Assalomu alaykum aziz hamyurtlar!

Muhtaram nuroniylar, hurmatli mehmonlar, qadrli yoshlar!
Avvalo, barchangizni, siz orqali viloyatimiz ahlini mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi bilan samimiy tabriklayman.

Hurmatli vohadoshlar!

Mustaqillik – Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida butunlay yangi bir davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea! Yillar o‘tgani sari biz bu oliy neʼmatning qadrini tobora chuqur his qilayapmiz.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari hamda xalqparvarliklari evaziga yurtimizda islohotlar izchil, yangi bir bosqichda olib borilmoqda.

Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot darajasi, shonu shuhratiga mos tarzda mustaqillik bayramining o‘ttiz ikki yilligini xalqimiz “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” g‘oyasi asosida baland ruh va ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlamoqda.

Aziz bayram ishtirokchilari!

So‘nggi yillarda mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilgan yangilanish, o‘zgarishlar pirovard maqsad – inson shaʼnini ulug‘lashga, unga munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilayapti.

Yurtdoshlarimizning xohish-irodasi hamda takliflari asosida Konstutitsiyamiz yangi tahrirda qabul qilindi. Yangi O‘zbekistonga xos bo‘lgan, yangilangan Konstitutsiya “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini to‘laqonli taʼminlaydi.  

Qadrli do‘stlar!

Jonajon Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi viloyatimizda ham bir qator muvaffaqiyatlar bilan nishonlanmoqda. Ahdni mustahkam qo‘yib, marrani baland olish – har bir ishimizda ustuvorlik qilayapti.

Xabaringiz bor, bir necha kun avval hurmatli Prezidentimiz tadbirkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvda, shu zaminga sadoqat bilan xizmat qilib,  izlanishdan, o‘zini qiynashdan charchamaydigan insonlarni hamisha qo‘llab-quvvatlashlari  haqida taʼkidladilar.

Agar bu daʼvatni har birimiz o‘z qalbimizdan o‘tkazsak, yaʼni talabni yuqori qo‘ysak, ish ko‘lami va natija ham shunga yarasha bo‘ladi.

Viloyatimizda 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan, umumiy qiymati 1 mlrd AQSH dollardan ortiq 500 ga yaqin sanoat va boshqa loyihalar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida 5 000 ga yaqin kichik biznes subyekti yangidan tashkil qilindi.

Mahallalar infratuzilmasini yana-da yaxshilash dasturiga asosan qiymati 530 mlrd so‘mlik 687 ta obyekt foydalanishga topshirildi, 2,5 trln so‘m mablag‘ ajratilishi evaziga 1 700 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Tashabbusli byudjet” va “Mening yo‘lim” loyihalari doirasida ichki yo‘llarning taʼmiri uchun 200 mlrdga yaqin, ijtimoiy soha obyektlari uchun 65 mlrd so‘m va boshqa tadbirlar uchun 25 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilib, ishlar yuqori surʼatda olib borilmoqda.

Elektr taʼminotini yaxshilash bo‘yicha 324 km elektr tarmoqlari va 200 dona transformator punktlarini qurish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Bu kabi keng ko‘lamli ishlar mamlakatimizda ilgari surilayotgan “Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak” degan ustivor g‘oyaning hayotiy ifodasi bo‘lib, har bir yurtdoshimizning taqdirida aks etmoqda. Mahalla, qishloqlar obod bo‘lmoqda. Bir necha yildan buyon yechimini kutib turgan muammolarga barham berilmoqda.

Viloyatning eskport salohiyati o‘tgan besh yil ichida 6 barobarga, hududiy eksport ko‘rsatkichi 10 barobarga oshdi.

Dasturxonlarimiz to‘kinligi, bozorlarimizning mo‘l-ko‘lligi haqida so‘z borar ekan, bobodehqonlar, qishloq xo‘jaligi xodimlarining mehnatini alohida eʼtirof etamiz.

