“Jonajon О‘zbekistonimiz yangi о‘n yillikka qadam qо‘ymoqda. Erishgan natijalarimiz tarixga aylanib, oldimizda yangi-yangi о‘zgarishlarni amalga oshirish bо‘yicha ulkan vazifalar va imkoniyatlar paydo bо‘lmoqda.

Shu bois, bugun Sizlar bilan birgalikda, mamlakatimizni 2020 yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish bо‘yicha, ustuvor yо‘nalish va vazifalarni belgilab olishimiz zarur.

Yaqinda “Yangi О‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bо‘lib о‘tgan saylovlar natijasida respublikamizda demokratik islohotlarni yuqori bosqichga olib chiqish uchun, zarur bо‘lgan yangi siyosiy muhit vujudga keldi.

Saylovlar ochiq-oydin, xalqaro standartlar asosida о‘tkazilishini nazorat qilish uchun 50 ga yaqin davlatdan hamda 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchilar ishtirok etdi.

Birinchi marta Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bо‘yicha byurosining 316 kishilik tо‘laqonli missiyasi bilan yaqin hamkorlik qildik.

Xalqaro kuzatuvchilar, saylovlar erkin raqobat muhitida, siyosiy partiyalar о‘rtasidagi qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida о‘tganini, bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli darajada oshganini alohida e’tirof etdilar.

Barcha xalqaro kuzatuvchilarga, saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va tavsiyalari uchun, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Biz albatta, ushbu tavsiyalarning har birini chuqur о‘rganib, tegishli dastur qabul qilib, amaliyotga keng joriy etamiz.

Bu borada, saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalarning о‘z elektorati bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirish, oldimizda turgan muhim masalalardan biridir.

Shu bilan bir qatorda, mahalliy kengashlarga saylov о‘tkazishning uch pog‘onali tizimini optimallashtirish, bunda tuman va shahar  saylov komissiyasining rolini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Parlament va Markaziy saylov komissiyasi, saylov yakunlari bо‘yicha rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirishda, yaqin hamkorlikda ish olib borishi zarur bо‘ladi.

Barcha deputat va senatorlarga, ularning timsolida butun О‘zbekiston xalqiga murojaat qilib, aytmoqchiman: demokratik islohotlar yо‘li – biz uchun yakkayu yagona va eng tо‘g‘ri yо‘ldir.

Bu borada biz, har kuni izlanishdamiz, xorijdagi ilg‘or tajribalarni chuqur о‘rganib, hayotimizni, ish uslubimizni yangilashga harakat qilmoqdamiz.

Biz yangi О‘zbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulug‘vor maqsadni о‘z oldimizga qо‘yganmiz.

Bu borada “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda.

Islohotlarning amaliy natijadorligini oshirishda, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholimizning yanada faolroq, yanada tashabbuskor bо‘lishiga erishmog‘imiz lozim.

Eng asosiysi, bu islohotlar natijasida xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak.

Odamlarimiz yetarli daromad topishi uchun eng qulay biznes va investitsiya muhitini shakllantirib, yangi-yangi korxonalar va ish joylarini kо‘paytirishimiz zarur.

Bu g‘oyat dolzarb ishlarni о‘zimiz qilmasak, hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi.

Xalqimiz, shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yо‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz о‘qib-о‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, о‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta hayotimiz va jamiyatimiz о‘zgaradi.

Men bunga qat’iy ishonaman va bu fikrni sizlar ham qо‘llab-quvvatlaysizlar, deb о‘ylayman."

"Barcha sohalardagi ijobiy natijalar qatorida, investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.

Ayniqsa, tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan – mana shu raqamga e’tiboringizni qaratmoqchiman – 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar о‘sdi.

Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.

Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi.

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan О‘zbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.

Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yо‘l qurilishi, qishloq va suv xо‘jaligi, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi.

Sanoatning 12 ta yetakchi tarmog‘ida modernizatsiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilmoqda.

Natijada о‘tgan yili iqtisodiy о‘sish 5,6 foizni tashkil etdi.

Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga kо‘paydi.

Oltin-valyuta zaxiralarimiz 2019 yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.

Qishloq xо‘jaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi о‘rganish va izlanishlarimiz davom etmoqda. Sohaga ilg‘or texnologiyalar va klaster tizimi joriy etilmoqda.

Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga, barcha imkoniyatlarimizni safarbar etayapmiz.

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida о‘z biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion sо‘m kreditlar ajratildi.

Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobarga kamaytirildi. Natijada, rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 mingtaga kо‘paydi.

Qо‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan о‘tgan yili soliq tо‘lovchilar ixtiyorida 2 trillion sо‘m qoldi.

Joriy yilda bu raqam 11 trillion sо‘mni tashkil etishi kutilmoqda.

Bir yilda tadbirkorlar ixtiyorida shuncha mablag‘ qolishi, albatta ularga о‘z bizneslarini rivojlantirish uchun juda katta qо‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Islohotlarimiz natijasida о‘tgan yili 93 mingta yoki 2018 yilga nisbatan qariyb 2 barobar kо‘p yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.

Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pog‘ona kо‘tarilib, biznesni rо‘yxatga olish kо‘rsatkichi bо‘yicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-о‘rinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldik.

Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida о‘tgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.

Bu 2016 yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar kо‘p demakdir.

Maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlarimiz natijasida, о‘tgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog‘chalari tashkil etildi.

Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga kо‘tarildi.

2019 yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta ijod maktabi ish boshladi.

Oliy ta’limni rivojlantirish uchun о‘tgan yili 19 ta yangi oliy о‘quv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitet filiali ochildi.

Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qо‘shma ta’lim dasturi bо‘yicha kadrlar tayyorlash yо‘lga qо‘yildi.

Oliy ta’lim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016 yilga nisbatan 2 barobar kо‘p talaba о‘qishga qabul qilindi.

Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani tо‘liq tо‘lash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar kо‘paytirildi.

Sog‘liqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda, xususiy tibbiyot yо‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda.

Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga kо‘paytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli о‘tgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng kо‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi.

Bunga 6,1 trillion sо‘m yoki 2018 yilga nisbatan 1,5 trillion sо‘m kо‘p mablag‘ sarflandi.

Qishloq joylarida 17 ming 100 ta, shaharlarda 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016 yilga nisbatan salkam 3 barobar kо‘p arzon va shinam uylar qurildi.

Kam ta’minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, shu jumladan, nogironligi bо‘lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard sо‘mdan ziyod boshlang‘ich badal tо‘lab berildi.

Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda.

Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali О‘zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e’tirof etdi.

Berilgan bunday baho, barchamizga cheksiz g‘urur, iftixor va kuch bag‘ishlaydi, yangi marralarga ruhlantiradi, desam, о‘ylaymanki sizlar ham, bu fikrni qо‘llab-quvvatlaysizlar".

“Birinchidan, barcha darajadagi rahbarlar, erishilgan dastlabki ijobiy kо‘rsatkichlarga mahliyo bо‘lib, xotirjamlikka aslo berilmasligi kerak.

Yangi Parlament va Hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – О‘zbekistonda yashayotgan kо‘p millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat bо‘lishi shart.

Shu munosabat bilan deputatlarimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchiman. Saylovoldi uchrashuvlarida aholi tomonidan kо‘tarilgan dolzarb masalalarni hal etish bо‘yicha, aniq dastur va “yо‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda uni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tо‘liq amalga oshirish zarur.

Aks holda, sizlarga ishonch bildirgan saylovchilar oldida deputatning obrо‘si bо‘lmaydi, partiyaning mavqei tushib ketadi.

Chunki bugun xalqimizning tafakkuri ham, dunyoqarashi ham, talab va ehtiyojlari ham butunlay о‘zgargan. Xalqimiz hammadan ziyrak va ulug‘dir.

Ikkinchidan, boshqaruv tizimi sifatini oshirishda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilni amalda tо‘liq ta’minlash bо‘yicha hali kо‘p ish qilishimiz zarur.

Virtual va Xalq qabulxonalariga yiliga 1 milliondan ziyod murojaat kelib tushayotgani, xalq bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqishni talab etadi.

Endi davlat idoralari rahbarlari va hokimlarning ushbu murojaatlarni qay darajada hal etayotgani bо‘yicha hisobotini, parlament va xalq deputatlari kengashlarida muntazam eshitish tizimi yо‘lga qо‘yiladi.

Mahalliy byudjetlarning qо‘shimcha daromadini taqsimlash, nafaqa oluvchilarni adolatli belgilash, ijro organlari rahbarlari ishiga baho berish, bundan buyon Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida amalga oshiriladi.

Har bir deputat Xalq qabulxonalari bilan doimiy ishlab, о‘z hududida yashayotgan aholi muammolarini yechishda faol ishtirok etishi, odamlarning dardu tashvishlarini tinglashi kerak.

Shunda deputatlar о‘z saylovchilariga bergan va’dalari ustidan chiqadi, xalqning ishonchini oqlaydi, mehrini qozonadi.

Shunda men ham, nafaqat Prezident, balki oddiy saylovchi sifatida sizlardan juda minnatdor bо‘lar edim.

Uchinchidan, biz О‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qо‘ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz.

Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bо‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur.

Shuning uchun ham, bog‘chadan boshlab, oliy о‘quv yurtigacha, ta’limning barcha bо‘g‘inlarini isloh qilishni boshladik.

Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak.

Ilm yо‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta tо‘g‘ri yо‘ldan adashish bо‘ladi”.

“Sharq donishmandlari aytganidek,

“Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm,

Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya,

Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”

Shu sababli, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni о‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bо‘lish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.

Taraqqiyotga erishish uchun, raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart.

Bu bizga yuksalishning eng qisqa yо‘lidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.

Yurtimiz “Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi” bо‘yicha 2019 yilda 8 pog‘onaga kо‘tarilgan bо‘lsa-da, hali judayam orqadamiz.

Aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroq, desak, bu ham haqiqat.

Albatta, “raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish kerakli infratuzilma, kо‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz.

Biroq, qanchalik qiyin bо‘lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bо‘ladi.

Shu bois, “Raqamli iqtisodiyot”ga faol о‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bо‘ladi.

Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.

Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat – korrupsiya balosini yо‘qotishda ham samarali vositadir.

Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor.

Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir sо‘z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkin.

Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga kо‘tarish maqsadida, men yurtimizda 2020 yilga “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni, taklif etaman”.

“Bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini, joriy yilda 60 foizga yetkazishimiz zarur.

Ushbu maqsadlarga joriy yilda byudjetdan qariyb 2 trillion sо‘m mablag‘ ajratiladi.

Bu yildan boshlab, tariximizda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi.

Bunga byudjetdan 130 milliard sо‘m ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi.

2020 yilda byudjetdan ajratiladigan 1,7 trillion sо‘m mablag‘ hisobidan 36 ta yangi maktab qurilib, 216 tasi kapital ta’mirlanadi. Shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi.

Pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bо‘lgan, о‘z ishida aniq natijalarga erishgan о‘qituvchilarga, yuqori maosh tо‘lash tizimini joriy etamiz.

Maktab о‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, о‘quv yuklamalari va fanlarni qayta kо‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur.

