Zaminimizda unib-о‘sadigan mevalar totli va vitaminlarga boy, ekologik bezarardir. Pishib yetildimi, ularga hatto xorijdan ham shu zahoti xaridor topiladi. Ham yurtimiz aholisi, ham chet elliklarni ushbu ajoyib noz-ne’matlardan birdek bahramand qilishda shubhasiz sohibkor bog‘bonlarimizning hissasi katta. Ularning say-harakati bilan bugun bozorlarimiz turfa mahsulotlarga tо‘la, iste’moldan ortgani esa eksportga yо‘llanayapti.

Kitob tumanidagi "Ozodbek Foziljonovich" fermer xо‘jaligi ham bog‘dorchilikka ixtisoslashgan bо‘lib, tasarrufidagi 10 gektar yerning qariyb yarmida olxо‘ri, qolgan qismida gilos parvarishlanayapti. Hozir bog‘ ayni kuchga kirgan payt.    Olxо‘ri daraxtlari ekilganiga ham 8 yil bо‘libdi. Shu kunlarda esa hosil terib olinib, elimiz dasturxoniga peshma-pesh yetkazib berilmoqda. Fermer о‘z mahsulotini tashqi bozorga ham chiqarishga ulgurgani e’tiborlidir.

- Qozog‘istonlik hamkorlarimizga 4 tonna   olxо‘ri sotdik, - deydi xо‘jalik ish boshqaruvchisi Foziljon Vohidov. - Nafaqat mazasi, balki tashqi kо‘rinishi ham eksport talabiga mos. Mevasi yirik-yirik, naq olmadek. Xaridorlarga esa bu juda ma’qul keldi. Hozircha shu bilan kifoyalandik. Chunki noqulay ob-havo sabab hosilning asosiy qismini yо‘qotdik. Kelgusida eksport uchun kо‘proq ishlashni reja qilganmiz. Olxо‘ridan    tashqari gilosni ham taklif etmoqchimiz. Mahsulot sifati yaqinda xо‘jaligimizda mehmon bо‘lgan chet elliklarni ham qanoatlantirdi.

Bog‘bonning aytishicha, bu yilgi mavsumda yana kо‘p miqdorda uzum eksportini amalga oshirish ham maqsad qilingan. Allaqachon kelishuvga ham erishilgan. Mо‘ljaldagi mahsulotni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan yig‘ib olish kо‘zda tutilmoqda.

M.JО‘RAYEV

Suratlarda: Kitob tumanidagi "Ozodbek Foziljonovich"

fermer xо‘jaligi bog‘idan  lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

12-06-2019 |
Foto galereya