Konstitutsiya davlatimizning Asosiy qonuni sanalib, unda fuqarolarning huquq va erkinliklari mujassamlashgan.

Konstitutsiyaga so‘zsiz amal qilish barchamizning burchimiz hisoblanadi. Qabul qilinayotgan har bir qonun va qonunosti normativ huquqiy hujjatlar Konstitutsiyaga asoslanadi.

Konstitutsiya muhim siyosiy hujjat bo‘lib, davlat siyosiy tizimning asosini tashkil etadi. Ushbu tizim mamlakatning olib borayotgan siyosiy maydondagi faoliyati orqali jamiyatda inson huquqlari va erkinliklarining buzilishidan himoya etish uchun xizmat qiladi.

Xalqimizning erkin va farovon yashashi, sog‘lom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash hozirgi kunda davlatimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan 2023-yil 11-sentabrda “O‘zbekiston-2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-300-sonli qarori qabul qilindi.

Qayd etilgan qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Boqichma-bosqich barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari taʼlim planshetlari bilan taʼminlanadi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan belgilangan umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining kasb-hunar egasi bo‘lish istagidagi 10-sinf o‘quvchilari uchun kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslari joriy etiladi.

Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy o‘rta taʼlim muassasalari uchun «tayanch maktab» etib belgilanadi.

Virusli gepatitning “S” turi bilan kasallangan hamda gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni to‘liq Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolash yo‘lga qo‘yiladi.

2023-yil 1-oktabrdan boshlab og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida «ijtimoiy xizmat ishi»ni yuritish tartibi joriy etiladi.

Bunda, ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularni davolash, dori vositalari bilan taʼminlash, farzandlarini maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlariga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan taʼminlash ishlari “vaucher” tizimi asosida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Bunda, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tovar va xizmatlarni o‘zlari tanlagan yetkazib beruvchidan xarid qilish imkoniyati yaratiladi va ularning xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda «Mahalla byudjeti» tizimi joriy etiladi hamda tuman va shahar byudjetlariga tushadigan soliq tushumlarining bir qismi mahallalarning ijtimoiy-iktisodiy muammolarini hal qilish jamg‘armalariga yo‘naltiriladi.

Aytish joizki, qabul qilinayotgan barcha qonun va qonunosti hujjatlar xalqimizning farovon yashashi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratiladi.

 

Viloyat hokimligi yuridik
xizmat bosh yuriskonsulti Sh.Kushokov

02-12-2023 |
Foto galereya