Bu yil viloyatimizda 3868 fermer xо‘jaligi tomonidan 135 ming 900 gektar maydonda g‘о‘za parvarishlandi.

Bilamizki, paxta sanoat uchun muhim xomashyo hisoblanadi. Ammo uni yetishtirish oson ish emasligi ham barchamizga ayon. Bu juda kо‘p vaqt va katta mehnat talab etadigan yumush. Dehqonu fermerlarimiz bahorda yerga urug‘ qadasa, shundan to kuzga qadar agrotexnik tadbirlar davom etadi. Kuz esa paxtachilikdagi yanada mas’uliyatli davr. Chunki katta mashaqqatlar evaziga yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda va nest-nobud qilmasdan, sifatli yig‘ib olish lozim. Ayni paytda viloyatimizda ana shu ishga kirishildi.

Ta’kidlab о‘tish joiz, avvallari paxta yig‘im-terimi asosan hashar yо‘li bilan amalga oshirilar va bu ishga barcha birdek jalb etilardi. Keyingi yillarda esa majburiy mehnat tushunchasiga barham berilib, paxta hosilini yig‘ib-terib olish ham manfaatdor korxona va tashkilotlarning о‘z zimmasiga qо‘yilmoqda. Ayniqsa, joriy yilda Prezidentimiz   Shavkat Mirziyoyev paxta yig‘im-terimiga byudjet xodimlari jalb etilmasligini qat’iy ta’kidladi.

Xо‘sh, shunday ekan, bu yil mamlakatimiz, shu jumladan, viloyatimizda yetishtirilgan hosilni о‘z muddatida va sifatli yig‘ib olish uchun qanday choralar kо‘rilmoqda? Quyida shular xususida tо‘xtalamiz.

Mavsumiy ishchilarning elektron bazasi shakllantirildi

Ayni paytda viloyatimizda mavsumiy ishchilarni terimga jalb etish, bu ishni tez va tizimli tashkil qilish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.

Viloyat paxta shtabidan olingan ma’lumotga kо‘ra, har bir otryad rahbarligiga kо‘pni kо‘rgan, katta hayotiy tajribaga ega va el orasida obrо‘-e’tiborli kishilar tayinlanib, ularga barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Shu bilan bir qatorda, sektorlar kesimida maxsus ishchi guruhlar shakllantirilib, ular tomonidan otryadlarga mavsumiy ishchilarni jalb etish bо‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

- Ishchi guruhlar a’zolari hududlarda uyma-uy yurib, terimda ishtirok etish istagini bildirgan ishchilarning aniq hisob-kitobini olishdi, - deydi shtab boshlig‘i Jumanazar Tangirov.  - Har bir ishchi bilan yuzma-yuz suhbat о‘tkazilib, ularning pasport ma’lumotlari asosida maxsus elektron baza shakllantirildi. Bu ishchi kuchini aniq va tо‘g‘ri baholash hamda terimni tizimli tashkillashtirish, ishlarni taqsimlashda muhim ahamiyatga ega.

Mas’ulning ta’kidlashicha, viloyatda umumiy hisobda 2800 ta terim otryadi shakllantirilib, har bir  otryad tarkibiga 100 nafardan terimchi biriktirildi. Bu - mavsumda 280 ming terimchi ishtirok etadi, deganidir. Hisob-kitobga kо‘ra, agar har bir terimchi mavsum davomida о‘rtacha 1500 kilogrammdan paxta terganida ham, hosilni о‘z vaqtida yig‘ishtirib olish imkoniyati mavjud.

Terimchilar uchun yashash joylari hozirlandi

Joriy yilda viloyatimizda paxta yetishtirilmagan yoki kam yetishtirilgan hududlardan 73 ming nafar kishi boshqa hududlarga borib, terim ishlarida ishtirok etadi. Ayni paytda ularning ma’lum vaqt davomida yashashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Xususan, viloyatimizda terimchilar uchun 469 ta vaqtinchalik yashash joylari hozirlangan bо‘lib, ularning 7 tasi "Mehnat-rohat" palatkali shaharchalardir. Ushbu shaharchalarning har birida 1000 nafardan terimchining yashashi uchun sharoit bor. Shuningdek, 6500 terimchi uchun  hududlardagi 13 ta pillaxona binolari yashashga moslashtirilib, kerakli qulayliklar hozirlangan. Yana 449 ta bino esa shiypon va baraklardir.

