Kitob tumanida 1260 ta xonadonga mo'ljallangan ko'p qavatli yangi turar joy majmuasi qad rostlamoqda. "EAST DREAM ENGINEERING" MCHJ tomonidan kiritilayotgan 220 milliard so'm miqdoridagi investitsiya hisobiga tumanning "Yangi zamon" MFY hududidagi 4.7 gektar maydonda 5 qavatli 30 blokdan iborat uylar qurilishi ko'zda tutilgan.

Mazkur loyihaga ko'ra, ko'p qavatli uylarning 70 foizi 1 xonali, 30 foizi esa 2-3 xonadan iborat bo'ladi. Bunda tuman aholisining o'rtacha oylik daromadini hisobga olgan holda hamda ularga qulaylik yaratish maqsadida, turar joyning 10 boshlang'ich to'lovini to'lash va qolgan qismini foizsiz 5 yil muddatga foizsiz to'lash imkoniyati yaratilgan.

Bundan tashqari, yangi majmuada inson ehtiyoji uchun zarur bo'lgan barcha sharoitlar yaratilishi loyihaga kiritilgan bo'lib, avtoturargohlar majmuaning old qismidagi 1-2-qavatlarda yirik savdo do'konlari, bolalar maydonchalari va boshqa maishiy xizmat turlari joy oladi. Binolarning isitish tizimi markazlashgan holda ko'mir va tabiiy gaz bilan isitishga moslashtirilgan hamda quyosh panellari bilan ta'minlanadi. Shuningdek, oqova suv tizimi Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan maxsus qurilmalar orqali tozalanib, qayta sug'orish uchun yo'naltiriladi.

Ushbu “Shahri Kesh City” yangi turar joy majmuasiga ilk tamal toshi qo'yilib, tadbirda viloyat hokimining o'rinbosari Murodulla Azizov, viloyat nuroniylari, tuman sektor rahbarlari, OAV vakillari hamda keng jamoatchilik vakillari ham ishtirok etishdi.

Unda so'z olganlar Prezidentimiz qo'llab-quvvatlovlari ortidan tadbirkorlarning bu kabi yirik loyihalarni yana ko'plab amalga oshirishida doimo amaliy yordamga tayyorligini bildirishdi hamda loyihaning o'z vaqtida va mukammal darajada yakunlanishi bo'yicha fikrlashib oldilar.

25-09-2023 |
Foto galereya