Adashganlarga tо‘g‘ri yо‘l kо‘rsatish, ularga nisbatan bag‘rikeng va kechirimli bо‘lish xalqimizga xos ezgu xislatdir. Bu borada davlat  rahbari va hukumatimiz tomonidan ham bir qancha savobli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz  shu yil yanvar oyida qabul qilgan "Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning mehnat bilan bandligini ta’minlash bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qaror ana shunday ezgu ishlarning mantiqiy davomi bо‘ldi.

Qarorga muvofiq, viloyatimizdagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini о‘tayotgan mahkumlarning bir guruhiga shu yilning may-iyun oylari davomida "Ustoz-shogird" an’analari asosida mehnat bozoridagi talab yuqori bо‘lgan hunar turlari -  yog‘och о‘ymakorligi, metalldan buyumlar yasash, qо‘lda gilam tо‘qish, mebellar, milliy liboslar va poyabzallar tayyorlash  о‘rgatildi.

Kecha "Hunarmand" uyushmasi viloyat bо‘limi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Qarshi shahridagi Bekmir madrasasida ularning ikki oylik mehnatlari mahsuli - 50 turga yaqin hunarmandchilik mahsulotlari kо‘rgazma-savdosi tashkil etildi. Bir-biridan bejirim gilamlar, yog‘ochdan yasalgan mebellar va buyumlar, ayollar va erkaklar bosh kiyimlari, kulolchilik mahsulotlarini kо‘rib kо‘zingiz quvnaydi.

- Qо‘limdagi mana shu naqshinkor shaxmat taxtasini 25 yoshli shogirdim tayyorladi, - deydi faxriy hunarmand, yog‘och о‘ymakori  Rahim Aliboyev. - U avval bu hunar bilan shug‘ullanmagan, iqtidori bor ekan, tezda о‘rganib oldi. Bu buyumning bejirimligiga qarang. Bunday gо‘zallikni yaratgan qо‘llar sohibining qalbi ham chiroyli bо‘ladi, albatta. Ishonch bilan ayta olamanki, u ozodlikka chiqsa, boshqa egri yо‘lga kirmaydi. Sababi, endi qо‘lida gulday hunari bor.

Rahim Aliboyevning jazoni ijro etish muassasasida о‘nga yaqin shogirdi bor. Ularning qо‘l mehnatidan yaralgan zeb-ziynat sandiqchalari, shaxmat  taxtalari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

- Hech kim onadan jinoyatchi bо‘lib dunyoga kelmaydi, uni egri yо‘lga boshlovchi minglab omillarni sanab о‘tishim mumkin, - deydi "Hunarmand" uyushmasi  viloyat bо‘limi bosh mutaxassisi Durdona Amanova. - Maqsadimiz -  jazo о‘tayotgan kishilarga jamiyatga qaytish, oilalari va yaqinlari uchun kerakli inson ekanliklarini teranroq anglash uchun kо‘mak berishdir. Qisman bunga erishdik ham. Bugun jazoni ijro etish muassasalarida vohamiz hunarmandlarining 80 nafarga yaqin qо‘li gul shogirdlari bor.

Aytish joiz, yarmarkadan tushgan mablag‘larning sarf-xarajatlardan ortgan qismi mahkumlarning  о‘zlariga taqdim etilishi kо‘zda tutilgan.

Z.NAZIROVA

Muallif olgan suratlar.

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

28-07-2019 |
Foto galereya