2021 yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik kо‘rish uchun 348 ta tayanch maktabni belgilab, 6 mingdan ortiq о‘qituvchilarning malakasi oshiriladi.

Joriy о‘quv yilidan boshlab mutlaqo yangi professional ta’lim tizimi yо‘lga qо‘yilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi.

Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida, Milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi.

Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar bо‘yicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Oliy ma’lumot olaman, о‘z ustimda ishlab, ilmli bо‘laman, degan, yuragida о‘ti bor jо‘shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart.

Shuning uchun, maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazamiz.

Bu borada shuni unutmaslik kerakki, oliy ta’lim qamrovini oshirish, tо‘lov kontraktiga bog‘liq bо‘lib qolmasligi zarur.

Shuni hisobga olib, oliy о‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar kо‘paytiramiz, desam, sizlar bu fikrga qanday qaraysiz?

Qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratiladi. Xotin-qizlar qо‘mitasi ushbu grantlar asosida о‘qitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqishi kerak.

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini ham optimallashtirish zarur. Biz bunda asosiy e’tiborni о‘qishga kirish jarayonlarini soddalashtirishga, oliy о‘quv yurtlarida chinakam bilim va tarbiya olishga qaratishimiz zarur.

Misol uchun, ona tili bо‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olsa, о‘qishga kirayotgan paytda ona tili bо‘yicha qayta sinovdan о‘tishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi.

Oliy ta’lim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi, ta’lim yо‘nalishlari va о‘qitiladigan fanlar qayta kо‘rib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi bо‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi.

Oliy ta’limda о‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga о‘tkazish talab etiladi.

Joriy yildan pedagogik ta’limning 6 ta yо‘nalishi bо‘yicha, о‘qish muddati 3 yil qilib belgilanadi. Bu ishlarni boshqa yо‘nalishlarda ham davom ettiramiz.

Oliy о‘quv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda ularning 10 tasi о‘zini о‘zi moliyaviy ta’minlashga о‘tadi.

Bundan tashqari, kamida 5 ta oliy ta’lim dargohini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda, ularni transformatsiya qilishni boshlaymiz.

Mamlakatimiz uchun ilm-fan sohasidagi ustuvor yо‘nalishlarni aniq belgilab olishimiz kerak.

Hech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini biryо‘la taraqqiy ettira olmaydi.

Shuning uchun, biz ham har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yо‘nalishini rivojlantirish tarafdorimiz.

Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yо‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni faollashtirib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib  beriladi.

Shuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablag‘larini ajratish mexanizmini, tubdan qayta kо‘rib chiqish kerak.

Ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantirish lozim.

Har bir oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot dargohi nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yо‘lga qо‘yishi shart.

Joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-о‘qituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi.

Kelgusida, grantlar miqdorini 2 barobar kо‘paytirish va tadqiqot yо‘nalishlari kо‘lamini kengaytirish lozim.

Joriy yilda “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish bо‘yicha tub burilish qilishimiz kerak.

Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xо‘jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog‘liqni saqlash, ta’lim, arxiv sohalarini tо‘liq raqamlashtirish lozim.

Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini, amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalarni tanqidiy qayta kо‘rib chiqib, barcha tashkiliy va institusional masalalarni kompleks hal etish zarur.

Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega bо‘lgan “AyTi-park” barpo etilmoqda. U hozirdanoq, о‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi.

Bunday “AyTi-park”lar – Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etiladi.

Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida, xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi.

Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga tо‘liq javob beradigan, axborot texnologiyalari joriy etilishi shart.

О‘tgan yili barcha shahar va tuman markazlarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanganini hisobga olib, yaqin 2 yilda barcha qishloq va mahallalarni ana shunday tezkor internet bilan ta’minlashimiz kerak.

Hozirgacha 7 mingdan ortiq sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan bо‘lsa, keyingi 2 yilda yana 12 mingta muassasa tezkor internetga ulanadi.

Bu vazifalarni kо‘zda tutgan holda, “Raqamli О‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqishni ikki oy muddatda yakunlash lozim.

Kelgusida bu ishlarni tizimli tashkil etishga bosh-qosh bо‘lish uchun Hukumatda – Bosh vazir о‘rinbosari, vazirlik va idoralarda hamda hokimliklarda esa – alohida о‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi.

Parlament ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tо‘g‘risida Hukumat, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotini muntazam eshitib borishi lozim”.

“Birinchidan, 2020 yilda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va inflyatsiyani jilovlash – iqtisodiy islohotlar jarayonidagi bosh vazifamizdir.

Biz, shu yildan boshlab inflyatsiyaviy targetlash tizimini joriy qilishga о‘tdik.

Bu borada Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi iqtisodiy о‘sish bilan inflyatsiya о‘rtasida muvozanatni ta’minlashi, tashqi xavf-xatarlarni hisobga olishi zarur.

Davlat tomonidan 37 turdagi mahsulot va xizmatlar narxining tartibga solinayotgani, erkin raqobatga salbiy ta’sir qilmoqda.

Shuni hisobga olib, endi asosiy e’tiborni narxlarni belgilashga emas, balki korxonalar о‘rtasida sog‘lom raqobatni ta’minlash orqali, narxlarni pasaytirishga va sifatni oshirishga qaratishimiz kerak.

Xalqaro tajribani о‘rganib, raqobatni olib kirish mumkin bо‘lgan monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yо‘l ochish va shu orqali raqobat muhitini shakllantirish lozim.

Bu borada tabiiy monopoliya va raqobat tо‘g‘risidagi qonunlarni yangilash hamda Iqtisodiyotda raqobat muhitini shakllantirish strategiyasini ishlab chiqish talab etiladi.