Joriy mavsumda 1 mln tonnadan ziyod g‘alla yetishtirildi va davlatga 400 ming tonna boshoqli don topshirildi.

Iqlim har yildagidan ko‘ra issiq va o‘zgaruvchan kelishiga qaramasdan, yuksak tajribaga ega usta dehqonlarning maslahat va yo‘riqlariga amal qilgan holda, 137 ming 500 gektar maydonda paxta parvarish qilinyapti. Viloyatning ulkan paxta xirmonini  500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

2023-yil – Insonga eʼtibor, sifatli taʼlim yilida taraqqiyotning bosh o‘zagi bo‘lgan taʼlim-tarbiya ishlarini rivojlantirish, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimiz uchun barcha zarur imkoniyatlarni yaratish ishi – asosiy eʼtiborimizdagi vazifa bo‘layotganini faxr bilan aytaman.

Yil yakuniga qadar 99 ta maktabda 276 mlrd so‘m qurilish ishlari olib borilib 17 ming o‘quv o‘rni yaratiladi, 35 ta maktabgacha taʼlim muassasasi uchun 158 mlrd so‘mlik, shuningdek, 10 dan ortiq madaniyat va  sport obyektlarida  14 mlrd so‘mlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajariladi.

Albatta, najot taʼlimda, najot tarbiyada, najot bilimda! Bugun biz barpo etayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni - bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilari ekan, elimiz albatta, ularga ishonadi va ular bergan saboq, ilm va bilim bilan taraqqiyotning yuksak pog‘onasiga ko‘tarilamiz.

Qadrli hamyurtlar!

Tibbiyot sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, tadbirkorlikni keng jalb etish evaziga Qashqadaryoda ham nufuzli klinika va ilmiy tadqiqot markazlarning filiallari ishlab turibdi. Murakkab jarrohlik amaliyotlari viloyatimizda amalga oshirilmoqda. Natijada poytaxtdagi va xorijiy davlatlardagi klinikalarga bo‘lgan murojaatlar soni keskin kamaydi.

Bu esa sohada malakali kadrlar yetishib chiqayotgani, odamlarimiz uchun qulayliklarni yaratilib, zamonaviy tibbiy faoliyatni joriy etilayotganini ko‘rsatadi. Yil yakuniga qadar 45 ta sog‘liqni saqlash muassasasida 122 mlrd so‘mlik qurilish ishlari olib boriladi.

Murojaatlar bilan ishlash, odamlarning muammolarini joyida hal qilish bo‘yicha tizimli ravishda sayyor qabullar, doimiy muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda.

Aholining ehtiyojmand qatlamlarining tadbirkorlik qilishi, ularga uy-joy ajratish, ijara to‘lovlarini to‘lab berish, tibbiy yordam ko‘rsatish, talabalarning shartnoma mablag‘larini o‘tkazib berish uchun umumiy hisobda 125 mlrd so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi.

Muhtaram Prezidentimiz Qashqadaryoga va voha odamlariga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, bu yerda ulkan salohiyat, zarur resurslar borligini, shunga munosib aholi ham farovon va to‘kis yashashi lozimligi haqida mehr bilan aytadilar. Bu esa har birimizning zimmamizga maʼsuliyat yuklaydi va islohotlar jarayonida faol, fidoyi bo‘lishga chaqiradi.

Qadrli hamyurtlar!

Reja va marralarni yana-da baland olish, shunga munosib mehnat qilish pirovard maqsadimiz bo‘ladi:

birinchidan, taʼlim sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib, ilmga chanqoq farzandlarimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishni yo‘lga qo‘yish hamda ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish borasidagi ishlarimizni yuksak eʼtibor bilan davom ettiramiz. Bu orqali bilimli, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, kamida ikkita xorijiy tilni biladigan, dunyoqarashi keng yangi avlod vakillarini tarbiyalash ishiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

ikkinchidan, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash kundalik ishimiz bo‘ladi. Chunki, shunday oddiy haqiqat bor, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali – hayotimiz farovonligi taʼminlanadi. Taʼlim, tibbiyot, sanoat, iqtisodiyot ravnaq topadi. Elimiz uchun jonkuyar bo‘lgan, topgan sarmoyasini yurt ravnaqi uchun sarflayotgan tadbirkorlar – bizning qadrdon do‘stlarimizdir!

