Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan bir guruh mutaxassislar buyuk vatandoshimiz Abul Muin an-Nasafiy ilmiy merosini о‘rganish bо‘yicha Turkiyada bо‘lib turibdi.

Ma’lumki, buyuk vatandoshimiz Abul Muin an-Nasafiy kalom ilmi allomasi, faqih va usuliyotchi olim sifatida shuhrat qozongan siymo sanaladi. Shu bois alloma ilmiy merosini о‘rganishga dunyoda qiziqish baland. Misol uchun, "Bahrul kalom" asarining qimmatli qо‘lyozmalaridan biri Dubaydagi Jum’a al-Mojid nomli madaniyat va meros markazida, ikkinchisi Damashqdagi az-Zohiriya kutubxonasi qо‘lyozmalar bо‘limida, uchinchisi Bag‘doddagi "Maktabat al-avqof-da"da, tо‘rtinchisi Qohiradagi mashhur "Doru-l-kutub" qо‘lyozmalar bо‘limida saqlanadi. Ushbu qо‘lyozmaning oddiy xatda kо‘chirilgan boshqa bir nusxasi Iskandariyaning (Misr) "Maktabat al-baladiyya" nomli kutubxonasida saqlanmoqda.

Shunday nodir asarlar namunalarini Turkiyada ham topish mumkin. Jumladan, Nasafiyning "Qasiyd al-qavoid fi ilm al-aqoid" asari bir qо‘lyozma nusxasi Istanbul universiteti kutubxonasida, "Manohij al-aimmati fi-l-furu’" kitobi nusxasi Istanbuldagi "Lolaliy" kutubxonasida saqlansa, kо‘plab kitoblari turk tiliga о‘girilib, о‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan.

Yurtimiz mutaxassislarining Turkiyaga safari bundan ming yil oldin ham jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan alloma ilmiy merosi bо‘yicha izlanishlar olib borish, asarlari qо‘lyozmalari bilan tanishish, ulardan nusxa olish, xarid qilish hamda kelgusida hamkorlik masalalariga qaratildi.

Dastlabki uchrashuv Anqara universiteti ilohiyot fakulteti professor-о‘qituvchilari ishtirokida bо‘lib о‘tdi. Muassasa professor о‘qituvchilari Ali Sha’bon, Sо‘nmes Kutlu, Ismoil Haqqiy Abul Muin Nasafiy merosining bugungi kundagi mafkuraviy ahamiyati bо‘yicha fikr-mulohazalarini bayon qilishdi.

- Turkiyada Abul Muin Nasafiy asarlari qariyb yuz yildan oshiq vaqtdan buyon о‘rganilgani bizga faxr bag‘ishladi, - deydi О‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti Saidmuxtor Oqilov. - Qо‘hna Nasafdan yetishib chiqqan buyuk alloma merosiga qiziqish yuqori ekanligi bizni hayratga soldi. Ishonamanki, ilmiy safarimiz natijalari Abul Muin Nasafiy merosi bо‘yicha tadqiqotlarga keng yо‘l ochadi.

Tadbirda allomaning "Tabsirat al-adilla" asari о‘zbek tilidagi tarjima nashrining taqdimoti о‘tkazildi. Ishtirokchilar universitetning qо‘lyozmalar fondi bilan tanishishdi.

- Bu yerdagi mavjud manbalar raqamlashtirilgan, elektron bazasi, qо‘lyozmalardan foydalanishning barcha imkoniyatlari yaratilgan, - deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bо‘lim mudiri Ergash Daminov. - Menga ma’qul jihati, ajdodlarimiz, xususan, imom Moturidiy va Abul Muin Nasafiy asarlari, ularga bag‘ishlab qilingan tadqiqotlar alohida bо‘limda saqlanar ekan.

Shundan sо‘ng kun mavzusi Anqaradagi Turkiya strategik tafakkur institutida tashkil qilingan "Tafakkur dunyosining me’mori: Abul Muin Nasafiy" deb nomlangan davra suhbatiga kо‘chdi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bо‘lim mudiri, islomshunos olim Ergash Daminov, О‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti Saidmuxtor Oqilov, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyat bо‘limi rahbari Lola Saodatova, shuningdek, Turkiyaning Strategik tafakkur instituti direktori Muhammet Savash Kafkasvali, Diyonat ishlari sobiq mudiri, professor Mehmet Gurmesh, Anqara universiteti professori Sо‘nmez Kutlu va boshqa mutaxassislar Abul Muin an-Nasafiy qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy meros nafaqat о‘z zamoni uchun, balki hozirgi davrda ham amaliy ahamiyatga ega ta’limot sifatida har tomonlama chuqur о‘rganishga loyiq ekanini qayd etishdi. Kelajakda ikki davlat olimlari hamkorlikda olib boradigan tadqiqotlar yо‘nalishlari kelishib olindi.

Delegatsiya a’zolari Turkiyaning ISAM (Islom tadqiqotlar markazi) kutubxonasida bо‘lib, allomaning asarlari, ilmiy tadqiqotlar bilan tanishdilar. Mavjud asarlardan nusxa olish, xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Turkiya safari davom etmoqda.

B.SAYFIYEV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

 

23-07-2019 |
Foto galereya