Iste’mol bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlashning yagona yо‘li – meva-sabzavot, chorvachilik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini kо‘paytirish hamda “daladan dо‘kongacha” bо‘lgan uzluksiz zanjirni yaratishdir.

Hukumat, barcha darajadagi hokimliklar bilan ushbu vazifa ijrosini tо‘liq ta’minlashi kerak.

Byudjet mablag‘larining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan, nazoratni yanada kuchaytirish zarur.

Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablag‘larni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy e’tibor qaratiladi.

Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, “Davlat moliyaviy nazorati tо‘g‘risida” va “Davlat qarzi tо‘g‘risida”gi qonunlar loyihalarini ishlab chiqsin.

Islohotlarimizga jiddiy tо‘sqinlik qilayotgan “yashirin iqtisodiyot”ga barham berilmas ekan, sog‘lom raqobat ham, qulay investitsiya muhiti ham shakllanmaydi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, “yashirin iqtisodiyot”ning vujudga kelish omillarini chuqur tahlil qilib, unga qarshi kurashish dasturini tasdiqlasin.

Shuningdek, “yashirin iqtisodiyot” ulushi yuqori bо‘lgan alkogol va tamaki bozorini tartibga solish uchun tovarlarni raqamli markirovka qilish tizimini joriy etish ishlari boshlandi.

Bu tizim kelgusida farmatsevtika mahsulotlari uchun ham qо‘llaniladi.

Vazirlar Mahkamasi qiymati 200 million dollar bо‘lgan tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilayotgan ushbu “raqamli markirovka va onlayn kassa” loyihasini, alohida nazoratga olsin.

Ikkinchidan, iqtisodiyotni yuqori sur’atlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettirish zarur.

Joriy yilda 23 milliard dollarlik investitsiyalar о‘zlashtiriladi hamda 206 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.

Jumladan, SHо‘rtan gaz-kimyo kompleksida sintetik suyuq yoqilg‘i, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida azot kislotasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

Toshkent metallurgiya zavodi, Toshkent metrosining Sirg‘ali tarmog‘i, yer usti halqa yо‘lining birinchi bosqichi ishga tushiriladi.

2020 yilda о‘zlashtiriladigan investitsiyalarning salmoqli qismi, tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri xorijiy sarmoyalar va kreditlar bо‘lishini alohida qayd etmoqchiman.

Investorlarni qо‘llab-quvvatlash maqsadida ularga soliqlarni bо‘lib-bо‘lib tо‘lash, infratuzilma yaratish xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda.

Shuningdek, foyda solig‘ini hisoblashda, yangi texnologik uskunalar xarid qilish, yangi obyektlarni qurish va modernizatsiya qilish xarajatlari bо‘yicha chegirmalar kengaytirildi.

Mavjud 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalarni xatlovdan о‘tkazib, xususiy sektor va raqobat rivojlangan yо‘nalishlardagi korxonalarda davlat ishtirokini keskin kamaytirish choralarini kо‘rish kerak.

Navoiy va Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatlari kabi yirik sanoat korxonalarida yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan birga, ushbu korxonalarni xalqaro moliya bozorining tо‘laqonli ishtirokchisiga aylantirish lozim.

Buning uchun, 2020 yilda xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobotlarni tuzish, zaxiralarni qayta hisoblash, korporativ oshkoralikni tatbiq etish kabi ishlarni yakunlash zarur.

Neft-gaz sohasidagi davlat korxonalarini boshqarishga xorijiy ekspertlarni jalb qilib, ularning samaradorligini oshirish va xarajatlarini optimallashtirish, qarz miqdorini kamaytirishga erishish lozim.

Vazirlar Mahkamasi ana shu vazifalarni tо‘liq hisobga olib, ikki oy muddatda, Davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish, ularni boshqarish va isloh etish strategiyasini ishlab chiqsin.

Xorijiy investorlarni faol jalb etish maqsadida, joriy yil mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumini yuqori saviyada о‘tkazish zarur.

Investitsiya jalb qilishning samarali vositalaridan biri bо‘lgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini transport, energetika, yо‘l, kommunal, tibbiyot, ta’lim kabi sohalarga keng tatbiq etish kerak.

Hozirgi vaqtda qurilish sohasi iqtisodiyotning muhim “drayver”laridan biriga aylandi. Bu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 6 foizdan oshgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Ushbu tarmoqni yanada rivojlantirish uchun qurilishga oid normalarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy qurilish texnologiyalari va materiallarini tatbiq etish, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish zarur.

Shuningdek, tenderlar о‘tkazishning aniq mezonlarini ishlab chiqish va sohada axborot texnologiyalarini keng joriy etish kerak.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda qurilish sohasini 2025 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqsin.

Uchinchidan, bank tizimi va kapital bozorini rivojlantirish uchun bu yil keskin choralar kо‘rishimiz lozim.

Afsuski, bank tizimi raqamli texnologiyalarni qо‘llash, yangi bank mahsulotlarini joriy etish va dasturiy ta’minotlar bо‘yicha zamon talablaridan, 10-15 yil orqada qolmoqda.

2020 yildan boshlab har bir bankda keng kо‘lamli transformatsiya dasturi amalga oshiriladi.

Bu borada banklarimizning kapital, resurs bazasi va daromadlarini oshirish alohida e’tiborimiz markazida bо‘ladi.

Bank tizimida tadbirkorlarni qо‘llab-quvvatlaydigan “loyihalar fabrikasi” faoliyatini yо‘lga qо‘yishimiz lozim.

Banklarimiz xalqaro moliya bozorlariga chiqib, arzon va uzoq muddatli resurslar olib kelishi zarur. Milliy bank va Ipoteka-bank bu yil о‘z “yevrobond”larini chiqarishi maqsadga muvofiqdir.

