Yurtboshimiz tomonlaridan yuborilgan “Prezident sovg‘asi” va shu munosabat bilan o‘tkazilayotgan bayram tantanalari bolajonlar uchun unutilmas onlarni tuhfa etmoqda.

Sovg‘alar “Muruvvat” bolalar internat uyi, oilaviy mehribonlik uylari, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan bolajonlarga tantanali tarzda topshirilmoqda.

Dastlab viloyat hokimi Murotjon Azimov hamda soha masʼullari Qarshi shahrida qad rostlagan zamonaviy Qo‘g‘irchoq teatrida prezident sovg‘alarini jajji bolajonlarga topshirdi.

Shundan so'ng, rahbarlarning navbatdagi manzili qorbobo-qorqiz va ertak qahramonlari hamrohligida Qarshi “Muruvvat” bolalar internat uyi bo‘ldi. Shuningdek, Qarshi shahridagi “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida ham bolajonlarga bayram dasturi tashkil etilib, "Prezident sovg‘asi" viloyat hokimi tomonidan ulashildi.

Maʼlumot uchun, viloyatimiz bo‘ylab sektor rahbarlari, tuman va shahar hokimlari ishtirokida 1010 nafar bolajonlarning har biriga “Prezident sovg‘asi” topshirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, viloyat hokimi topshirig‘iga ko'ra, hokimliklar, tashkilotlar va saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan bayram munosabati bilan 15000 nafardan ziyod bolajonlarga yangi yil sovg‘alari, 5000 tadan ortiq kam taʼminlangan xonadonlarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilishi belgilangan.

28-12-2023 |
Foto galereya