Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida Markaziy bankning viloyat boshqarmasi hamda tuman hokimligi tashabbusi bilan samaradorligi kam bo‘lgan 254 gektar yer maydonida barpo etiladigan zamonaviy kompleksni loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tuman iqtisodiyoti va sanoatini rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash va barqarorligini taʼminlash maqsadida hayotga tatbiq etilayotgan mazkur loyihaga 90 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, shundan 78 milliard so‘mi bank kreditlari asosida olinadi. Ushbu mablag‘lar hisobiga 254 gektarlik komleksda 110 ta loyiha ish boshlashi  ko‘zda tutilgan. Xususan, har qaysisi bir gektardan iborat bo‘lgan 52 ta limonariy, 200 gektarlik maydonda esa intensiv usulda bodomzor, o‘rikzor va tokzorlar bunyod etiladi. Bundan tashqari, majmuadan parrandachilik fabrikasi, intensiv baliq ko‘li, 1000 tonnali sovutkichli sig‘im, sutni qayta ishlash va tomat pastasini ishlab chiqarish mini zavodlari o‘rin oladi. Kooperatsiya atrofiga konteynerlar joylashtirilib, ularda tikuvchilik, tadbirkorlikka o‘qitish markazlari, shirinliklar, non va non mahsulotlari, makaron ishlab chiqarish, muzqaymoq, qurut tayyorlash, asal va pista qadoqlash, isiriq presslash sexlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Zamonaviy komplek joylashadigan Qarshi-Mirishkor yo‘li yoqasida esa “aqlli bekat”, mini market, kafe, shuningdek, o‘g‘it, kimyoviy vositalar hamda urug‘liklar do‘koni qurish rejalashtirilgan.

          – Tashkil etiladigan limonariylarda limonlar hosilga kirgunga qadar yonida pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlar yetishtirish mumkin, – dedi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev. – Shu orqali tadbirkorlarning limonariy qurish uchun sarflangan xarajatlari qoplanib, foyda olishga o‘tiladi. Intensiv bog‘ yaratish va nav tanlashda esa hududning tabiiy iqlim sharoitiga alohida eʼtibor qaratish zarur. Bu borada aniq va to‘g‘ri chora-tadbirlar qo‘llanilmasa, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Hozirda tumanning boshqa hududlarida ham samaradorligi kam bo‘lgan yaxlit joylarni tanlab olib, uzumchilik, bog‘dorchilik komplekslari tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Taqdimotda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish mexanizmlari hamda moliyalashtirish manbalari haqida maʼlumotlar berildi. So‘ngra shu joy odamlarining udumiga ko‘ra, yerga xayrli ish boshlanganini anglatuvchi ramziy qoziq qoqildi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi Axborot xizmati.

26-05-2020 |
Foto galereya