uchinchidan, xotin-qizlarimizning ilmli, maʼrifatli bo‘lishi hamda ularning salomatligi asrash borasidagi ishlar eʼtibor va g‘amxo‘rlik bilan davom ettiriladi. Qizlarimizni o‘qitishga barcha kuch va imkoniyat, mablag‘lar yo‘naltiriladi. Zero, ayolni eʼzozlash orqali oilalar mustahkamligiga erishamiz.

to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida daladan-dasturxongacha tamoyili asosida ishlarni tashkil etish, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, zarur suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish tizimli asosda olib boriladi.

beshinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojni qondirish borasida yangi texnologiyalar joriy etiladi. Bu orqali odamlarimizning sog‘lom hayot kechirishi va uzoq umr ko‘rishi uchun zamin yaratiladi.

oltinchidan, yoshlarimizning umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol topishi borasidagi ishlarni keng ko‘lamda olib boramiz. Oila–mahalla–taʼlim maskani konsepsiyasi asosida tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi hamda bu ishlarda namuna ko‘rsatgan jonkuyarlar rag‘batlantiriladi. Yangi kutubxonalar qurish, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash, aksiyalar, tanlovlar tashkil etish orqali yangi isteʼdod egalari kashf etiladi.

yettinchidan, aholini ijtimoiy himoya qilish, qulayliklar yaratish, qurilish bunyodkorlik ishlari yuqori surʼatda olib boriladi. Yangi O‘zbekiston massivlari hamda qishloq, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, maktablar, bog‘cha, tibbiyot maskanlari qurish ishlari uchun zarur mablag‘larni yo‘naltiramiz.

Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek: Har bir insonga munosib sharoit yaratish maqsadimiz va burchimiz bo‘ladi.

Aziz bayram ishtirokchilari!

Dunyoda kechayotgan murakkab siyosiy-iqtisodiy vaziyat barchamizdan teran fikr, uyg‘oq qalb bilan atrofga boqishni talab qilmoqda. Eng katta boyligimiz xalqimizning osuda hayotidir. Tinchligimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, dorilomon kunlarni qadriga yetish – oliy burchimiz bo‘lishi kerak.

Jamiyat rivoji yo‘lida o‘z maslahati va hayoti bilan o‘rnak bo‘layotgan nuroniylarimizga;
tinchligimizni asrash, osoyishtaligimizni saqlash borasida ertayu kech mehnat qilayotgan huquqni muhofaza qiluvchi soha vakillariga, harbiylarga;
bilim va tajribasini yosh avlod kamoliga sarflayotgan olimu ziyolilar, ijodkorlarga;
tibbiyot, taʼlim, iqtisodiyot sohasi xodimlariga;
fermer va usta dehqonlarga;
mahalla faollari, tadbirkorlarimizga;
ishonchimiz, umidimiz bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizga;
vatanimiz ravnaqi uchun jonkuyar bo‘lgan barcha hamyurtlarimizga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.

Yangi hayot, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun birlashib, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarni hayotga tatbiq etib, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan dastur va loyihalar ijrosi yo‘lida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlasak, ko‘zlagan marralarimizga albatta yetamiz. Viloyatimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shamiz.

Aziz hamyurtlar!

Yana bir bor, davlatimiz  mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi bilan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayz va baraka tilayman.

Jonajon Vatanimiz uchun sadoqat bilan mehnat qilish – oliy  maqsadimiz bo‘lsin.
Bilim va mehnat bilan qadr topish nasib qilsin.
Ozod va obod Vatanimizga ko‘z tegmasin!
Mustaqillik bayramingiz muborak bo‘lsin.

29-08-2023 |
Foto galereya