Davlat ulushiga ega bо‘lgan banklar bosqichma-bosqich strategik investorlarga sotiladi.

Bank sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi – tijorat banklarini “mijoz uchun ishlash”ga о‘rgatishdan iboratdir.

Soha uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash maqsadida, Bank-moliya akademiyasi xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda tо‘liq qayta tashkil etiladi.

Shuningdek, davlat banklarida zamonaviy bank amaliyoti, menejmenti va xizmatlarini joriy qilish uchun rahbarlik lavozimlariga xorijiy yetakchi moliya institutlarining malakali mutaxassislarni jalb etish boshlandi va bu jarayon izchil davom etadi.

Banklarda axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish orqali, ularning dasturiy ta’minotlarini tubdan yangilash lozim.

Shu yil 1 iyulga qadar “kredit tarixi” axborot tizimini tо‘liq ishga tushirish zarur.

Aholida bank tizimiga nisbatan ishonchni shakllantirish va banklar faoliyatiga chetdan aralashishga chek qо‘yish kerak.

Tо‘rtinchidan, barqaror iqtisodiy о‘sishning eng muhim garovi – raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni kо‘paytirish, tranzit salohiyatidan tо‘liq foydalanish hisoblanadi.

Bu yil eksportyorlarga kafillik beradigan va xarajatlarning bir qismini qoplaydigan – Eksportni qо‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish uchun – Eksport – kredit agentligi tashkil etiladi.

Shuningdek, eksport qilishda zamonaviy sug‘urta xizmatlari joriy qilinadi, avtomobil va havo transporti xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.

Tashqi savdo bilan bog‘liq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash zarur.

Jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiruvchi bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozim.

2020 yilda 3 mingga yaqin standartlarni qabul qilish, ularning sonini 10 mingtaga va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashish darajasini 40 foizga yetkazish zarur.

Andijon, Termiz va Qо‘ng‘irot tumanlarida erkin savdo zonalarini tashkil etib, ular orqali chegara oldi savdosini rivojlantirish zarur.

Xaridorgir mahsulotlar turlarini aniqlash, ularga bozor topish va sotish bilan xususiy “treyding” kompaniyalari shug‘ullanishi, buning uchun esa, savdo faoliyatini tartibga soladigan qonun loyihalari paketini ishlab chiqish lozim.

Bu tashqi savdo bilan bir qatorda, ichki bozorga ham tegishli. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish konsepsiyasini ishlab chiqsin hamda ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash bо‘yicha tegishli qarorlarni tayyorlasin.

Mahsulotlarimizni tashqi va ichki bozorlarga yetkazish, ularning tannarxini tushirish uchun transport-logistika sohasini rivojlantirishimiz zarur.

Temir yо‘l sohasida yо‘lovchi va yuk tashish, ekspluatatsiya va xizmat kо‘rsatishni bir-biridan ajratish, ya’ni tabiiy monopoliya qismini alohida, xususiy sektorni jalb qilish mumkin bо‘lgan yо‘nalishlarni alohida rivojlantirish lozim.

Xalqaro ekspertlarning xulosasiga kо‘ra, infratuzilmani yaxshilash, mosla–shuvchan tariflar qо‘llash va yangi istiqbolli yо‘nalishlarni shakllantirish hisobidan, bizda tranzit salohiyatini hozirgi 7 million tonnadan 16 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud.

Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Aholi daromadlarini oshirish, qо‘shimcha ish о‘rinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarishni kо‘paytirish uchun bizga yangi-yangi bozorlar kerak.

Buning uchun bozor iqtisodiyoti va davr talablariga mos kо‘plab qonun va qarorlarni qabul qilayapmiz.

Lekin, afsuski, ularni ijro qiladigan kо‘pgina amaldorlar hali ham eskicha ish uslubi, rasmiyatchilik va befarqlikdan qutulgani yо‘q.

Ochiq bozor – mahsulot sifatini oshirish, tannarxni pasaytirish, yangi texnologiyalar olib kelishga majbur qiladi, bozor islohotlarini jadal rivojlantiradi.

Sodda qilib aytsak, jahon ishlab chiqarish zanjirlariga, dunyo bozori talablariga va iqtisodiy integratsiya jarayonlariga hamohang bо‘lishimiz lozim.

Muloqot va raqobatga tayyor bо‘lish uchun tarmoq rahbarlari о‘z ustida tinimsiz ishlashi shart.

Mana, nima uchun bizga iqtisodiy integratsiya kerak!

Bizning tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va Rossiyaning tranzit yо‘laklari orqali о‘tadi.

Shuningdek, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ayrim tovarlar bо‘yicha esa 80 foizi Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hissasiga tо‘g‘ri keladi.

Ana shu omillarni inobatga olib hamda Rossiya va Qozog‘istonga ishlash uchun borgan fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida, bugungi kunda О‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bog‘liq masalalar о‘rganilmoqda.

Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanamiz.

Shuning uchun xalq vakillari bо‘lgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, о‘z zimmalariga mas’uliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak.

Vazirlar Mahkamasi ushbu yо‘nalishdagi tahliliy va kompleks baholash ishlarini yakunlab, tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etsin.

Shu bilan birga, biz Jahon savdo tashkiloti bilan boshlangan muloqotimizni, hamda Yevropa Ittifoqi bilan Hamkorlik va sheriklik tо‘g‘risidagi yangi bitimni tuzish bо‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz.

Shuningdek, biz boshqa xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokimizni, yanada kuchaytiramiz.

Beshinchidan, sanoat tarmoqlarini uzluksiz xomashyo va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash zarur.

