Bugun viloyat hokimi Murotjon Azimov va Ko‘kdala tumani hokimi Xurram Jo‘rayevlar kompaniya bosh direktori Spagnolo Renato, bosh direktorning mintaqaviy loyihalar bo‘yicha o‘rinbosari Moreschi Marko va kompaniyaning O‘zbekistondagi ijrochi direktori Inagomdjanov Dovrug‘lar bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Maʼlumot o‘rnida, Ko‘kdala tumani hokimi boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 8-sentabr kuni Italiya davlatida bo‘lib, mashhur italyan brendi hisoblangan “COTONELLA” brendini Ko‘kdalaga olib kelish yuzasidan muzokaralar olib borgan edi. Natijada tumanda yangi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan va memorandum imzolangan edi.

5 mln. dollar sarmoya evaziga Ko‘kdalada tashkil etilayotgan mazkur korxona tomonidan yiliga 8 mln. donagacha tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish va Yevropa bozorlariga eksport qilish rejalashtirilgan.

Birinchi bosqichda 1 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinib, 100 ta doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Kelgusida korxonada mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini yiliga 8 mln. donaga yetkazib, 500 nafar mahalliy aholi bandligi taʼminlanadi va Italiyaning yetakchi tikuv texnologiyalari va malakali mutaxassislari jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.

Bugungi uchrashuvda tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishib olishdi.

08-11-2023 |
Foto galereya