Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.

Xalqimiz tilida ham kitob о‘qib bilim va munosib ta’lim-tarbiya olish, ilm-fan bilan shug‘ullanish, kasb-hunar о‘rganishning ahamiyatiga doir maqollar juda kо‘p. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Baxt belgisi – bilim”, “Bilim – aql chirog‘i”, “Gо‘zallik – ilmu ma’rifatda”, “Ilm baxt keltirar, bilim taxt keltirar”, “Hunar – oqar buloq, ilm – yonar chiroq”, “Oltin olma, bilim ol, bilim olsang, bilib ol”. Bunday purhikmat naqllarni yana uzoq davom ettirish mumkin.

Eng muhimi, necha ming yillardan buyon sayqallanib, ne-ne avlodlarga yо‘lchi yulduzdek tо‘g‘ri yо‘lni kо‘rsatib kelayotgan ana shu xalqona hikmatlar negizidagi asl haqiqat shuki, insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli va davlatli bо‘lishining muhim omili – bu kitobga dо‘st bо‘lish, hamisha kitob о‘qish va kitob mutolaasini umr bо‘yi kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida о‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi. Sohibqiron Amir Temur bobomizning “Kitob –hayotni о‘rgatuvchi murabbiy” deya kitobga ta’rif berishlari bejizga emas.

Bugun 8 iyul kuni Qarshi shahrida Qarshi davlat universiteti rо‘parasida о‘rnatilgan ushbu monumentning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir nafaqat talaba-yoshlar, balki butun viloyat aholisida katta taassurot qoldirdi.

Mazkur monument qaysidir ma’noda mamlakatimiz bо‘ylab yoshlarni kitobxonlikka jalb etish borasida olib borilayotgan keng kо‘lamli ishlarning mantiqiy davomi bо‘ldi.

Kо‘p kitob о‘qigan, ilmga chanqoq bо‘lgan kishining tafakkur doirasi ham boshqalarnikidan ajralib turadi. U olamni, hayot haqiqatini, yaxshi-yomonni terangroq anglaydi. Nima uchun dunyoga kelganu, nima bilan о‘zining qadrli bо‘lgan umrini о‘tkazmoqda, qaysi amali foydali va qaysi ishi notо‘g‘ri ekani borasida mushohada etadi. Kitobxon bо‘lgan odam nafaqat о‘zi, balki oila a’zolari, farzandlari va atrofdagilarni ham kitobning sirli olami tomon chorlaydi.

12 dona eng nodir asarlar tо‘plami aks etgan ushbu monumentda о‘ziga xos ramziy ma’no mujassam. Bu yerda buyuk bobokalonlarimiz Alisher Navoiy, Abu Ali Ibn Sino, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Oripov, Sharof Rashidov kabi alloma va mutafakkirlar, el ardoqlagan taniqli shoir va yozuvchilar nomlari zikr etilganki, kishida faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Bundan tashqari “javonga” Balzak, Shekspir, Pushkin kabi jahon adabiyotining yetakchi namoyandalari ham kiritilgan.

– Universitetimiz qoshida mana shunday monumentning о‘rnatilishi bizni tо‘lqinlantirdi, – deydi Qarshi davlat universiteti 2-bosqich talabasi Shohsanam Abdushukurova. – Kitob bebaho ne’mat ekani barchamizga ma’lum, lekin uni qadriyat darajasiga kо‘tarib, tarixga muhrlash hammaning ham qо‘lidan kelmaydi. Internet sahifalarida Germaniyada buyuk nemis yozuvchi-shoirlarining asarlari hurmatiga qо‘yilgan monumentni kо‘rgandim. О‘zbek adabiyotida ham shunday buyuk ijodkorlar va ularning asrlarga tatigulik asarlari borki, ular dunyo tamadduniga ta’sir о‘tkaza oladigan darajada kuchli. Mana bugun ramziy ma’noda ular hurmatiga biz ham monument о‘rnatdik. Bu monument nafaqat kitobxonlikka da’vat qiladi, balki har daqiqada о‘zbek adabiyotining boqiy ekanligini eslatib turadi.

Tadbirda viloyat hokimi Zafar Ruziyev qatnashdi va nutq sо‘zladi.

Xulosa qilib aytganda, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda kitobxonlikka e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa, yoshlardagi mutolaa madaniyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berilayotgani bir tomondan, azaldan kitobsevar xalqimiz, shu jumladan yoshlarimizning kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yuzasidan hozirgi zamon talablari dararajasida juda keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bо‘lsa, ikkinchi tomondan, yaqin vaqt oralig‘ida О‘zbekistonimizning tom ma’noda kitobxonlar yurtiga aylanishiga xizmat qiladi.

        

Suratlarni Murod Komilov olgan.

Viloyat hokimligi  axborot xizmati..

 

08-07-2019 |
Foto galereya