Iqtisodiyotning qator muhim tarmoqlari, jumladan, kimyo, neft va gaz, energetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, zargarlik sanoatini xomashyo bilan ta’minlash uchun, avvalo, geologiya-qidiruv sohasini tubdan rivojlantirish lozim.

Shuni hisobga olib, joriy yilda istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud zaxiralarni kо‘paytirish uchun byudjetdan 2 trillion sо‘m mablag‘ ajratilmoqda.

Davlat geologiya qо‘mitasi oldiga ushbu mablag‘larni samarali ishlatish orqali shu yilda yangi istiqbolli maydonlar va konlarni aniqlashni 35 foizga, kelgusi yilda esa 40 foizga oshirish vazifasi qо‘yiladi.

Davlat geologiya qо‘mitasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birga kamida 20 ta kon bо‘yicha tayyor loyihalar tо‘plamini shakllantirib, salohiyatli investorlarga taklif etishi lozim.

Shuningdek, qо‘mita uglevodorodlar va ularning zaxiralari bо‘yicha hisob-kitob yuritish, toifaga ajratish va boshqarishning xalqaro tizimini amaliyotga joriy etishi kerak.

Iqtisodiy yuksalishni ta’minlash uchun barcha qulayliklarga ega bо‘lgan zamonaviy infratuzilma barpo etish nihoyatda zarur.

Biz keyingi 3 yilda yо‘l qurilishiga 9,8 trillion sо‘m, suv tarmoqlariga – 4,6 trillion sо‘m, elektr tarmoqlariga – 18,2 trillion sо‘m, tabiiy gaz ta’minotiga – 1,2 trillion sо‘m mablag‘ ajratdik.

Bu raqamlar – ushbu tarmoqlar uchun sо‘nggi 10-15 yilda sarflangan mablag‘lardan bir necha barobar kо‘pdir.

Lekin, shunga qaramasdan, zamonaviy infratuzilma yaratish, mavjud tizimni modernizatsiya qilish uchun bundan bir necha о‘n barobar kо‘p mablag‘ talab etiladi.

Qanchalik qiyin bо‘lmasin, biz har yili Investitsiya dasturi doirasida katta mablag‘ ajratib, bu yо‘nalishdagi ishlarni albatta jadal davom ettiramiz.

Bunga qо‘shimcha ravishda, respublika va mahalliy byudjetlarning prognozdan yuqori tushumlarining yarmini infratuzilma obyektlarini rivojlantirishga yо‘naltirish – Moliya vazirligi va hokimlar uchun joriy yildagi asosiy vazifalardan biri bо‘lishi kerak.

Qonunchilik palatasi, Hisob palatasini jalb etgan holda, ushbu mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishini joylarga chiqib, muntazam ravishda о‘rganib borishi maqsadga muvofiq”.

“Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida, eng yaxshi 50 ta mamlakat qatoriga kirish bо‘yicha barcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni qabul qildik.

Hukumat ushbu tadbirlarning amaliy ijrosini samarali tashkil etishi zarur.

Yaqinda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, bu yildan boshlab kо‘plab yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda.

Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni tо‘lash muddatini uzaytirish yoki bо‘lib-bо‘lib tо‘lashga ruxsat berish bо‘yicha, yengillashtirilgan mexanizmlar kiritildi.

Birinchi marta tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti bо‘yicha qо‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi joriy etilmoqda.

Hozirgacha bu tartib faqat mahsulot eksport qilinganda qо‘llanar edi. Buning hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida 3,4 trillion sо‘m yoki о‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar kо‘p mablag‘ qoladi.

Endi tadbirkor tomonidan tо‘langan ortiqcha soliq о‘z muddatida qaytarilmasa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasi bо‘yicha byudjetdan foiz tо‘lanadi.

Buning ahamiyatini mana shu zalda о‘tirgan va “oynai jahon” orqali mening sо‘zlarimni eshitayotgan tadbirkorlar, о‘ylaymanki, hammadan kо‘ra yaxshi tushunadi.

Soliq kodeksi normalarini har bir soliq xodimi, tadbirkorlar va soliq tо‘lovchilar puxta о‘zlashtirishi, buning uchun ularni muntazam ravishda о‘qitish zarur.

Soliq xizmati xodimlari dunyoqarashini tubdan о‘zgartirish va malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Davlat soliq qо‘mitasi qoshida Fiskal institutini tashkil etishni taklif qilaman.

Bu jarayonga katta tajribaga ega nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilish zarur.

Shu bilan birga, tadbirkorlarni kо‘p qiynaydigan soha – litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy о‘zgartiramiz.

Ochiq aytish kerak, mavjud 280 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar orasida, faoliyat turlari hisobini yuritish, mablag‘ undirish yoki shunchaki “nazorat qilish” uchun joriy qilinganlari ham bor.

Bu esa tadbirkorlarning haqli e’tirozlariga sabab bо‘lmoqda.

Shu sababli Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman 2020 yil 1 martga qadar litsenziya va ruxsatnomalar berish asoslarini tubdan qayta kо‘rib chiqib, ularning sonini kamida 2, bо‘lmasa, 3 barobarga qisqartirish bо‘yicha aniq taklif kiritsin.

Shuningdek, “Kichik va о‘rta biznes tо‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarur.

Unda kichik va о‘rta biznes mezonlari hamda bu soha vakillarini rag‘batlantirish mexanizmlari nazarda tutilishi kerak.

Bu yil har bir hududda tadbirkorlarga yer uchastkalariga oid ma’lumotlarni ochiq va haqqoniy yetkazish bо‘yicha yangi tizim joriy etamiz.

