Assalomu alaykum aziz vohadoshlar!

Tantanali bayram tadbirining muhtaram ishtirokchilari!

Avvalo barchangizni, viloyatimizda istiqomat qilayotgan ko‘pmillatli xalqimizni – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan samimiy tabriklayman.

Qadrli do‘stlar.

Yurtimizda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar hamda yangi davrda yangicha dunyoqarash bilan yashashning negizida bosh Qomusimiz mustahkam poydevor bo‘layotganligini barchamiz chin dildan his qilamiz.

Joriy yilning 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi.

Fuqarolarimiz jamiyatda olib borilayotgan jarayonlarga befarq emasligini, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini teran his qilayotganini namoyon etishdi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi milliy davlatchiligimizni taraqqiy ettirish, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va sud-huquq sohalarini barqaror rivojlantirishning poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Yangilangan Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshdi. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paydi, yaʼni amaldagi Konstitutsiya 65 foizga yangilandi.

Bu yilgi bayram tantanalari mamlakatimiz miqyosida “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanmoqda.

Qadrli vohadoshlar!

Bosh qomusimizda “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilining mustahkamlash g‘oyasi hurmatli Prezidentimiz tomonidan ilgari surildi hamda ijtimoiy davlat barpo etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.

Taʼkidlash lozimki, “Ijtimoiy davlat” tushunchasi “Inson qadri”tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ushbu g‘oyaning tub negizida, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, obod va farovon yashashi uchun fidoyilik bilan mehnat qilish, aholiga munosib xizmat qilish kabi olijanob maqsadlarni qamrab oladi.

Ortga qaytmas islohotlarning huquqiy asoslari jamlandi va “O‘zbekiston2030Taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi.

Insonlarning fuqarolik va mulkiy huquqlarini kafolatli himoyalash, so‘z erkinligi va davlat boshqaruvida ochiqlik siyosatini taʼminlash, yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroning hayotdan rozi bo‘lib yashashi borasida yangi davr boshlanganini eʼtirof etamiz.

Bu esa buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temurning “Kuch - adolatda” degan hikmatining bugungi kundagi ifodasi hamda hayot haqiqati ekani barchamizga maʼlum. Albatta, adolat hukm surgan jamiyatda fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchi ortadi, mamlakat taraqqiy topadi. 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich taʼkidlaganlaridek:

Huquqiy davlat – demokratik tamoyillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlatdir.

Shu maʼnoda, “O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan g‘oyaning Konstitutsiyamizda mustahkamlash qo‘yilishi, insonning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan va hurmat qilinadigan adolatli jamiyat barpo etishdir.

Qadrli bayram tadbiri ishtirokchilari!

Hurmatli Prezidentimiz joriy yilning oktyabr oyida viloyatga tashriflar chog‘ida, Qashqadaryoda barcha sohalarda vaziyat tubdan o‘zgarishi shart, buning uchun viloyatda hamma imkoniyat bor. Hamma uyg‘onishi kerak, - deya taʼkidladilar.

Bu barchamiz uchun sharaf va yuksak masʼuliyat hamdir. Agar biz, har birimiz bugungi kun talabini his qilgan holda, niyat va marrani baland olsak, albatta, ish ko‘lami va natija ham shunga yarasha bo‘ladi.

Bosh Qomusimizda har bir insonning erkin va farovon yashashi, o‘z qobiliyat va salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun mustahkam asoslar belgilab qo‘yilgan.

Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishi va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli.

So‘nggi ikki yilda, viloyatimizda umumiy qiymati 280 mln dollardan ortiq 555 ta sanoat loyihalari ishga tushirildi.

Ayniqsa, xorijlik hamkorlar bilan olib borilayotgan do‘stona aloqalar, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish va Qashqadaryoning eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Viloyatda ayni kunga qadar 317 million AQSH dollariga teng mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi.

Bu o‘tgan besh yil ichida viloyatning eskport surʼati 4 barobarga oshganini ko‘rsatadi.

Aholi farovonligini taʼminlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda hududlar infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Tashabbusli byudjet” dasturi va “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy qilinishi hududlar obodligiga katta hissa qo‘shyapti.

Bu borada viloyatdagi 4 ta mahalla, 56 ta ko‘cha va 2 249 ta xonadonning arxitektura qiyofasi tubdan yaxshilanib, hududlari obodonlashtirildi.

Belgilangan dasturlar doirasida 2,5 trln so‘m mablag‘ ajratilishi evaziga 1 684 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qiymati 530 mlrd so‘mlik 695 ta obyekt foydalanishga topshirildi.

Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ichki yo‘llar uchun 155 mlrd so‘m, ijtimoiy soha obyektlari uchun 65 mlrd so‘m va boshqa tadbirlar uchun 25 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilib, ishlar yuqori surʼatda olib borilmoqda.