Manfaatdorlik yanada oshirildi

Sir emaski, avvallari qо‘lda terilgan paxta uchun juda kam pul tо‘langan. Natijada ishsiz fuqarolar ham terimda ishtirok etib, moddiy daromad olishga qiziqmas, bu yumushga asosan talabalar, byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etilishi odatga aylangandi. Vaholanki, ularning о‘z ishlari bor. Ayni vaqtda doimiy ish bilan band bо‘lmagan, terimda ishtirok etib, ancha-muncha mablag‘ ishlab olishi mumkin bо‘lgan kishilar esa faoliyatdan chetda qolib ketardi.

Sо‘nggi yillarda ish bilan band bо‘lmagan aholining paxta yig‘im-terimida ishtirok etishga bо‘lgan ishtiyoqi oshib borayotgani esa ana shu kamchiliklarning bartaraf qilinayotgani, mehnat uchun munosib haq taklif etilayotgani bilan bog‘liq.

E’tibor qiling, 2016 yilda qо‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun  285 sо‘m miqdorida haq tо‘langan bо‘lsa, 2017 yilda bu miqdor salkam ikki barobarga oshib, dastlab 450 sо‘m, 1 oktabrdan esa 500 sо‘m etib belgilangan edi. 2018 yilda esa paxta xom ashyosining qо‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda 650 sо‘m, ikkinchi bosqichda 850 sо‘m, uchinchi bosqichda 1000 sо‘mdan, ayrim tumanlarda hatto 1300 sо‘mga qadar mehnat haqi tо‘landi.

Vazirlar Mahkamasining "2019 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan о‘tkazish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qaroriga asosan, joriy yilda terim puli yanada oshirildi. Hujjatga kо‘ra, paxta xom ashyosining qо‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi terimda - 800 sо‘mdan, ikkinchi terimda - 1200 sо‘mdan haq tо‘lanadi.

Endi о‘zingiz hisob-kitob qilib kо‘ring, birinchi terimda kuniga о‘rtacha 150 kilogramm paxta tergan kishi 120 ming sо‘mni naqd qilib qо‘yadi. Agar oilaning uch a’zosi birgalikda harakat qilsa, kuniga 360 ming sо‘mdan, bir oyda 10 million 800 ming sо‘m ishlab topadi. Mavsum davomida esa jamg‘armani 20 million sо‘mdan oshirish imkoniyati mavjud.  Bu qо‘shimcha daromad ishlab topish uchun juda katta imkoniyat aslida. Ahamiyatli tomoni, ana shu imkoniyatni tо‘g‘ri baholab, terimda ishtirok etish va daromad ishlab topishga harakat qilayotgan yurtdoshlarimiz soni oshib bormoqda.

Terimchilar doimiy ravishda rag‘batlantirib boriladi

Har yili  faol terimchilarni qо‘shimcha rag‘batlantirib borish ham an’ana tusini olgan. Ularga mavsum davomida manfaatdor korxona va tashkilotlar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etib boriladi, maroqli hordiq chiqarishi uchun turli uchrashuvlar, badiiy dasturlar tashkil etiladi.

Bu yil ham mahalliy hokimliklar, kasaba uyushmalari, Yoshlar    ittifoqi va boshqa tashkilotlar tomonidan bu borada bir qator tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ular allaqachon boshlanib ham ketdi. Jumladan, kuni kecha viloyat hokimi tomonidan Koson, Mirishkor va Qamashi tumanlaridagi terim otryadlari rahbarlariga zamonaviy televizorlar topshirildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Albatta, bu kabi chora-tadbirlardan kо‘zlangan asosiy maqsad mavsumda ishtirok etayotgan terimchilarni yanada rag‘batlantirish, yetishtirilgan hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay, sifatiga zarar yetkazmay, qisqa vaqt ichida yig‘ib-terib olishdan iborat.

Jahongir BOYMURODOV

17-09-2019 |
Foto galereya