Unga kо‘ra, tadbirkorning faoliyat yuritishi uchun zarur bо‘lgan bо‘sh yer maydonlari, bino va inshootlar, ularning qiymati va shartlari haqidagi tо‘liq xaritani istalgan vaqt va hududda “onlayn” tarzda olish imkoniyati yaratiladi.

Xabaringiz bor, bundan 2 yil oldin korxonalarning moliya-xо‘jalik faoliyatini tekshirishga nisbatan e’lon qilingan moratoriy muddati tugadi.

Lekin, bu yana eski usulda yoppasiga tekshir-tekshirlarni boshlab yuborish mumkin, degani emas.

Kimgadir bu yoqadimi-yoqmaydimi, biz bunga yо‘l qо‘ymaymiz. Barcha nazorat idoralari rahbarlari shuni qulog‘iga yaxshilab quyib olsin.

2020 yil birinchi chorakda ilg‘or tajribalar asosida, barcha darajadagi nazorat qiluvchi idoralarda yangi zamonaviy tizim joriy etilishi shart.

Bu orqali har bir korxona va tadbirkor bо‘yicha alohida-alohida ishlab, ularning qonuniy faoliyat yuritishini ta’minlash, tekshirishni esa eng sо‘nggi favqulodda chora sifatida adolatli о‘tkazish lozim.

Mazkur masala yuzasidan, nazorat idoralarining rahbarlari parlament oldida har chorakda shaxsan hisobot berib boradi.

Bankrotlik borasidagi hozirgi tartib-tamoyillar korxonalarni tugatish va mol-mulkdan tushgan mablag‘lar hisobidan, qarzlarni qoplashni nazarda tutadi.

Shuning uchun, sо‘nggi 3 yilda atigi 3 ta korxonada sanatsiya qо‘llanilgan, xolos.

Endi bunday qoidadan butunlay voz kechib, tо‘lovga qobiliyatsiz korxonalarni eng ilg‘or xorijiy tajriba asosida sog‘lomlashtirish bо‘yicha yangi tizim joriy etamiz.

Tadbirkorlar huquqlarini ta’minlashda Oliy Majlisning ikkala palatasi ham ta’sirchan parlament nazoratini yо‘lga qо‘yishi zarur.

Tadbirkorlik sohasida ijtimoiy xavfi katta bо‘lmagan ayrim jinoyat turlarini jinoyat toifasidan chiqarish siyosatini izchil davom ettirishimiz lozim.

Jumladan, soxta tadbirkorlik, raqobatchi obrо‘sini tushirish kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik bekor qilinadi.

Shuningdek, bojxona qonun hujjatlarini buzish jinoyatini birinchi marta sodir etgan, lekin tо‘lovlarni tо‘lagan shaxslarni, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish kerak.

Yuridik shaxs bо‘lgan tadbirkorlik subyekti a’zolariga “jinoiy uyushma” degan ayblov qо‘yib, ularga og‘ir jazo tayinlash kabi allaqachon umrini о‘tab bо‘lgan tartiblarni bekor qilish vaqti yetdi.

Buning oqibatida yuzlab tadbirkorlar qanchadan-qancha aziyat chekib, moddiy zarar kо‘rayotganlarini inobatga olsak, bu о‘zgarishlarning qanday katta ahamiyatga ega ekani yaqqol ayon bо‘ladi.

Oliy sud, Bosh prokuratura, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi 2020 yil 1 aprelgacha ana shu masalalar bо‘yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqishi lozim.

Yettinchidan, iqtisodiyotimiz rivojini, aholi bandligi va daromadlari о‘sishini ta’minlaydigan eng muhim sohalardan biri bо‘lgan qishloq xо‘jaligini strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish zarur.

Tarmoqdagi hozirgi о‘sish sur’atlari bizni mutlaqo qoniqtirmaydi. Bu borada bozor mexanizmlarini keng joriy qilib, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirmas ekanmiz, biz kutgan sezilarli о‘zgarish bо‘lmaydi.

Shu bois, paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich о‘tamiz.

Agar bu yо‘ldan bormasak, fermer va dehqonlarimizga mahsulot yetishtirishda erkinlik bо‘lmaydi, ular о‘zi kutganday manfaat kо‘rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi о‘zgarmaydi.

Qishloq xо‘jaligini davlat tomonidan qо‘llab-quvvatlash jamg‘armasini isloh qilib, agrar sohaning boshqa tarmoqlariga ham, arzon kreditlar ajratish yо‘lga qо‘yiladi.

Kelgusida Qishloq xо‘jaligi vazirligi soha korxonalariga kо‘rsatma berish, resurslarni taqsimlash, reja belgilash kabi eski ish usullaridan mutlaqo voz kechishi zarur.

Buning о‘rniga, vazirlik servis tashkilotiga aylanishi, xususiy agrosanoat tashkilotlariga yer holatini aniqlash, ekin turlari va urug‘ni tо‘g‘ri tanlash, zararkunandalarga qarshi kurashish, moliyaviy kо‘maklashish, mahsulot bozorini topish bо‘yicha xizmat kо‘rsatishi kerak.

Agrar tarmoqda fermerlik harakatini qо‘llab-quvvatlash bilan birga, paxta va g‘alla yetishtirishni klaster shakliga bosqichma-bosqich о‘tkazish bо‘yicha izlanishlarimizni davom ettiramiz.

Meva-sabzavot, sholichilik, chorvachilik va ipakchilik kabi boshqa tarmoqlarda ham bugungi kun talabiga javob beradigan klasterlarni tashkil etish ishlarini davom ettiramiz.