Mening yo‘lim” loyihasi bo‘yicha 33 ta mahallaning ichki yo‘llari taʼmiri uchun 43 mlrd so‘m ajratildi.

Elektr taʼminotini yaxshilash bo‘yicha 324 km elektr tarmoqlari va 200 dona transformator punktlarini qurish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Yangilanishlar har bir vatandoshimizning hayotida, kundalik turmushida aks etmoqda.

Nafaqat, markazlardagi, balki chekka hududlardagi mahalla, qishloqlar obod bo‘lmoqda. Aholi bir necha yildan buyon kutib turgan muammolariga yechim topayapti.

Murojaatlari bilan ishlash, xalq bilan muloqot qilish ishi yangi bosqichda namoyon bo‘layotganini barchamiz his qilib turibmiz.

Joylarda rahbarlar tomonidan muntazam ravishda sayyor qabullar o‘tkazib, tushgan murojaatlarning yechimiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Natijada, aholi murojaatlarini o‘tgan yilga nisbatan qariyib 50 foizga kamaytirishga erishildi.

“Ayollar”, “Yoshlar”, “Temir daftar”lar orqali eʼtibor va himoyaga muhtoj aholi qatlami faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ehtiyojmand fuqarolarning tadbirkorlik qilishi, uy-joy ajratish, ijara to‘lovlarini to‘lab berish, tibbiy yordam ko‘rsatish, yoshlarning shartnoma mablag‘larini o‘tkazib berish uchun umumiy hisobda 180 mlrd so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi.

Bu esa avvalambor muhtaram yurtboshimizning Inson qadrini ulug‘lash, xalqimizga davlat xizmatchilari tomonidan adolatli va sifatli xizmat ko‘rsatilishi taʼminlash xamda eng asosiysi jonajon xalqimizni rozi qilishga qaratilgan yuksak eʼtiborlarining natijasidir, deya ishonch bilan ayta olamiz.

Shu o‘rinda, alohida taʼkidlashni istar edim, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ortiq samarali vosita yo‘q.

Aziz vohadoshlar!

Barchamizga maʼlumki, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2024-yil Qashqadaryoda sifatli taʼlim va tibbiyotni rivojlantirish yili bo‘ladi, deya eʼlon qilindi.

Biz qaysiki sohani taraqqiy etishini istar ekanmiz, buning yechimi taʼlimni rivojlantirishda ekanini anglaymiz va bu yo‘lda barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Sohadagi islohotlarning natijasi haqida so‘z ketar ekan, bu avvalo huquqiy asoslarning mustahkamligi bilan bog‘liq ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Yangilangan Konstitutsiyamizda o‘qituvchi maqomiga eʼtibor qaratildi va alohida modda qo‘shildi.

O‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida belgilandi.

Davlat - o‘qituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi Qomusimiz orqali kafolandi.

O‘quvchilarning bilim darajasining yuqori bo‘lishi, ularni xorijiy til va kasb-hunar o‘rganishi, zamonaviy axborot texnologiyalarni puxta o‘zlashtirishi bo‘yicha qilinayotgan ishlar birgina g‘oyani  – kelajak uchun qayg‘urish, najot va istak taʼlim, tarbiyada ekanini ifoda etadi.

Qadrli hamyurtlar!

Barqaror rivojlanish ko‘rsatkichlari, ko‘p jihatdan, aholi salomatligi, tibbiyot tizimining salohiyatiga uzviy bog‘liq.  

Bu borada, ham viloyatimizda qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, tibbiyotning zamonaviy usullarini yo‘lga qo‘yish maqsadida Turkiya, Hindiston, Rossiya, Belorussiya davlatlari klinikalari bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Yuqori texnologik murakkab jarrohlik amaliyotlari soni va turi ko‘paymoqda. Eng muhimi, xalqimizga viloyatning o‘zida sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Ayniqsa, zamonaviy va eng so‘nggi rusumdagi tibbiyot anjomlari bilan taʼminlangan “Ona va bola markazi”ning foydalanishga topshirilgani aholimiz uchun munosib sovg‘a bo‘ldi.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Bosh qomusimizda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlashi hamda rivojlantirishi belgilab qo‘yilgan.

Viloyatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining ahil va inoq yashashi, o‘z urf-odatlarini namoyon etishi, asrab-avaylashi yo‘lida barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Albatta, qaysi sohani olmaylik, qishloq xo‘jaligi, kimyo-texnolgiya, sanoat, ishlab chiqarish, taʼlim, tibbiyot – bo‘layotgan o‘zgarishlar va yangilanishlarning mazmun mohiyati yangilangan Konstitutsiyasimizda o‘z ifodasini topgan.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimizning xohish irodasi, qadr-qimmati hamda farovon hayotining mustahkam kafolati va poydevoridir.

