etildi.

Markazning tantanali ochilish marosimiga Belgorod davlat universiteti rektori Oleg Poluxin boshchiligida universitet delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Qо‘shma ta’lim markazi 5 ta о‘quv va 1 ta о‘qituvchilar xonasidan iborat bо‘lib, auditoriyalar til о‘rganish uchun barcha zarur о‘quv qо‘llanmalari: darsliklar, elektron lug‘atlar, kо‘rgazmali qurollar, audio va video materiallar  bilan jihozlangan.

Ushbu ta’lim markazida abituriyentlar, talabalar, universitet xodimlari  rus tilini о‘rganishlari, rus adabiyoti, madaniyati bilan tanishishlari mumkin. Markazda pedagoglar malakasini oshirish bо‘yicha onlayn kurslar ham olib boriladi.

QarDU rektori B.Shoimqulov rossiyalik hamkasbi bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qildi. Muzokaralarda hamkorlikda qо‘shma fakultet ochish, Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yо‘nalishlarida qо‘shma dastur imzolashga kelishib olishdi.

Uchrashuv yakunida Belgorod davlat universiteti rektori, professor Oleg Poluxinga Qarshi davlat universitetining faxriy professori unvoni berildi.

 

12-12-2019 |
Foto galereya