Dehqonobodlik  Choriyor Rajabov gilamchilikni san’at darajasiga kо‘tara olgan. U bu ishga asosan oilaviy mashg‘ulot sifatida qaraydi. Jundan tо‘qilgan gilamlari nafisligi bilan ajralib turadi.

Hunarmand tomonidan yuqori did bilan ishlangan noyob buyum - jun dasturxon Qarshi shahridagi Odina masjidida bо‘lib о‘tgan kо‘rgazmada kо‘pchilikning e’tirofiga sazovor bо‘ldi. Ustaning aytishicha, mazkur uy-rо‘zg‘or buyumi non mahsulotini yaxshi saqlash uchun juda qulay. Shu sabab bugun gilamdо‘zga doim ish tayin.

Choriyor Rajabovdan tashqari mazkur kо‘rgazmada viloyatimizning boshqa hududlaridan kelgan kо‘plab mahoratli hunarmandlar ham о‘z ijod namunalarini yana bir bor keng jamoatchilik   e’tiboriga havola etishdi. Tadbir YUNESKOning О‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan viloyat hokimligi, Madaniyat vazirligi, "Hunarmand" uyushmasi kо‘magida tashkil etilgani ahamiyatli.

Kо‘rgazmada kulolchilik, yog‘och о‘ymakorligi, kashtachilik buyumlari ham keng namoyish etildi. Tadbirda nafaqat soha mutaxassislari, balki milliy hunarmandchiligimiz ixlosmandlari, yoshlar ham faol qatnashdi. Mahoratli hunarmandlar esa fursatdan foydalanib о‘z tajribalari bilan keng о‘rtoqlashishdi.

- Kashtachilik bilan shug‘ullanayotganimga 30 yildan oshdi, - deydi kо‘rgazma ishtirokchisi Umida Zikrillayeva. - О‘z ustaxonam bor. Bu hunarni daromadli faoliyatga aylantira olganmiz. Mahsulotimizni mamlakatimizning turli burchaklaridan ham kelib olib ketishadi. Kashtachilik buyumlariga ayniqsa, xorijliklarda qiziqish yuqori. Kashta urilgan kamzul, iroqi dо‘ppi oxirgi paytlarda kо‘p talash bо‘layapti. Ixcham, suvenir uchun mо‘ljallangan xurjun, telefon g‘ilofi kabi mahsulotlarni ham tayyorlaymiz. Hozirda bir vaqtlar keng urf bо‘lgan kashtachilik uslublarini qayta tiklash ustida ishlayapmiz. Buning isbotini kо‘rgazmaga taqdim etilgan aksariyat ishlarimizda ham kо‘rish mumkin.

Ta’kidlash joizki, ushbu kо‘rgazma Qashqadaryo viloyatida an’anaviy hunarmandchilik turlarini saqlash va yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar doirasida о‘tkazildi. Bu ishlar YUNESKO va Yevropa     Ittifoqining "Afg‘oniston, Markaziy Osiyo va Erondagi Ipak yо‘li merosi yо‘laklari" hamkorlik loyihasiga kо‘ra amalga oshirilmoqda. Loyiha maqsadi moddiy va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish uchun salohiyatni mustahkamlash, odamlarning ushbu merosdan xabardorligini oshirish va keng targ‘ib qilishdan iborat. Viloyatimizga taalluqli chora-tadbirlar dasturi asosida 10 kundan oshiq vaqt davomida turli tadbirlar, jumladan, an’anaviy hunarmandchilik bо‘yicha  amaliy treninglar tashkil etish, asosiy mavzu yuzasidan zarur tavsiyalar ishlab chiqish kо‘zda tutilgan.

M.SHUHRATOV

Jamshid NORQOBILOV olgan surat.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

12-07-2019 |
Foto galereya