Aziz do‘stlar, muhtaram bayram ishtirokchilari!

Keling, shu o‘rinda, kelgusi reja va marralar haqida fikrlashsak:

birinchidan, taʼlim sohasini rivojlantirish yuksak bosqichda davom ettiriladi. O‘qituvchilar mehnatini izchil qo‘llab-quvvatlaymiz.

Yangi loyihalarni tatbiq etish orqali o‘quvchilarning ilm olishi uchun mustahkam zamin yaratamiz.

Bu bilan axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirishi, mustaqil qaror qabul qila oladigan, kamida ikkita xorijiy tilni biladigan, dunyoqarashi keng yangi avlod vakillarini tarbiyalash ishiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

ikkinchidan, tadbirkorlarning yangidan-yangi loyihalari uchun ishbilarmonlik muhitini yaratish, xorijlik hamkorlar bilan uzviy aloqalarni mustahkamlash doimiy ishimiz bo‘ladi.

Taraqqiyotning omili yangiliklar qilish, tashabbuskor bo‘lishda. Har gal taʼkidlab aytganim kabi:

Jonkuyar, topgan sarmoyasini yurt ravnaqi uchun sarflayotgan tadbirkorlar – bizning do‘stlarimizdir!

Kelgusi yilda viloyatga 1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinadi.

Qozon shahri va O‘zbekiston – Xitoy biznes forumida kelishilgan 700 million dollarlik 40 dan ortiq loyihalarni amalga oshirish ishlari olib boriladi.

uchinchidan, yoshi ulug‘larimizning hamda xotin-qizlarimizning salomatligini muhofaza qilish ishlari mehr va g‘amxo‘rlik bilan davom ettiriladi.

Tibbiy ko‘riklar orqali kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lom turmush tarzini joriy etish masalalari yana-da kuchaytiriladi.

Shuningdek, oilada kamolga yetayotgan munis qizlarimizni o‘qitish, ilmli bo‘lishi uchun zarur mablag‘lar yo‘naltiriladi.

to‘rtinchidan, dasturxonlarimiz to‘kinligi, hayotimiz farovonligini taʼminlayotgan bobodehqonlarning zahmatli mehnatlarini qadrlagan holda, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish ishi asosiy eʼtiborimizda bo‘ladi.

beshinchidan, yoshlarining huquqiy bilimlarini oshirish, ularning vatanga sadoqat, ona xalqimizga hurmat ruhida kamol topishlari – dolzarb va hamisha ustuvor masaladir.

Oila–mahalla–taʼlim maskani konsepsiyasi asosida tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Yangi kutubxonalar qurish, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash, aksiyalar, tanlovlar tashkil etish orqali yangi isteʼdod egalari kashf etiladi.

oltinchidan, Ona tabiatni asrash, mavjud tabiiy resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha viloyat miqyosida bir qator zamonaviy va hayotiy loyihalar ishlab chiqilgan. Kelgusi yilda bu loyihalar keng jamoatchilik ishtirokida manzilli davom ettiraladi.

Elektr energiya, gaz va suvdan maqsadli foydalanish ishi eʼtiborimizda bo‘ladi.

yettinchidan, viloyat miqyosida bunyodkorlik ishlari yuksak marrada olib boriladi.

Aholi uchun turar joylar barpo etish, Yangi O‘zbekiston massivlari hamda qishloq, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, maktablar, bog‘cha, tibbiyot maskanlari qurish ishlari uchun zarur mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek: Har bir insonga munosib sharoit yaratish maqsadimiz va burchimiz bo‘ladi.

Aziz bayram ishtirokchilari!

Bugungi davr oldimizga yangi marra, talablarni qo‘ymoqda.

Har kuni izlanish, shu yurtning ertasi uchun qayg‘urish, bosh Qomusimizda belgilab qo‘yilgan vazifalarni astoydil bajarish, tinch va osoyishta kunlarni qadriga yetib, yoniq yurak bilan mehnat qilish – umr mazmuni, oliy burch ekanini barchamiz teran anglaymiz.

Barchangizni Yangi hayot, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun birlashib, hamisha ilg‘or g‘oya va tashabbuslar bilan yashashga chaqiraman.

Yana bir bor, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni muborak bo‘lsin.

Jonajon Vatanimiz uchun sadoqat bilan mehnat qilib, uning tinchligi, xavfsizligi hamda taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shish nasib qilsin.   

Tinch va farovon hayotimizga ko‘z tegmasin.

Bayramingiz muborak bo‘lsin.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

07-12-2023 |
Foto galereya