Bu yil 2 milliard dollarlik, keyingi 5-7 yilda esa bundan 3-4 barobar kо‘p meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish uchun mahsulot yetishtirishni keskin kо‘paytirish choralarini kо‘rish zarur.

Parlamentimiz, ushbu islohotlarimizning huquqiy asosi bо‘lgan “Kooperatsiya va klasterlar tо‘g‘risida”gi yangi qonunni tezroq qabul qilsa, ushbu katta reja va niyatlarimizga mos ish bо‘lur edi.

Bu yil meva-sabzavotchilik, uzumchilik, urug‘chilik, chorvachilik, agro-logistikani rivojlantirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlari, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlashga 3 trillion sо‘m mablag‘ yо‘naltiramiz.

Chorvachilik, qorakо‘lchilik, baliqchilik, parrandachilik kabi sohalarda naslchilikka alohida e’tibor qaratilib, uni davlat tomonidan qо‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari tatbiq etiladi.

2020 yilda 44 ming gektarda yoki о‘tgan yilga nisbatan qariyb 4 barobar kо‘p maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etamiz.

Buning uchun davlat byudjetidan 300 milliard sо‘m subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, suv xо‘jaligi obyektlarini boshqarish jarayonlarini, suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish zarur.

Ushbu masalalar Suv xо‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasida о‘z aksini topishi kerak. Vazirlar Mahkamasi joriy yil 1 aprelga qadar ana shu konsepsiya loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.

Sakkizinchidan, turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylantirish biz uchun ustuvor vazifa bо‘lib qoladi.

Hukumat oldidagi eng muhim vazifalardan biri joriy yilda yurtimizga keladigan turistlar sonini 7,5 millionga yetkazishdan iborat.

Ma’lumki, qator nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalari 2020 yilda О‘zbekistonni sayohatga albatta borish tavsiya etilgan mamlakatlar qatoriga kiritdi.

Biz bunday imkoniyatdan unumli foydalanishimiz kerak.

Katta salohiyatga ega bо‘lgan ziyorat va tibbiyot turizmini ham jadal rivojlantirish zarur.

Yurtimizda 8 ming 200 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjud bо‘lib, turizm marshrutlariga ularning atigi 500 tasi kiritilgan.

Hukumat uch oy muddatda ziyorat va an’anaviy turizmni rivojlantirish mumkin bо‘lgan marshrutlardagi obyektlar sonini 800 taga yetkazish bо‘yicha chora-tadbirlarni belgilasin.

Yana bir vazifa – YUNESKOning Umumjahon moddiy madaniy merosi va Nomoddiy madaniy merosi rо‘yxatiga О‘zbekistondagi yangi obyektlarni kiritishni jadallashtirish lozim.

Joriy yilda yangi zamonaviy mehmonxonalarni qurishga davlat byudjetidan 200 milliard sо‘m subsidiya ajratib, turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish zarur.

Tо‘qqizinchidan, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirgan holda, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish kerak.

Ana shu ishlar doirasida 7 ta yirik shahar – Andijon, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Farg‘ona, Namangan, Nukusga tutash bо‘lgan 12 ta yо‘ldosh shaharcha tanlab olinib, ularni rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Shunga bog‘liq yana bir masala – asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish о‘rinlari yaratilayotgan hududlarimiz о‘rtasida tafovut mavjud.

Buning yechimi – ichki migratsiyani erkinlashtirishdir.

Shu bois, parlament va Hukumat 2020 yil 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bо‘yicha xalqaro tajribani о‘rganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim.

Uy-joy qurilishiga xususiy sektorni faol jalb qilmasdan turib, aholining uy-joyga bо‘lgan talabini tо‘liq ta’minlash mumkin emas. Shu sababli yangi ipoteka tizimi joriy etilmoqda.

Bu borada viloyatlardagi shaharlar va Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4 mingta uy-joy xususiy sektor tomonidan quriladi.

Davlat, banklar о‘rtasida sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida, ularga qariyb 4 trillion sо‘m mablag‘larni auksionlar orqali ajratadi.

Kam ta’minlangan aholini qо‘llab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olishga boshlang‘ich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan 1 trillion sо‘m subsidiya ajratiladi.

Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson, о‘zining “kichik vatani”ga – uy-joyiga ega bо‘lsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi bо‘ladi”.

“Oxirgi uch yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash bо‘yicha olib borayotgan keng kо‘lamli ijtimoiy islohotlarni davom ettiramiz.

Buning uchun, birinchidan, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish – biz uchun bosh vazifalardan biri bо‘lib qoladi.

Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas.

Har qanday mamlakatda bо‘lgani kabi bizda ham kam ta’minlangan aholi qatlamlari mavjud.

Turli hisob-kitoblarga kо‘ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu yerda gap kichkina raqamlar emas, balki 4-5 million aholimiz vakillari haqida ketayapti.

Ba’zi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini tо‘lash yoki ular miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal qilish mumkin, deb о‘ylaydi.

Bu – bir tomonlama yondashuv bо‘lib, muammoni tо‘la yechish imkonini bermaydi.

Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini tо‘la rо‘yobga chiqarish, yangi ish о‘rinlari yaratish bо‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish.

Shuning uchun, Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rivojlanish Dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqishni taklif qilaman.

Bunda xalqaro meyorlar asosida chuqur о‘rganishlar о‘tkazib, kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash uslublarini qamrab olgan yangi metodologiyani yaratish lozim.

Shuningdek, Farg‘ona vodiysining 22 ta qishloq tumanlarida aholida zamonaviy ishbilarmonlik va biznes kо‘nikmalarini shakllantirish bо‘yicha boshlangan ijobiy tajribani barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etishimiz kerak.

24-01-2020 |
Foto galereya